SHHTning Samarqand sammiti tashkilotga yangi ruh baxsh etadi
Shu yilning 15-16 kunlari Sharqning sayqali Samarqand dunyo nigohi markazida bo‘ladi. Qadimiy zaminda Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tadi. Ahamiyatlisi shundaki, SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlari uzoq pandemiyadan keyin, so‘nggi uch yilda birinchi marta bir joyga to‘planadi. Taʼkidlash zarur, O‘zbekiston – Shanxay hamkorlik tashkiloti asoschilaridan biri.
Yuksak darajadagi tadbirda Xitoy, Rossiya, Hindiston, Eron, Turkiya kabi jahon va mintaqa yetakchi davlatlarining rahbarlari ishtirok etishi uni g‘oyat katta siyosiy voqeaga aylantirmoqda.
Dunyoning 15 ta davlati va hukumat rahbarlari, 10 dan ziyod xalqaro tashkilot yetakchilari ko‘hna va hamisha navqiron Samarqandda to‘planadi.
Davlatimiz rahbari o‘zining “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” nomli maqolasida taʼkidlaganidek, O‘zbekistonning mazkur birlashmadagi raisligi dunyo miqyosida shiddatli jarayonlar kechayotgan o‘ziga xos “tarixiy evrilish” pallasiga to‘g‘ri keldi – bir tarixiy davr nihoyasiga yetmoqda hamda bashorat qilish mushkul bo‘lgan yangi bir davr boshlanmoqda.
2021-2022-yillarda tashkilotga raislik O‘zbekistonga o‘tishi keyingi 6 yilda amalga oshirilgan jadal va ochiq tashqi siyosatimiz mahsuli, mantiqiy davomi bo‘ldi, deyish mumkin.
O‘tgan yili SHHTning Dushanbe sammitida davlatimiz rahbari tashkilotga raislikning SHHT makonida tinchlik va barqarorlikni taʼminlash bo‘yicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni faollashtirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini yana-da chuqurlashtirish, o‘zaro transport-kommunikatsiya aloqalari, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, madaniy-gumanitar sohada, sog‘liqni saqlash va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda mavjud salohiyatdan keng foydalanish singari eng ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Davlatimizning mazkur nufuzli tashkilotga raisligi davrida Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirish maqsadida hamkorlarimiz bilan birgalikda 80 dan ortiq tadbir o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, jahon siyosati va iqtisodiyotidagi xavfli siljishlar sharoitida Samarqand sammitining ahamiyati yana-da ortib bormoqda. Zero, unda tashkilot rivojlanishining istiqboldagi omillarini belgilab beradigan asosiy qarorlar va kelishuvlar qabul qilinadi. SHHT ko‘p qirrali hamkorlik g‘oyalarini ilgari suruvchi, hech qanday geosiyosiy maqsadlarni ko‘zlamagan, hech bir davlatga qarshi saʼy-harakatlarni amalga oshirmaydigan tashkilotdir. Ushbu tamoyillar uning nizomida aniq ko‘rsatilgan va tashkilotning butun tarixi ushbu qoidalarga qatʼiy rioya qilinayotganini isbotlaydi.
SHHT davlat rahbarlari yig‘ilishi o‘tkaziladigan joy sifatida ro‘yi zamin sayqali — Samarqand shahri tanlanishining o‘ziga xos ramziyligi bor. Ushbu muqaddas zamin azaldan tarixiy uchrashuvlar va sivilizatsiyalar muloqoti maskani, madaniy-gumanitar o‘zaro boyitish va xalqaro savdoni rivojlantirish, yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash ko‘prigi bo‘lib kelgan.
Samarqand so‘nggi yillarda bir qancha yirik anjumanlarga mezbonlik qilmoqda. Shahar yangicha qiyofa kasb etmoqda, sezilarli darajada o‘zgardi, keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib borildi, Samarqand turistik brendining ahamiyati ortib bormoqda.
