Davlat fuqarolik xizmati transformatsiyasining g‘oyaviy platformasi nima?
Davlat fuqarolik xizmati transformatsiyasining g‘oyaviy platformasi – bu davlat kadrlar siyosati yo‘nalishida ichki tashkiliy rivojlanish ehtiyojlari va tashqi muhitning doimiy o‘zgarib boruvchi talablari sharoitida strategik maqsadlar va eng muhim bo‘lgan vazifalarga erishish uchun zarur bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlar va yondashuvlarni doimiy ravishda takomillashtirib borishga qaratilgan umumiy qarashlar tizimidir.
Ushbu konseptual tizim xodimlarni boshqarish va ularni rivojlantirish bo‘yicha islohotlarni muntazam ravishda takomillashtirib borilishini anglatadi. Buning uchun esa, davlat kadrlar siyosati yo‘nalishida har tomonlama asoslantirilgan doimiy tahlillarga tayangan strategik rejalashtirish faoliyatini yo‘lga qo‘yadi.
Maqsad – davlat fuqarolik xizmatini istiqbolli, professional, malakali kadrlar bilan taʼminlash, ularning salohiyatidan samarali va oqilona ravishda foydalanish hamda doimiy rivojlantirib borish, huquq, qonuniy manfaatlarini himoya qilishda yagona qarashlar, tamoyillar, ustuvor yo‘nalishlar, yondashuvlarni ifodalashdan iborat.
O‘zbekistonda davlat fuqarolik xizmatini transformatsiyasi va uning g‘oyaviy platformasi huquqiy asoslari davlatimiz rahbarining tashabbusiga ko‘ra 2019-yil 3-oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5843-son Farmon bilan yaratildi.
Farmon bilan ilk bor qonunchilikka davlat fuqarolik xizmati va uning transformatsiyasi tushunchasi kiritildi. Mazkur sohada maxsus vakolatli organ – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil etildi.
Agentlikka davlat fuqarolik xizmati transformatsiyasining g‘oyaviy platformasini, uni rivojlantirish dasturlari hamda loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek, davlat fuqarolik xizmati sohasida yagona siyosatning amalga oshirilishini taʼminlash sohasida:
zamon talablari va xalqaro standartlarga muvofiq davlat fuqarolik xizmati transformatsiyasining g‘oyaviy platformasi va davlat fuqarolik xizmati sohasidagi siyosatning asosiy yo‘nalishlarini shakllantirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirishga, xodimlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirish sohasida ilg‘or xalqaro standartlar va eng yaxshi xorij amaliyotlarini joriy etishga qaratilgan davlat dasturlari hamda loyihalarini ishlab chiqish
va amalga oshirish;
davlat organlari va tashkilotlarining tashkiliy tuzilmasini ularning bo‘linmalari ishini samarali tashkil etish, bir-birini takrorlovchi vazifa va funksiyalarni bekor qilish nuqtayi nazaridan tahlil qilish va ular faoliyatini optimallashtirish bo‘yicha takliflar kiritish;
davlat fuqarolik xizmati, shu jumladan kadrlarga oid ish yuritish, davlat fuqarolik xizmatchilarining maʼlumotlar bazasini shakllantirish masalalarida davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga uslubiy rahbarlikni amalga oshirish;
davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlarning loyihalarini ishlab chiqish hamda ularni belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun kiritish funksiyalari yuklatildi.
Agentlik tomonidan davlat fuqarolik xizmatiga ilk bor ochiq tanlov asosida qabul qilish (vacancy.argos.uz), davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholash (EMSK, KPI), davlat xizmatchilari bilimlarini onlayn baholab borish (test.argos.uz), davlat xizmatchilari malakasini uzluksiz oshirib borish (ilm.argos.uz) hamda istiqbolli kadrlar seleksiyasini amalga oshirish kabi xodimlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirish sohasida ilg‘or xalqaro standartlar, eng yaxshi xorij amaliyotlari joriy etilmoqda.
Shu bilan birga, davlat fuqarolik xizmati transformatsiyasi g‘oyaviy platformasining huquqiy asoslarini yana-da mustahkamlash hamda rivojlantirib borish maqsadida Agentlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi ishlab chiqildi hamda hozirda Oliy Majlis Senati tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Shuningdek, davlat fuqarolik xizmati transformatsiyasining g‘oyaviy platformasini takomillashtirishdagi yana bir muhim hujjat — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-noyabrdagi “2022-2023-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston maʼmuriy islohotlari dasturini ishlab chiqish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi F-5-son farmoyishi bilan tashkil etilgan maxsus komissiya va ishchi guruh tomonidan davlat boshqaruvi organlarining kadrlar salohiyatini takomillashtirish yuzasidan bir qator takliflar ishlab chiqildi.
O‘zbekistonda natijaga yo‘naltirilgan davlat boshqaruvi tizimi va davlat xizmati faoliyatini istiqbolda barqaror rivojlantirish va samaradorligini oshirishda sifatli davlat fuqarolik xizmatini shakllantirish va takomillashtirish bo‘yicha Davlat fuqarolik xizmatini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi tayyorlandi.
Xulosa sifatida taʼkidlash joizki, davlat fuqarolik xizmati transformatsiyasi bugun yurtimizda davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh mezoni bo‘lgan “Davlat xalqqa xizmat ko‘rsatishi shart” g‘oyasini tatbiq etishni nazarda tutuvchi “xalqparvar davlat”ni shakllantirishga qaratilgan uzluksiz jarayon sifatida namoyon bo‘ladi.
Alisher Eranov,
Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi departament mudiri