Davlat fuqarolik xizmatiga kirishdagi ochiq tanlov tizimi yana-da shaffof bo‘ladi
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni isloh qilish borasida muhim voqelik bo‘ldi. Joriy yilda amalga oshirilgan ishlar Murojaatnoma asosida chuqur tahlillar bilan sarhisob qilindi va kelgusi yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Murojaatnomada sohalararo izchil o‘zgarishlarning inson qadri va jamiyat taraqqiyotining kafolati uchun xizmat qilishi o‘z aksini topgan. Xususan, Prezidentimiz tomonidan yaqinda qabul qilingan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlaridagi lavozimlarga faqat tanlov asosida ishga qabul qilinishi alohida taʼkidlandi. Bugun davlat xizmatini tashkil etishda o‘zining amaliy tasdig‘ini topgan ushbu tizim, davlat fuqarolik xizmatiga ishga kirishda korrupsiyani kamaytirib, vakant lavozimlarni malakali kadrlar bilan to‘ldirilishiga xizmat qilmoqda.
Faoliyatni sarhisob qilar ekanmiz, Prezidentimizning 2019-yil 3-oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali ishga tushirilgan.
Mazkur portal orqali Namangan viloyati bo‘yicha yakunlanayotgan yilda 42 ta viloyat darajasidagi davlat tashkilotlari hamda 14 ta mahalliy hokimlikdagi mavjud 4185 ta vakant lavozimlar bo‘yicha tanlovlar eʼlon qilinib, ushbu vakant lavozimlarga jami 23175 nafar nomzod hujjat topshirgan. Tanlov yakunlangan 4185 ta vakant lavozimlarning 2906 tasi (69 foiz) malakali xodimlar bilan to‘ldirilgan, 1279 tasiga (31 foiz) esa qayta tanlov eʼlon qilindi.
Davlat xizmatining jozibadorligini oshirish, kadrlar hamma narsani hal qilishini amalda isbotlash uchun hukumatning ish uslubini o‘zgartirish, yangicha boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadi – Murojaatnomada alohida ustuvorlik kasb etdi.
Davlatimiz rahbarining taʼbirida bu ilg‘or islohot “qo‘l boshqaruvi”dan aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruvga o‘tish tarzida bayon etildi. Haqiqatan ham qaysi soha bo‘lmasin, faoliyatda samaradorlik va natija bo‘lmas ekan, aslo taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi. Murojaatnomada ham bu masalaga alohida urg‘u berilib, istiqbolli boshqaruvning aniq mexanizmlari belgilab berildi. Unga ko‘ra, barcha rahbarlarning faoliyatini samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholab borilishi, shuningdek, har yili 500 nafar mutaxassisni eng nufuzli xorijiy oliygoh va markazlarda o‘qitilishi rejalashtirilgani, biz soha xodimlariga ham katta masʼuliyat yuklaydi. Chunki rivojlanish tendensiyalari kadrlarga zamonaviy talablar va sohani tubdan isloh qilish zaruratini qo‘ymoqda.
Binobarin, Yangi O‘zbekistonning turli soha va tarmoqlari uchun ana shunday zamonaviy bilim va tafakkurga ega bo‘lgan fidoyi davlat xizmatchilarini yetkazib berish, kadrlar zaxirasini shakllantirish vazifalari kechiktirib bo‘lmas masala bo‘lib qoldi.
Murojaatnomadan o‘rin olgan “Kelasi ikki yilda, har bir tuman va shahar hokimligiga respublika idoralarida yuqori lavozimlarda ishlagan, bilimli va tajribali kadrlar qo‘yiladi” tarzidagi jumlalar, aynan salohiyatli davlat xizmatchilarining safini kengaytirish saʼy-harakatini ifoda etadi. Shuni alohida qayd etish kerakki, Prezidentimizning Murojaatnomasi hukumatning so‘nggi yillardagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarinigina qamrab olmay, yillar davomida tajriba va sinovdan o‘tgan boshqaruv malakasi va hayotiy sabog‘ining natijalari ekanligi, yaqqol sezilib turibdi.
Umuman olganda, Murojaatnoma mazmuni yurtimiz hayotining barcha jabhalarini qamrab olgan holda, oddiy fuqarodan tortib to hukumat aʼzolarigacha yangilanish va o‘zgarishlarning natijasidan manfaatdorlik hissini uyg‘otadi. Shunday ekan, davlat xizmatchisi sifatida ham, shu davlat fuqarosi sifatida ham murojaatnomaning ustuvor vazifalarini amalga oshirishda va mamlakatimizning manzilli maqsadlari yo‘lida o‘zimning faol pozitsiyam bilan davlat rahbariga yelkadosh bo‘laman.
Shuxrat To‘xtaboyev, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi
Namangan viloyati filiali rahbari