Darhaqiqat, Markaziy Osiyo keyingi yillarda SHHTning “geografik yadrosi” maqomini mustahkamlab oldi. Aʼzo davlatlar orasida ushbu mintaqada barqarorlik va izchil rivojlanishni taʼminlash muhim vazifa bo‘lib qolayotgani ahamiyatlidir. Shu nuqtayi nazardan, tashkilotdagi markaziy mintaqaning geografik markaziy davlati hisoblanmish O‘zbekiston markazidagi shahar tarixiy sammit mezboni sifatida ko‘p yillar tilga olinishi, shubhasiz.
SHHTga aʼzo davlatlarning umumiy maydoni 34 million km², yaʼni Yevroosiyo qitʼasining 60 foizini tashkil etadi. Aʼzo davlatlar nufusi 3 milliardga yaqin yoki yer yuzi aholisining qariyb yarmiga teng. SHHT mamlakatlari jahon iqtisodiyotining 20 foizini qoplaydi.
Eronning tashkilotga to‘laqonli aʼzo etib qabul qilinishi orqali SHHT strategik muhim mintaqa hisoblangan Yaqin Sharqqa eshik ochadi.
Tashkilot muvaffaqiyatining kaliti ko‘p qirrali hamkorlik va ochiqlik bilan bog‘liq ekani barchaga ayon. Shu bois, ham tuzilma ochiq muloqot, mintaqalararo keng sheriklik uchun mos va qulay maydon sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Shuni mamnuniyat bilan qayd etish lozimki, 2017-yildan respublikamiz SHHT doirasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish tashabbuskoriga aylandi.
O‘zbekiston Prezidenti tomonidan o‘tgan besh yil mobaynida SHHT sammitlarida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, innovatsiya va boshqa sohalar bo‘yicha hamkorlik samaradorligini oshirishga doir 54 ta tashabbus ilgari surildi. Shulardan 37 tasi hayotga tatbiq etilgan bo‘lsa, qolgan 17 tasi amalga oshirilish jarayonida.Tahlil natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston amalga oshayotgan tashabbuslar bo‘yicha SHHTda yetakchi o‘rinni egallab turibdi. O‘tgan yillarda o‘zbek tomoni, asosan, xavfsizlik sohasida faollik ko‘rsatgan bo‘lsa, endilikda umumiy salohiyatni iqtisodiyot, transport va logistika, innovatsion va raqamli rivojlanish, madaniy va xalq diplomatiyasi kabi yo‘nalishlar orqali ko‘tarish zarurligiga eʼtibor qaratmoqda.
Shuningdek, mamlakatimizning turli hududlarida SHHT Milliy koordinatorlar kengashi yig‘ilishlarini o‘tkazishning samarali amaliyotini joriy qilindi. Bunday tadbirlar, Nukus, Toshkent, Buxoro, Farg‘onada bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston tashabbusi bilan joriy yilning iyun oyida birinchi marta SHHT doirasida aʼzo davlatlar yoshlari o‘rtasida eng yaxshi startap loyihasi tanlovi va kibersport bo‘yicha chempionat tashkil etildi. Joriy yilning 6-sentyabrida esa SHHTning axborot xavfsizligi bo‘yicha birinchi ilmiy-ekspert forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Sammitda tashkilotning 21 yillik tarixida ilk bora uning faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qaror qabul qilinishi kutilmoqda. Birlashma isloh qilinadi, uning ishida yangi sahifa ochiladi. Tashkilot taraqqiyotining keyingi bochqichi boshlanishi bilan bir qatorda unga yangi aʼzolar qabul qilinishi ko‘zda tutilgan. Eng muhimi, bu voqealar tarixda Samarqand nomi bilan uzviy bog‘lanib qoladi.
Samarqand yuz yillar davomida Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini bajargan. Yillar davomida hamon qutblarni birlashtirayotgan qadimiy diyorimiz bugun o‘zining o‘zgacha ruhi va tarovatini dunyoga taratmoqda. “Samarqand ruhi” xalqlar va millatlar farovonligi yo‘lidagi katta qadamlari bilan ko‘p yillar tashkilot aʼzolarining yodida qolishiga ishonchimiz komil.
Ilhom Qurbonov,
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi
departament mudiri