Dubay shahrida 2025-yilgi Butunjahon hukumati sammiti o‘z ishini boshladi
Unda O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
![](https://argos.uz/media/news/photo_2025-02-11_13-04-23_0n9zrt9.jpg)
Butunjahon hukumati sammiti (World Government Summit) 2013-yildan beri har yili BAA Vitse-prezidenti va Bosh vaziri Shayx Muxammad bin Rashid Ol Maktum shafeligida o‘tkazib kelinadi.
Bu yilgi Sammit 11-13-fevral kunlari “Kelajak hukumatlarini shakllantirish sari” mavzusida tashkil etilmoqda. Sammit doirasida 15 ta forum, 120 dan ortiq interaktiv sessiya va seminarlar, 23 ta oliy darajadagi uchrashuv va davra suhbati, 25 ta tadqiqot hisobot natijalari taqdimoti o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tadbirda 30 ga yaqin davlat va hukumatlar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, 200 nafardan ortiq spikerlar ishtirok etmoqda.
Mazkur yirik anjuman davlat boshqaruvi va davlat xizmatini rivojlantirish, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishda sunʼiy intellektning o‘rni, davlat boshqaruvidagi muammolarga innovatsion yechimlar yuzasidan takliflar ishlab chiqishga yo‘naltirilgan.
Xalqaro anjuman doirasida tashkil qilinadigan qator tadbirlarda O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan mamlakatda davlat boshqaruvi va davlat xizmati tizimida joriy etilgan innovatsiyalar yuzasidan taqdimotlar o‘tkazilishi belgilangan.