Xalqqa qonunlashtirilgan xizmat ko‘rsatiladi
Hademay "Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida"gi qonun kuchga kiradi. Hujjatning 64-moddasiga muvofiq, ushbu qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan uch oy o‘tgach, kuchga kirishi, yaʼni noyabr oyi boshidan amalda bo‘lishi belgilab qo‘yilgan.
Ochiq aytish kerak, ayni payt matbuotda, ijtimoiy tarmoqda ushbu qonunning mazmun-mohiyatini tushunib yetmasdan bildirilgan turli talqinlar ham uchrab turibdi. Aslida, bir so‘z bilan ifodalash joiz bo‘lsa, men bu hujjatni «xalqqa xizmat qiladigan qonun», deb atagan bo‘lardim. Zero, mazkur qonunning qabul qilinishi “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” tamoyilini to‘la ro‘yobga chiqarish uchun mustahkam huquqiy poydevor vazifasini o‘taydi.
Qonun falsafiy nuqtayi nazardan narsa va hodisa o‘rtasidagi muhim, zaruriy, barqaror, takrorlanuvchi munosabat, yuridik nuqtayi nazardan esa davlat hokimiyati oliy vakillik organi tomonidan yoki bevosita xalq xohish-irodasiga ko‘ra qabul qilingan va qoida tariqasida eng muhim ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi yuridik hujjat hisoblanadi.
Mazkur qonunning 5-moddasida davlat fuqarolik xizmatining asosiy prinsiplari qatorida xalqqa xizmat qilish hamda davlat organlari va mansabdor shaxslarning jamiyat hamda fuqarolar oldida masʼulligi belgilab qo‘yilgan.
Yurtimizda keyingi yillarda xalq manfaati yo‘lidagi islohotlar izchillik kasb etdi. Davlat idoralari “Inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida yangicha va xalqchil tizimda ishlay boshladi. Davlat boshqaruvi va davlat xizmatchilari oddiy odamlarga yaqinlashdi. Xalqni eshitish, muammoni tezkor hal qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Endi esa xalqqa xizmat qonunlashtirib qo‘yildi. Mazkur qonun normalarining samarali ijrosini taʼminlash orqali ko‘p yillardan buyon yechimini topmayotgan tizimli muammolar hal qilinadi, ilg‘or xalqaro standartga javob beruvchi – davlat fuqarolik xizmatchilarining maqomi, huquq-majburiyati va ular faoliyatining huquqiy asoslariga oid yagona tartibot tizimi shakllantiriladi. Eng asosiysi, shaffof tanlov orqali davlat fuqarolik xizmatiga malakali kadrlarni faol jalb qilish, ularning salohiyatini oshirish, fidoyi, xalqparvar va sadoqatli kadrlar zaxirasini yaratish, faoliyat ko‘rsatayotgan davlat fuqarolik xizmatchilari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash borasida zarur huquqiy sharoit yaratiladi.
Shuningdek, qonun davlat fuqarolik xizmatchisining huquqiy maqomi, lavozim toifasi va malaka darajasini, davlat fuqarolik xizmatiga kirish, xizmatni o‘tash va tugatish jarayonining yagona tartibotini, kadrlar kasbiy-maʼnaviy fazilati va alohida xizmatlarni obyektiv hamda adolatli baholash asosida xizmat pog‘onasi bo‘yicha o‘sish kafolatini, umuman, yagona davlat fuqarolik xizmatining tashkiliy-huquqiy mexanizmini tartibga solishni nazarda tutadi.
Bundan buyon davlat fuqarolik xizmati tatbiq etiladigan barcha vazirlik, idoralarda xodimlarni ishga qabul qilish, faoliyat samaradorligini baholash, ularni xizmat pog‘onalarida o‘stirish, rag‘batlantirish yoki intizomiy jazolash va xizmatni tugatish masalalari bilan bog‘liq har xil yondashuvlarga barham beriladi.
Qonunning 2022-yil qabul qilinishida ham ramziy maʼno bor, deb o‘ylayman. Zero, joriy yil mamlakatimizda “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili“ sifatida eʼlon qilingan.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev mudom taʼkidlaganidek, «Inson qadrini ulug‘lash — yurtimizda yashayotgan har bir insonning huquqi va erkinligi, qonuniy manfaatini taʼminlash demak.
Kuchga kirishiga sanoqli kunlar qolayotgan ushbu qonunning 8-moddasiga muvofiq, Davlat fuqarolik xizmati sohasidagi maxsus vakolatli organ etib, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi belgilangan.
Qonunda mustahkamlab qo‘yilgan asosiy normalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida aks etgan. Mazkur Farmon bilan tuzilgan Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi o‘tgan uch yilga yaqin vaqt ichida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati sohasida yetarli amaliy tajriba to‘pladi.
Agentlik amaliy tajribadan kelib chiqib, qonunda belgilangan vakolati doirasida davlat idoralarining kadrlar siyosati sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi, davlat xizmatiga kadrlarni tanlov asosida tanlashni tashkil qiladi, davlat xizmatchilari faoliyati samaradorligini baholash uchun indikatorlar (asosiy ko‘rsatkichlar) tizimini joriy qiladi va natijalarni tahlil qiladi, jamoatchilik fikrini o‘rganadi va davlat idoralari rahbarlari ochiq reytingini shakllantirishda ishtirok etadi. Shuningdek, agentlik davlat xizmatchilarining huquqi va qonuniy manfaatini himoya qilish, ularning ishlashi va ijtimoiy himoyalanishi uchun tegishli shart-sharoit yaratishga ko‘maklashadi.
Bugungi kunda Agentlik va boshqa tegishli idoralarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi va maxsus vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadigan, jumladan, Davlat fuqarolik xizmati lavozimlari siyosiy guruhiga taalluqli davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqiy maqomi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelgan shaxs davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilingandan so‘ng tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatib turishi tartibi, davlat fuqarolik xizmatchisi shug‘ullanishi mumkin bo‘lmagan haq to‘lanadigan faoliyat turlari ro‘yxati, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va bunday muammolarni hal etish tartibi, Davlat fuqarolik xizmati lavozimlari davlat reestri, Milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish va yuritish tartibi, Monitoring o‘tkazish tartibi, Tanlov o‘tkaziladigan davlat fuqarolik xizmati lavozimlari va tanlov o‘tkazish tartibi kabi yigirmadan ortiq qonun osti normativ-huquqiy hujjatlari loyihalarini tayyorlash qizg‘in davom etmoqda.
Yuqorida qayd etilganlardan Davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyati samaradorligini baholash uslubiyatini tasdiqlash to‘g‘risidagi va Davlat fuqarolik xizmati sohasida monitoring o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqidagi yuridik hujjat loyihalari “regulation.gov.uz” normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida eʼlon qilingan.
Bugun «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonunni baholi qudrat xalqchil tilda tushuntirishga, davlat xizmatchisining vazifasi, majburiyati haqida maʼlumot berishga harakat qildik. Ayni mulohaza - bir debocha. Zero, hali mazkur qonun atrofida ko‘p fikr bildiriladi, bunga shubha yo‘q. Bir narsa aniq-ki, bu hujjat xalqqa xizmat qiladi! Amaliyotga tatbiq etilgandan keyin qonunning ahamiyati, mohiyati yana-da yorqin namoyon bo‘la boradi.
O‘ktam HAMRAYEV, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent