“Kelajak liderlari” maxsus malaka oshirish dasturining yangi mavsumi boshlandi

11:19 - 4 Noyabr 2024 Yangiliklar
279

Dasturning ochilish marosimi Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutida tashkil qilindi. Unda Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Institut rahbariyati, masʼul vakillari, hamkorlar, Dastur ishtirokchilari hamda OAV vakillari ishtirok etdi. 

O‘quv dasturi davlat fuqarolik xizmatida faoliyat yuritayotgan o‘rta bo‘g‘in boshqaruv rahbarlarining strategik fikrlash, tizimli tahlil, sunʼiy intellekt asoslari va qo‘llanishi, muloqot madaniyati, muammolarni manzilli hal etish, islohotlar va jadal rivojlanish davrida transformatsion liderlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan. 

Taʼkidlash kerakki, “Kelajak liderlari” o‘quv dasturi 2021-yildan beri tashkil etib kelinmoqda. Bugunga qadar 200 nafar yosh davlat xizmatchilari mazkur loyihada malakasini oshirdi va masʼul vazifalarda faoliyat yuritmoqda. 

Dasturning navbatdagi mavsumi uchun ham respublikaning 14 ta hududida faoliyat olib borayotgan, Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan iqtidorli va salohiyatli davlat xizmatchilari ichidan 50 nafari saralab olindi. 

Tinglovchilar 4 hafta davomida zamonaviy taʼlim usullari asosida nafaqat institut professor-o‘qituvchilari, balki vazirlik va idoralar rahbarlari tomonidan ham o‘tiladigan o‘quv-treninglarda qatnashishadi.

Amaliy fanlar orqali strategik tahlil va rejalashtirish, sunʼiy intellekt asoslari va qo‘llanishi,  davlat-xususiy sherikchilik asoslari kabi yo‘nalishlarda ham professional ko‘nikmalarini oshirishadi. 

Dasturni muvffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga Sertifikat beriladi hamda lavozimda o‘sishlarining tashkiliy masalalari ko‘riladi.

Ochilish marosimi davomida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik Memorandumi imzolandi. Memorandum o‘quv dasturining samaradorligi va natijadorligini oshirishga yo‘naltirilgan. 

Chop etish