Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi bo‘yicha o‘quv-seminar tashkil qilindi

16:29 - 14 Iyun 2023 Yangiliklar
970

Samarqand viloyatining davlat organlari va tashkilotlaridagi Inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish bo‘limi masʼul xodimlari uchun yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi bo‘yicha o‘quv-seminar tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi davlat fuqarolik xizmati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi deb belgilangan.

Shunga muvofiq, Agentlik va uning hududiy filiallari tomonidan muntazam ravishda davlat organlari va tashkilotlarining Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘limlari rahbar va xodimlarining faoliyati monitoring qilib boriladi hamda ularning bilim, malaka va ko‘nikmasini rivojlantirish maqsadida muntazam ravishda malaka oshirish kurslari, o‘quv-seminarlar hamda trening mashg‘ulotlari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan. 
Samarqand viloyatida hududiy tashkilotlarning Inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish bo‘limi boshliqlariga 3 kun (20 soat) ga mo‘ljallangan offlayn hamda tuman (shahar) bo‘limida faoliyat yuritayotgan masʼul xodimlar uchun onlayn (ZOOM platformasi orqali) seminar tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati Kengashi, viloyat Adliya boshqarmasi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi hamda Samarqand viloyati Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi masʼul xodimlari mavzu yuzasidan maʼruza bilan ishtirok etishdi.

Seminar davomida ishtirokchilarga yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining eski kodeks bilan tafovutlari tushuntirib berildi. Ayniqsa, bugungi kunda masʼullar uchun dolzarb bo‘lgan mavzular, masalan, davlat xizmatchilari necha kalendar kuni mehnat taʼtiliga chiqarilishi, jamoa va mehnat shartnomalari yangi Kodeksga asosan qayta tuzilishi yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Ushbu o‘quv-seminar masʼullarning huquqiy jihatdan bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga, ish jarayonida yuzaga kelayotgan muammoli vaziyatlarga yechim topishga xizmat qiladi.


Davlat xizmatini rivojlantirish 

agentligi Samarqand viloyat filiali

Chop etish