Davlat boshqaruvi sohasida Yaponiya tajribasi ham o‘rganiladi

15:47 - 11 Noyabr 2021 Yangiliklar
1000

Davlat boshqaruvida islohotlarni xalq hayotida aks ettirish bugungi kunda aksariyat davlatlar oldida turgan dolzarb vazifa.

Mamlakatimizda ham bu borada qator ijobiy natijalarga erishilmoqda. Bugun xalqimiz har bir islohot, o‘zgarishni o‘z hayotida, turmushida ko‘rishni xohlaydi. Bunda esa salohiyatli davlat xizmatchisining professional faoliyati muhim. Shu bois, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi belgilangan strategiyamizdan kelib chiqib, qator rivojlangan davlatlar tajribasini ham o‘rganmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Xasanov hamda O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Muxsinxo‘ja Abduraxmonov o‘rtasidagi onlayn uchrashuvda shu va qator masalalar haqida fikr-mulohazalar almashildi.

Yaponiyaning davlat boshqaruvi va davlat xizmati tizimi g‘arbiy modellar asosida shakllantirilganiga qaramay, o‘zining anʼanalarini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan davlat sifatida eʼtiborga molik.

Muloqotda zamonaviy talablar asosida davlat xizmatchilarini malakasini oshirish, kadrlar siyosati va davlat xizmati tizimini takomillashtirish, xorijda qisqa va uzoq muddatli stajirovkalarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Muloqot avvalida Agentlik tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, oldiga qo‘yilgan muhim vazifalar haqida maʼlumot berildi.

— O‘tgan qisqa vaqt ichida Agentlik tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida xodimlarni boshqarish, inson resurslarini rivojlantirish borasida bir qator muhim ishlar amalga oshirildi. Eng munosib kadrlarni davlat fuqarolik xizmatiga jalb etish maqsadida ochiq mustaqil tanlovlarni tashkil etish ishlari boshlandi. Davlat xizmatchilarining bilimini sinovdan o‘tkazish va psixologik portretini shakllantirish maqsadida davlat xizmatchisi testi moduli ishlab chiqildi. Milliy kadrlar zaxirasi ham yaratildi va shakllantirilib borilmoqda. Nostandart formatda ekspress-treninglar tashkil etilib, davlat xizmatchilari malakasi oshirilib kelinmoqda, — dedi muloqot boshida O.Xasanov.

 Shuningdek, Otabek Xasanov quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratdi. Xususan:

yuqori lavozimdagi davlat xizmatchilari uchun Yaponiyaga qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil etish bo‘yicha 10-15 kishilik guruhni shakllantirish va malaka oshirishga yuborish;

Davlatimiz rahbarining hududlarga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida davlat xizmatchilarini 3 oydan 6 oygacha bo‘lgan uzoq muddatli stajirovkaga yuborish bo‘yicha kichik guruhlarni shakllantirish va amalga oshirish;

Agentlik xodimlari uchun malaka oshirish kurslari va stajirovkalarni tashkil etish.

Elchi M.Abduraxmonov bildirilgan takliflardan kelib chiqib, davlat xizmatchilarimizning Yaponiyada malaka oshirish, stajirovka tashkil etish tashabbusini maʼqulladi.

Shuningdek, joriy yilning dekabr oyida bir guruh yaponiyalik olimlarning O‘zbekistonga tashrifi rejalashtirilayotganligi, ular bilan ham uchrashuv tashkil etish maqsadga muvofiq ekanligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida hamkorlikning tematikasini ishlab chiqib, malaka oshirish va stajirovkalarni boshlash masalalari bo‘yicha kelishib olindi.

 

Chop etish