“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun Senatning Qo‘mita yig‘ilishlarida muhokama qilinmoqda

14:29 - 24 May 2022 Yangiliklar
633

​​​​​​​Bugun Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Majlisda qo‘mita aʼzolari, ekspertlar guruhi, vazirlik va idoralar mutasaddilari ishtirok etdi.

Unda Senatning 26-yalpi majlisi kun tartibiga kiritilgan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat xizmati faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan davlat boshqaruvi funksiyalarini bajarish amaliyotidan voz kechish, davlat idoralari xodimlari faoliyatining ochiqligi hamda ularni ijtimoiy taʼminlashning zamonaviy tizimini yaratish bo‘yicha sezilarli choralar ko‘rilmoqda.

Ushbu yangi amaliyotlarni qonunchilikda aks ettirish maqsadida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun ishlab chiqildi. Mazkur Qonunda davlat fuqarolik xizmatini, shu jumladan, nomzodlarni ochiq mustaqil tanlov orqali saralab olish jarayonini kompleks huquqiy tartibga solishni taʼminlashi ko‘zda tutilgan.

Qayd etilishicha, ushbu Qonun davlat fuqarolik xizmatchilarining ish samaradorligi va kompetensiyasini baholovchi mezonlarni, ularning malakasini oshirishga bo‘lgan talablarni belgilab, to‘g‘ridan-to‘g‘ri taʼsir etish kuchiga ega.

Qonun bilan davlat fuqarolik xizmati faqat davlat reestriga kiritiladigan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan davlat xizmatchilariga nisbatan tatbiq etilishi belgilab qo‘yilmoqda.

Shuningdek, davlat fuqarolik xizmatini tartibga solishda davlat organlarining asosiy vakolatlari belgilanib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi va boshqa vakolatli davlat organlarining vakolatlari aniq ko‘rsatib o‘tilmoqda.

Taʼkidlanishicha, mazkur Qonunning hayotga tatbiq etilishi natijasida davlat xizmati sohasini tartibga solishning huquqiy asoslari yaratiladi. Davlat xizmatchilarining toifasi, maqomi, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bilan bir qatorda ularning masʼuliyatini oshirish bilan bog‘liq masalalar qonunda mustahkamalab qo‘yilishiga erishiladi.

Muhokamalar natijasida Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Chop etish