Tanlov bilan kelgan xodimlar jon kuydirib ishlayapti, vazifasining qadriga yetayapti

15:54 - 5 Avgust 2022 Yangiliklar
807

Kadr yo‘q-yo‘q deb aytardik, agarda ishga qabul qilishni ochiq qilsak, "har xil o‘yinlar" bo‘lmasa, munosib nomzodlar albatta topiladi.

Tumanimizda 120 MFYda 550 ming aholi istiqomat qiladi, 28 ta davlat tashkilotlarida 803 nafar davlat xizmatchilari faoliyat ko‘rsatmoqda.  405 nafar malakali xodimlar ochiq va oshkora tanlov asosida davlat xizmatiga kirib keldi. 

Avvallari bitta joy ochilsa odam topolmay qiynalardik. Yangi tizimni eng afzallik tomoni, vakant joyni ochiqligi, elektron platformada eʼlon qilinayotgani natijasida O‘zbekistonning istalgan hududidan urgutlik fuqaro yoki Urgutda ishlamoqchi bo‘lgan fuqarolar ishga hujjat topshira olayapti. Bugungi kunda oddiy fuqaro 1 ta pasport bilan hujjat topshirib davlat xizmatchisiga aylanmoqda, avvallari eshikma- eshik sarson bo‘lib 16 tagacha hujjat talab etilgan.

Masalan, tumanda oxirgi 6 oy mobaynida 408 ta vakant lavozimga 1620 nafar nomzodlar hujjat topshirdi. 
Xususan, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli bo‘yicha Urgut tumanidagi 120 ta mahallada 360 nafar lavozimlar yaratildi. 

To‘g‘risi, shu lavozimlarni qanday to‘ldiramiz, shuncha malakali kadrni qayerdan topamiz deb qo‘rqqandik. Ammo, 360 ta lavozimga 1450 nafar nomzodlar hujjat topshirdi, bu degani o‘rtacha bitta joyga 4 ta nomzodlar to‘g‘ri keldi. 

Kadr yo‘q-yo‘q deb aytardik, agarda ishga qabul qilishni ochiq qilsak, "har xil o‘yinlar" bo‘lmasa, munosib nomzodlar topsa bo‘larkan. Bitta misol, hatto tumandagi eng chekka qishloq — Boybul mahallasiga ham bitta yoshlar yetakchisi lavozimiga 12 ta nomzod hujjat topshirgani, ushbu tizimning shaffofligidan dalolat beradi.

Eng asosiysi, tanlov bilan kelgan xodimlar jon kuydirib ishlayapti, vazifasining qadriga yetayapti. Chunki, oldin asosan maʼlumot darajasiga qarab ishga qabul qilgan bo‘lsak, yangi tizimda, nomzodning o‘z bilimlarini ishda qo‘llay olish qobiliyati o‘rganilayapti, bu esa xodimlarning ish natijadorligiga ham sezilarli darajada taʼsir ko‘rsatmoqda.

Botir Jabborov, Urgut tumani hokimi

Chop etish