“Kelajak liderlari” dasturi davlat xizmatiga yosh rahbar kadrlarni tayyorlamoqda
“Kelajak liderlari” maxsus o‘quv dasturining 1-mavsumi bitiruvchilari uchun Davlat boshqaruvi akademiyasida qisqa muddatli malaka oshirish kursi tashkil etildi. Ochilish marosimida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Xasanov ishtirok etdi.
Ushbu dastur davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan o‘rta bo‘g‘in boshqaruv rahbarlari orasidan yangi avlod rahbar kadrlarini shakllantirish, vatanparvar, tashabbuskor va faol yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga keng jalb qilishga qaratilgan.
To‘rt kun davom etgan o‘quvda yosh, rahbar kadrlarga Prezident Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida ilgari surilgan g‘oyalar mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirib berildi. 20ga yaqin ijtimoiy-iqtisodiy, tadbirkorlik va biznes yo‘nalishlarida sohaning tajribali mutaxassislari tomonidan seminar -treninglar va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
O‘tgan qisqa vaqt davomida yosh kadrlar faoliyatda qanday o‘zgarishlar qila olgani yuzasidan individual suhbatlar tashkil etildi. Eng quyidan yuqoriga qarab, davlat fuqarolik xizmati sohasidagi holat haqida masʼul vazifalardagi yoshlarning ham fikrlari tinglandi.
— Bu Dastur biz yosh davlat xizmatchilariga katta dalda bo‘ldi. Ko‘p hollarda yangi tayinlangan davlat xizmatchisi ishni nimadan boshlashga ikkilanadi. O‘quv kursida esa taym menejment, natijaga yo‘nalgan boshqaruv, jamoani shakllantirish, diplomatik madaniyat kabi mavzularni chuqur o‘zlashtirdik, — deydi Namangan shahri Davlatobod tuman hokimining o‘rinbosari, Investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i Sardorjon Raxmonov. — Har bir shaxs rahbar bo‘lishi mumkin, lekin har bir rahbar lider bo‘lolmasligini, doimo o‘z ustida ishlash, rivojlanib borish zarurligini o‘zimizga shior qilib oldik. Maxsus o‘quv kursi davomida olgan bilim va ko‘nikmalarimizni ish joylarimizga qaytib 6 oy ichida hayotga tatbiq qildik,
— “Kelajak liderlari” maxsus o‘quv kursida olgan bilimlarim orqali nafaqat o‘zimni rivojlantirdim, qo‘shimcha tarzda faoliyat yuritayotgan tashkilotim — Qoraqalpoq davlat universitetidagi talabalarimga yetkazdim. Mazkur 4 kunlik intensiv malaka oshirish o‘quv kursi esa kamchiliklarimizni to‘g‘irlashga, bilim va ko‘nikmalarimizni yana-da rivojlantirishga imkon berdi, — dedi Qoraqalpoq davlat universiteti Jurnalistika kafedrasi assistent o‘qituvchisi Aysholpan Orazimbetova.
— Dastur tinglovchilari safida bo‘lish uchun respublika hududlaridan va vazirlik idoralaridan qariyb 800 nafar nomzod uch bosqichdan iborat test sinovlaridan o‘tishdi. Natijada eng ko‘p ball to‘plagan 50 nafar nomzod tanlab olindi, — deydi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi masʼul xodimi Abduraxmon Umarov. — Tinglovchilarga 2 oy davomida zamonaviy taʼlim usullari asosida nafaqat Akademiya professor o‘qituvchilari balki, vazirlik va idoralar rahbarlarining treninglarida qatnashdilar. Ularga liderlik, jamoani shakllantirish, taym-menejment, loyiha boshqaruvi, strategik tahlil, nizolarni boshqarish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish kabi fanlardan saboq berildi. Kursni muvaffaqiyatli tamomlaganlarga Sertifikat berildi.
Shundan so‘ng, yosh davlat xizmatchilari olgan bilimlarini amaliyotda qo‘llay boshlashdi.
— “Kelajak liderlari” maxsus o‘quv dasturida 3 oylik davr davomida o‘rgangan bilim va ko‘nikmalarimizni oxirgi 6 oy davomida to‘liq ish faoliyatimizga tatbiq etdik. Ushbu maxsus kurs Yangi O‘zbekistonda rahbar qanday fazilat, bilim va konpetensiyalarga ega bo‘lishi lozimligini ko‘rsatib berdi, — deydi Farg‘ona shahar hokimining moliya-iqtisod va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Boburbek Mo‘minov. — Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, biz xalqchil davlat qurish uchun mustahkam poydevor vazifasini bajarishimiz kerak. Aynan shu maqsadda, “Kelajak liderlari” maxsus o‘quv dasturi 1-mavsum bitiruvchilari uchun maxsus intensiv o‘quv kursi tashkil etilgani 6 oy davomida faoliyatimizda erishgan yutuqlarimizga tanqidiy tahlil qilishga zamin yaratdi.
Taʼkidlash kerakki, bugungi kunda “Kelajak liderlari” dasturini muvaffaqiyatli yakunlagan tinglovchilar yuqori lavozimga tayinlanishi va o‘sishi taʼminlanmoqda. Xususan, monitoring natijalariga ko‘ra, 56% tinglovchi (27 nafari) avvalgi lavozimiga nisbatan yuqori lavozimga tayinlandi. 27% tinglovchi esa (13 nafari) ishlab turgan tashkilotidagi yuqori lavozimlarga zaxiraga kiritildi.