Davlat organlari va tashkilotlarida zamonaviy kadr texnologiyalarini joriy etish — dolzarb masala
Mamlakatimizda zamonaviy davlat fuqarolik xizmatini tashkil etish davlat boshqaruv tizimi samardorligini oshirishdagi asosiy vazifasi bo‘lib, ushbu tizimdagi davlat xizmatchilarining samarali faoliyat olib borishi davlat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar, qarorlar va dasturlarning sifatli amalga oshirilishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq bo‘ladi.
Ushbu vazifani davlat organlari va tashkilotlarida to‘g‘ri bajarilishi asosan kadr siyosati va kadrlarni boshqarishda zamonaviy innovatsion texnologiyalardan foydalanishga bog‘liq. O‘z navbatida, personaldan samarali foydalanish natijasida davlat organi va tashkilot kadrlarini boshqarish samarali tizimi yaratilib, respublikada zamon talabiga mos davlat xizmati shakllanadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunida belgilangan asosiy maqsadlardan biri — O‘zbekiston Respublikasida davlat fuqarolik xizmatini joriy qilishda samarali va zamonaviy kadrlarni boshqarish texnologiyalarini va usullarini joriy qilish. Shuningdek, ushbu jarayonlarda axborot kommunikatsiya texnologiyalardan keng foydalanib, avtomatlashtirishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Qonunning 27 va 29-moddalarida davlat fuqarolik xizmatiga kirish hamda lavozimni egallash tanlov asosida munosib kadrlarni tanlab olish hamda ushbu jarayonda zamonaviy usulidan foydalanish nazarda tutilgan.
Ochiq mustaqil tanlov orqali kadrlarni ishga qabul qilish uchun Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali (https://vacancy.argos.uz/) yaratildi.
Bugungi kunda 72 ta vazirlik va idoralari hamda 208 ta tuman (shahar) hokimliklardagi mavjud 100 mingdan ortiq vakant lavozimlar bo‘yicha tanlovlar eʼlon qilinib, ushbu vakant lavozimlarga jami 1 million 260 ming nafarga yaqin nomzodlar tomonidan tanlovda ishtirok etish uchun hujjatlar topshirilgan.
Shuningdek, Agentlik tomonidan yana bir axborot texnologiyasi joriy etilgan bo‘lib, bu shaxsni malakaviy qobiliyatlarini, bilimini, maʼnaviyatini hamda psixologik holatini aniqlaydigan maxsus modul — https://test.argos.uz test topshirish tizimidir. Tizim doirasida davlat xizmatchilarini sinovdan o‘tkazish moduli yaratilgan. Mazkur modul orqali barcha vazirlik va idoralarda tashkil etilayotgan tanlovlarning test bosqichlari o‘tkazilmoqda.
Xorijiy tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, kadrlarning samaradorligi — kadr boshqaruvidagi dolzarb muammolardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Davlat boshqaruvidagi natijadorlik va samaradorlik nafaqat sifatli kadrlarni ishga qabul qilish va tanlashga, balki xodimlar faoliyatini odilona baholash tizimini ham shakllantirishga bog‘liq bo‘ladi.
Xorijiy tajribada zamonaviy kadr texnologiyalaridan yana biri sifatida kadr auditi ham foydalanilmoqda. Kadr auditi davlat organi va tashkilotlardagi kadrlar salohiyatini va personalni boshqarish tizimini baholash hamda natijasi bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqishni o‘zida mujassam etgan bir yaxlit jarayondir.
Kadr auditining maqsadi davlat organi va tashkilotda kadrlar boshqaruvining joriy holatini, xodimlarining o‘z majburiyat va vazifalarini bajarish sifatini, ular tomonidan olib borilayotgan faoliyat qanchali tashkilot vazifalariga mos kelishini o‘rganishdan iborat.
Shuningdek, audit jarayonida tashkilotning tuzilmasi uning funksiya va vazifalari, maqsadi va vakolatiga mosligi tahlil qilinadi. Ushbu maʼlumotlar asosida tashkilot faoliyatining samaradorligiga taʼsir qiladigan omil va muammolarni yuzaga chiqarib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Kadr auditi ikki yo‘nalishda olib boriladi: ichki audit va tashqi audit. Ichki audit davlat organi va tashkilot kadr bo‘linmasi tomonidan olib boriladigan bo‘lsa, tashqi audit mustaqil ekspertlar guruhi tomonidan amalga oshiriladi.
Hozirgi vaqtda asosan xususiy sektorda ommalashgan bu turdagi kadr texnologiyasi davlat xizmatiga ham jadal ravishda kirib kelmoqda. Kadr auditi orqali davlat xizmatining samardorligi, unda faoliyat olib borayotgan kadrlar salohiyati tahlil qilinadi va undan davlat boshqaruv tizimini isloh qilishda yordam sifatida qo‘llanilmoqda.
Xorijiy tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, kadr boshqaruvida yana bir keng tarqalgan zamonaviy kadr texnologiyalardan biri HR-metrika texnologiyasi. Ushbu texnologiya asosan tashkilot kadr bo‘linmasi faoliyatini baholash uchun keng foydalanilib, tashkilotdagi kadr siyosati, rejalashtirish qanchalik samarali tashkil etilganligini hamda inson resurslari imkoniyatlaridan to‘la foydalanilishini aks ettiradi.
HR-metrika tashkilot xodimlari to‘g‘risidagi kadrlar qo‘nimsizligi, vakansiyalar bo‘yicha maʼlumotlar, lavozimda ko‘tarilishi, rotatsiya, o‘rtacha mehnat staji, yoshi va jinsi bo‘yicha tarkibi, ishda yo‘q bo‘lgan vaqti (absentizm), inson rivojlantirishga sarflangan xarajatlar kabi maʼlumotlarni o‘z ichiga oladi.
Ushbu zamonaviy kadr texnologiyasini tajriba asosida vazirlik va idoralarga joriy etish bo‘yicha tashkiliy ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Agentlik tomonidan vazirlik va idoralarda inson resurslarini boshqarish faoliyati baholanib, yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan davlat organlari kadrlar bo‘linma rahbarlari Koreyaga xorijiy stajirovkaga yuborildi.
Xulosa qilib aytganda, davlat organlari va tashkilotlarga innovatsion kadr texnologiyalarini joriy etish respublikamizda davlat fuqarolik xizmatini rivojlanirish jarayonini jadallashtirib, hozirgi vaqtda qo‘yilayotgan talab va ehtiyojlarga to‘liq javob beradigan kadrlar tarkibini takomillashtirishga olib keladi.
Muxsina Xusanova,
Davlat xizmatini rivojlantirish
agentligi bosh inspektori