“Qo‘l boshqaruvi”dan tizimli boshqaruvga o‘tish davri boshlandi

15:31 - 20 Dekabr 2022 Yangiliklar
657

Yangicha qarash, yangi g‘oya va yangi rejalargina davlatning istiqboliga, vatan ravnaqi va xalqimizning farovonligiga daxldor harakatlarni, amaliy natijalarni belgilab berishi aniq. Aniq rejalar bo‘lmasa, shunga muvofiq harakat va faoliyat bo‘lmasa, istiqbolli rejalarni amalga oshirish mushkul.

 

Butun xalqimiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga va xalqimizga navbatdagi Murojaatnomasini intiqlik bilan kutgani aniq. Murojaatnomada xalqimiz istiqboli hamda mamlakat ravnaqi uchun har bir rahbar, har bir fuqaro qanday ish tutishi va yuritishi bilan bog‘liq vazifalar aniq va keskin ravishda belgilab berildi. 2 soat 25 daqiqa davomida Davlatimiz rahbari hayotimizning barcha jabhalariga taalluqli muhim masalalarga, ularning yechimiga to‘xtaldi.

Davlatimiz rahbari 2023-yildagi eng ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tarkan, birinchi yo‘nalish sifatida ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga o‘tishni taklif qildi.

Prezidentimiz xususiy tashabbuslarni yana-da kengaytirish, ularga yangi istiqbollarni ochish maqsadida endi “qo‘l boshqaruvi”dan aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruvga o‘tish vaqti kelgani taʼkidlandi. Taʼkidlanganidek, bugungi kunda davlat boshqaruvi va apparatida takrorlanish ko‘p, keraksiz shtatlar bor. Davlatimiz rahbari aytganidek, boshqaruvda markazlashuv yuqori. Oqibatda, bugungi murakkab masalalarga to‘g‘ri yechim topish uchun ortiqcha vaqt, kuch va resurs sarflanmoqda. Vazirlarning Hukumat qabul qilayotgan qarorlarda, taʼbir joiz bo‘lsa, “ovozi yo‘q”. Yaʼni, ularning ushbu qarorlarni tayyorlash va hayotga joriy qilishdagi ishtiroki va masʼuliyati yetarli emas.

Prezident shuning uchun yangi maʼmuriy islohotlar to‘g‘risidagi farmonni imzolaganini maʼlum qildi.

Albatta olib borilayotgan islohotlarning samarali va xalqchil bo‘lishida davlat eng avvalo qatʼiyatli, adolat va sadoqatni faoliyatining bosh mezoni sifatida ko‘radigan salohiyatli kadrlarga tayanadi.

Davlatimiz ushbu yo‘nalishdagi islohotlarni birma-bir eʼlon qilar ekan, eng avvalo kadrlarni tanlash, ularni adolatli tizim orqali joy-joyiga qo‘yish masalasini qayd etib o‘tdi.

Murojaatnomada bundan buyon davlat lavozimlariga faqat tanlov asosida ishga qabul qilinishi yana bir bor taʼkidlandi.

Taraqqiy etgan davlatlar tomonidan namuna sifatida olingan davlat fuqarolik xizmati sohasida boshqaruvning zamonaviy tizimini joriy etish borasidagi islohotlar negizidagi asosiy vazifalardan biri “ochiq mustaqil tanlov asosida kadrlarni tanlab olish” ekanini ko‘rishimiz mumkin. Bunda eng iqtidorli, kompetensiyalari yuqori bo‘lgan xodimlar meritokratiya tamoyili asosida bo‘sh ish o‘rinlariga ishga qabul qilinadi.

Kadrlarni tanlash va ishga qabul qilishning ochiq tanlov tizimining yo‘lga qo‘yilishi bu — korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali vositalaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda, yangicha yondashuv asosida kadrlarni tanlashda eski usullardan voz kechib, ularning intellektual salohiyatini, maʼnaviy fazilatlarini baholaydigan ochiq va oshkora tanlov tizimi joriy etildi.

Shu o‘rinda qayd etish lozim, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda davlat organlari va tashkilotlarida kadrlarni ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish amaliyoti joriy qilingan bo‘lib, 2020 yil avgust oyida Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Mazkur portal davlat organlari va tashkilotlarining vakant lavozimlariga eng istiqbolli kadrlarni ochiq mustaqil tanlov asosida qabul qilish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, 2020-2022-yillar davomida 78 ta davlat organi va tashkilotlari, hamda 208 ta tuman (shahar) hokimliklari portaliga ulangan bo‘lib, ular tomonidan vakant lavozimlar uchun 100 mingdan ortiq tanlov eʼlon qilindi. Bunda tanlovlarni o‘tkazish uch bosqichda tashkil etilgan bo‘lib, nomzodlarning arizalarini tegishli malaka talablari bo‘yicha o‘rganish, test sinovi, suhbat jarayonlaridan iborat. Tanlovlarda 1,2 mlndan ziyod nomzod ishtirok etgan bo‘lib, ularning 45 ming nafari tanlov g‘olibi sifatida vakant lavozimlarni egallagan.

Endi ishga kirish uchun 16 ta hujjat so‘ralmaydi. Mazkur tizimning ahamiyatli tomoni shundaki, tanlov bosqichlari bo‘yicha maʼlumotlar onlayn tarzda har bir nomzodning portaldagi shaxsiy kabinetiga yuboriladi, yaʼni har bir bosqich natijasi bo‘yicha nomzodlarga asoslangan javob beriladi. Nomzod haqidagi barcha maʼlumotlar Yagona milliy mehnat tizimi orqali avtomatik tarzda o‘z arizasida aks etadi. Shunchaki elektron platformaga kirib, 3-4 qadamdan iborat harakat orqali o‘zlariga munosib vakant lavozimga ariza yuboradilar.

Vakant lavozimlar ochiq portali faoliyatini davlat xizmatchilari, yoshlar, ayniqsa oliy taʼlim muassasalarining bitiruvchilari o‘rtasida keng targ‘ib etish jarayonida, ular tomonidan kadrlarni tanlash va lavozimga qo‘yish bo‘yicha ushbu tizimning yo‘lga qo‘yilgani kelgusida yosh kadrlarning davlat xizmatiga bo‘lgan ishonchining ortishi, salohiyatli kadrlarning davlat organlariga ishga kirishda har bir kadr ishtiyoqining oshishiga xizmat qilishini taʼkidlamoqdalar.

Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasi “inson qadri uchun”, “davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan yuksak tamoyillar xalqimiz hayotida o‘z ifodasini topayotganing yorqin namunasidir.

 

Ilhom Qurbonov,
Prezident huzuridagi Davlat xizmatini
rivojlantirish agentligi departament mudiri

 

 

Chop etish