Endilikda “mahalladan – respublikagacha” tamoyili asosida salohiyatli kadrlar rezervi shakllantiriladi
Kuni-kecha Davlatimiz rahbari raisligida davlat xizmatini isloh qilish va boshqaruvda natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlat idoralarida “mahalladan – respublikagacha” tamoyili asosida kadrlarni o‘stirishga alohida eʼtibor qaratish zarurligi alohida taʼkidlandi.
So‘nggi yillarda amalga oshirib kelinayotgan islohotlarning mantiqiy davomi sifatida xalqni eshitish, mablag‘larni odamlar talabiga qarab yo‘naltirish, “mahallabay” ishlash tizimlari yo‘lga qo‘yildi. Xodimlarga samarali faoliyati uchun munosib sharoitlar yaratildi.
Shu o‘rinda bir statistika barchamizni salohiyatli kadrlar bilan ishlash tizimini qayta ko‘rib chiqishga undaydi. Tahlillarga ko‘ra, vazirliklar markaziy apparatidagi rahbarlarning 40 foizi tuman pog‘onasini ko‘rmagan, tuman miqyosidagi rahbarlarning 60 foizi esa viloyat yoki respublika idoralarida ishlamagan.
Prezident yig‘ilishda dolzarb g‘oya — davlat idoralarida “mahalladan – respublikagacha” tamoyili asosida kadrlarni o‘stirishga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi.
Mazkur tashabbusning mohiyati shundaki, endilikda tuman va shahar darajasidagi rahbarlik uchun Salohiyatli kadrlar rezervi tuziladi, unga nomzodlar faqat mahallalardagi hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari orasidan tanlab olinadi. Kompetensiyasiga qarab, ular uchun maqsadli malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.
Buning uchun 1-noyabrdan boshlab, eski namunadagi maʼlumotnomadan voz kechilib, xodimning malakasi va erishgan natijalarini ilg‘or texnologiyalar asosida baholaydigan tizimga o‘tiladi. Oddiy qilib aytganda, rahbarlikka tasodifan kelib qolishning oldi olinadi.
Salohiyatli kadrlar rezervini shakllantirish tizimi qanday yo‘lga qo‘yiladi, degan tabiiy savol tug‘iladi.
Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi mazkur tizimning mexanizmlarini ishlab chiqib, sinovdan o‘tkazdi. Yangi tizimga ko‘ra, dastlab davlat organlari va tashkilotlari tomonidan lavozim uchun malaka talablari tasdiqlanadi. Mazkur malaka talablariga mos, KPI ko‘rsatkichi, faoliyat natijadorligi eng yuqori bo‘lgan nomzodlar saralab olinadi.
Ikkinchi bosqichda, nazariy bilimlari va psixologik holatini aniqlash maqsadida nomzod test sinovidan o‘tkaziladi. So‘ngra kasbiy va boshqaruv ko‘nikmalarini baholash maqsadida suhbatdan o‘tkaziladi. Suhbat jarayonida nomzodning liderlik qobiliyati, tizimli fikrlashi, natijaga yo‘nalganlik, moslashuvchanlik va kommunikativlik kompetensiyalarini aniqlashga alohida urg‘u beriladi.
Yuqori natijalarni qayd etgan nomzodlar salohiyatli kadrlar rezerviga kiritiladi.
Uchinchi bosqichda, nomzodning kasbiy va shaxsiy rivojlanish rejasi ishlab chiqiladi. Bunda, maxsus o‘quv dasturi asosida nazariy bilimlari mustahkamlanib, vazirlik va idoralar, shuningdek, xorijiy stajirovka orqali amaliy ko‘nikmalari oshiriladi.
Rezervga kiritilgan xodimlarning faoliyati natijadorligi, yaʼni o‘z ustida muntazam ishlashi, mehnat faoliyati, maxsus o‘quv kurslari va stajirovka o‘tash jarayonlari doimiy monitoring qilib boriladi hamda yuqori natijalarga erishgan rezervdagi nomzodlar yuqori lavozimlarga tayinlanadi.
Mamlakatimizda “inson – jamiyat – davlat” degan tamoyil ustuvor etib belgilangan. Barcha sohalarda odamlarga qulaylik yaratish choralari ko‘rilmoqda. Islohotlarning samarali tashkil etishda eng quyi tizim — mahallada odamlar bilan muloqot qilgan, ularning tashvishi bilan yurib, natija ko‘rsatgan salohiyatli kadrlarga suyanadi. Bunda salohiyatli kadrlar rezervi ana shunday kadrlarni saralash va ularni rahbarlikka tayyorlashda muhim institut sifatida namoyon bo‘ladi.
Baxtiyor IBATOV,
Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi boshqarma boshlig‘i