Ochiq tanlovlar yuzasidan 5 ta muhim fakt

16:28 - 6 Yanvar 2025 Yangiliklar
212

1-FAKT: Tanlovlar qanday tashkil etiladi? Ushbu jarayonda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining(ARGOS) vazifalari nimalardan iborat?

Agentlik tomonidan joriy qilingan Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz dagi vakant lavozimlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar avtomatik tarzda hrm.argos.uz elektron platformasidagi maʼlumotlar asosida shakllanadi.

Vakant lavozimlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar Portalga joylashtirilgan sana mazkur lavozimni egallash bo‘yicha tanlov eʼlon qilingan kun deb hisoblanadi.

Tanlov 3 ta bosqichdan iborat bo‘lib, quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

▪️birinchi bosqich – nomzodlarning hujjatlarini qabul qilish va saralash;
▪️ikkinchi bosqich – nomzodlarning bilimini test sinovidan o‘tkazish;
▪️uchinchi bosqich – nomzodlar bilan suhbat o‘tkazish.

Agentlik tanlovlar bo‘yicha quyidagi ishlarni amalga oshiradi:

 — davlat organlaridagi vakant lavozimlar bo‘yicha tanlovlar eʼlon qilinishini taʼminlaydi; 

— hududlardagi test sinovlari markazlashgan holda Agentlikning filiallarida hamda Agentlikning — test.argos.uz platformasida o‘tkaziladi;

—  tanlovlarni belgilangan tartib asosida o‘tkazilishi ustidan nazorat olib boradi;

— tanlovlarning suhbat bosqichida o‘z vakilini kuzatuvchi sifatida yuboradi;

— tanlovni tashkillashtirish va o‘tkazishda belgilangan qoidaga rioya etmaslik holatlari, shuningdek, tanlov komissiyasining xolis qaror qabul qilishiga taʼsir o‘tkazgan noqonuniy xatti-harakatlar aniqlangan taqdirda, tanlov natijasini to‘liq yoki qisman bekor qiladi.

2-FAKT: Ochiq tanlovlarni tashkil etishda Komissiyaning vazifalari nimadan iborat?

Davlat organida tanlovlarni o‘tkazish uchun doimiy faoliyat yurituvchi Tanlovlarni tashkillashtirish va o‘tkazish komissiyasi tuziladi.

Tanlov komissiyasining tarkibi davlat organi rahbari tomonidan tasdiqlanadi. Tanlov o‘tkazilayotgan davlat organining kadrlar bo‘linmasi tanlov komissiyasining ishchi organi hisoblanadi.

Tanlov komissiyalari vakolatlari:

▪️nomzodlarning vakant lavozim malaka talablariga mosligi bo‘yicha xulosa berib, tanlovlarning test bosqichiga o‘tgan nomzodlarni belgilaydi;
▪️vakant lavozim xususiyatidan kelib chiqib, test sinovlari natijalarini ijobiy deb topish uchun 56 foizdan yuqori ball belgilashi mumkin;
▪️tanlovlarning suhbat bosqichini intervyu yoki taqdimot kabi usullar asosida o‘tkazadi;
▪️suhbat natijasi bo‘yicha har bir Tanlov komissiyasi aʼzosi nomzodlarni baholaydi;
▪️suhbat natijasiga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan nomzodni tanlov g‘olibi deb topadi.

3-FAKT: Imtihon (test) savollari mutaxassislik yo‘nalishiga bog‘liqmi?

Tanlovlarning test bosqichi Agentlikning test.argos.uz platformasi orqali o‘tkazilmoqda. Unda 40 ta savol berilib, 100 ball tizimida baholanadi.

Nomzod tomonidan test sinovlari umumiy ko‘rsatkichining kamida 56 foiziga teng ball to‘planishi,  tanlovning keyingi bosqichiga o‘tishi uchun asos bo‘ladi. 

Test sinovi davomida nomzodga yuqoridagi har bir yo‘nalish bo‘yicha 10 tadan jami 40 ta savol havola etiladi hamda javoblarni belgilash uchun 60 daqiqa vaqt beriladi. 

4-FAKT: Ochiq tanlovlarning test sinovi bosqichida yagona o‘tish bali belgilanganmi? 

Ayni damda nomzod  test sinovi jarayonida 56 ball to‘plagan taqdirda, u 3 oy davomida tanlovlarning test sinovi bosqichida ishtirok etmaydi. Bunda nomzod hujjatlari malaka talablariga javob bergan taqdirda avtomatik suhbat bosqichiga o‘tganligi yuzasidan xabar oladi. 

55 ballgacha to‘plagan nomzod  o‘rnatilgan tartibda test sinovida qatnashishi shart bo‘ladi.

5-FAKT: Vakant lavozim uchun eʼlon qilingan tanlov natijasidan norozi bo‘lgan nomzod qayerga murojaat qilishi mumkin?

Nomzodlar tanlov komissiyasi qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda, qaror qabul qilingan kundan boshlab 10 kunlik muddatda tanlov natijalari bo‘yicha komissiya qarori ustidan yuqori turuvchi tashkilot rahbariga, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligiga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega.

 

Chop etish