Kadrlarni ishga qabul qilishning ochiq tanlov tizimi takomillashib bormoqda
Kamchilik bor — yechim ham!
Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tizim xodimlarini trener sifatida tayyorlash maqsadida seminar-trening tashkil etdi. Ular hududlarda ochiq mustaqil tanlovlarni o‘tkazishda suhbat komissiyalari aʼzolarining bilim va ko‘nikmalarini oshirib boradi. O‘quvda Agentlik Markaziy apparati masʼul vakillari, filiallaridagi bosh va yetakchi inspektorlar, OAV ishtirok etmoqda.
Barchaga maʼlumki, bugun davlat organi va tashkilotlari, mahalliy hokimiyatlar Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portalidan keng foydalanib, vakant lavozimlar uchun tanlovlar eʼlon qilib kelmoqda.
Tanlov jarayonlari bir necha bosqichni o‘z ichiga olishi, shuningdek, o‘tkazilayotgan tanlovlarning soni ko‘pligi sabab, kamchiliklar ham uchramoqda. Agentlikning telegram boti orqali oxirgi 6 oy ichida kelib tushgan murojaatlarning (jami 18 994 ta murojaat) 11 825 tasi (62%) bevosita tanlovga oiddir.
Mazkur murojaatlarning salmoqli qismi suhbat jarayonlari bilan bog‘liq. Hududlarda tashkil etilayotgan suhbatlarda Tanlov komissiyalari aʼzolarining bilim va ko‘nikmalari belgilangan talablarga to‘liq javob bermayotganligi taʼkidlangan.
Shuningdek, mazkur jarayonlarni samarali tashkil etish hamda tanlovning suhbat bosqichini takomillashtirish maqsadida joriy yilning 18-22-iyul kunlari Agentlik filiallari xodimlari ishtirokida kadrlar salohiyatini baholashda suhbat usullari, tartibi va metodlari bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazildi. So‘rovnomada hududlarda suhbat (intervyu)lar davomida eng ko‘p uchraydigan xato va kamchiliklar o‘rganildi. Tizimni takomillashtirish yuzasidan takliflar olindi.
Hozirda suhbat bosqichidagi muammolarni bartaraf etish, mahalliy davlat hokimiyati va organlarida faoliyat yuritayotgan tanlov komissiyalari aʼzolarining bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish muhim masala bo‘lib qolmoqda.
O‘quv davomida suhbat o‘tkazish tartibining meʼyoriy-huquqiy asoslari, suhbatni tashkil etish va uni o‘tkazishda maxsus komissiyaga qo‘yilgan talablar, hududlarda suhbat jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar tahlili, suhbat davomida o‘rganilishi lozim bo‘lgan kompetensiyalar va ularni aniqlash usullari, suhbat (intervyu) o‘tkazish ko‘nikmalarini shakllantirish kabi mavzularda treninglar o‘tkaziladi, ishtirokchilarning nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalari professional jihatdan yana-da rivojlantiriladi.