Davlat boshqaruvi organlarida kadrlar bilan ishlash hamda faoliyatini baholash yo‘nalishida avtomatlashtirilgan tizim joriy etilmoqda

10:06 - 12 May 2022 Yangiliklar
948

Prezidentimizning tegishli Farmoni (https://lex.uz/docs/4549998) bilan Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligiga inson resurslarini boshqarish va kadrlar salohiyati darajasini oshirish milliy axborot tizimini rivojlantirish va takomillashtirishning eng muhim yo‘nalishlarini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.

Shu maqsadda Agentlik tomonidan davlat fuqarolik xizmatiga kirishda inson omilini kamaytirish, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va korrupsiyaviy xavf-xatarlarni oldini olishga qaratilgan davlat fuqarolik xizmati yagona elektron axborot tahlil tizimi hamda Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz ishga tushirildi va tarkibiy tuzilma, shtatlar, lavozimlar va xodimlar to‘g‘risidagi maʼlumotlarni yagona elektron bazasi —  Yagona milliy mehnat tizimi idoralararo dasturiy apparat kompleksiga integratsiya qilindi.

Bugungi kunda Portalga 70 dan ortiq vazirlik va idoralar, shu jumladan, ularning hududiy bo‘linmalari, tizim tashkilotlari (jami 14 mingdan ziyod), barcha hokimliklar ulangan bo‘lib, 211 100 nafar fuqaro elektron shakldagi o‘z rezyumesini shakllantirgan. O‘tgan davr mobaynida davlat organlari va tashkilotlaridagi mavjud vakant lavozimlar bo‘yicha 70 mingdan ortiq tanlov eʼlon qilinib, vakant lavozimlar uchun tanlovlarda jami 800 mingga yaqin nomzod ishtirok etgan. 

Shuningdek, davlat xizmatchilarining bilim va malakasini oshirib borish maqsadida Agentlik tomonidan davlat fuqarolik xizmati yagona elektron axborot tahlil tizimi tarkibida xodimlarni masofaviy o‘qitish bo‘yicha ilm.argos.uz platformasi, ish faoliyati samaradorligini avtomatik baholash imkonini beradigan kpi.argos.uz platformasi, xodimlarning bilim salohiyatini avtomatik aniqlash imkonini beruvchi test.argos.uz platformasi joriy etilgan. 

Kuni-kecha davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan “Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda 2023-yil 1-yanvarga qadar davlat boshqaruvi organlarida kadrlar bilan ishlash yo‘nalishidagi avtomatlashtirilgan tizimning joriy etilishi belgilandi.

Yaʼni, endilikda Yagona milliy mehnat tizimi idoralararo dasturiy apparat kompleksiga kiritilayotgan maʼlumotlar to‘liqligini taʼminlash, vakant lavozimlarni eʼlon qilishdan tortib, tanlov o‘tkazish va ishga qabul qilish natijalari bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirishgacha bo‘lgan jarayonlarni to‘liq elektron tarzda Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz orqali amalga oshirishga qatʼiy rioya etish talab etiladi hamda kadrlarni boshqarish, baholash, masofaviy o‘qitish va rivojlantirish jarayonlarini davlat fuqarolik xizmati yagona elektron axborot tahlil tizimi tarkibidagi platformalari (ilm.argos.uz, kadrlar.argos.uz, kpi.argos.uz, test.argos.uz) yana-da takomillashtiriladi.

Ilhom Qurbonov,

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi departamenti mudiri

 

Chop etish