Bir guruh davlat xizmatchilari Turkiyada

10:47 - 25 Mart 2022 Yangiliklar
686

Davlatimiz rahbarining 2021-yil 17-18-iyun kunlari Andijon viloyatiga tashrifi davomida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida  Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan hududdagi bir guruh davlat xizmatchilari, Agentlik vakillari va Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlardan iborat delegatsiya boshqaruvda Turkiya tajribasini o‘rganish maqsadida malaka oshirishga yuborildi.

Xizmat safari davomida Anqara, Istanbul va Konya munitsipalitetlariga tashrif buyurish va shaharsozlik, energetika, sanoat zonalarini tashkil etish, transport infrastrukturasini rivojlantirish, suv resurslari va irrigatsiya tizimlarini boshqarish kabi sohalarda uchrashuvlar hamda amaliy mashg‘ulotlar tashkil etish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari oldiga davlat boshqaruvi va davlat xizmatida ilg‘or axborot-kommunikatsiya tizimlari, Smart City, 5G texnologiyalarini joriy qilish kabi yo‘nalishlarda tajriba orttirish hamda davlat xizmatida raqamlashtirish, inson resurslarini boshqarish bo‘yicha joriy qilingan axborot-elektron platformalarini o‘rganish vazifalari qo‘yilgan.

Ayni shu maqsadda delegatsiya aʼzolari Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Inson resurslari ofisi amaliy yordami va bevosita hamrohligida Atrof-muhit, shaharsozlik va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Energetika va tabiiy resurslar vazirligi, Sanoat va texnologiyalar vazirligi, Transport va infratuzilma vazirligida uchrashuv, seminarlarda ishtirok etib, Turkiyada joriy qilingan eng yaxshi tajribalar bilan tanishishdi.

Xususan, Atrof-muhit, shaharsozlik va iqlim o‘zgarishi vazirligida o‘tkazilgan uchrashuvda zamonaviy shaharlarni barpo etish, hududlarda qurilishlarni rejalashtirish, tabiatni muhofaza qilish, yashil texnologiyalarni joriy qilish, uglerod neytralligiga erishish va iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini oldini olish borasida innovatsion yechimlar, ularni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish imkoniyatlari o‘rganildi.

Energetika va tabiiy resurslar vazirligida zamonaviy barqaror energiya stansiyalarini qurish va boshqarish, shamol resurslari, biochiqindilardan samarali foydalanish, quyosh panellari orqali elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, davlatning bu boradagi qonunchilik tizimi to‘g‘risida taqdimot o‘tkazildi.

Sanoat va texnologiyalar vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Turkiya davlatining uyushgan sanoat zonalarini barpo etish sohasidagi tajribasi, uning huquqiy asoslari, amalga oshirish tartib va tamoyillari, tashkil etilgan sanoat zonalari faoliyatiga alohida urg‘u berildi.

Transport va infratuzilma vazirligida tashkil qilingan uchrashuvda Turkiya davlatining yengil temir yo‘llarni (tramvay va metro) qurish, aqlli shahar tashkil etish borasida eʼtibor qaratilishi zarur bo‘lgan omillar, transportlar harakatini tartibga solish va muvofiqlashtirish bo‘yicha tajribalari bilan tanishildi.

Shuningdek, safar davomida Turkiyaning Milliy taʼlim vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Axborot texnologiyalari boshqarmasi, Ijtimoiy himoya institutlari, Davlat suv ishlari boshqarmasi, Konya shahri hokimiyati hamda Istanbul shahridagi “Emlak Konut” kompaniyasida uchrashuv va seminarlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Chop etish