“Davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyatining samaradorligini eng muhim ko‘rsatkichlar asosida baholash Uslubiyati” tasdiqlandi

13:56 - 29 Dekabr 2022 Yangiliklar
2720

“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 36-moddasida davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatining samaradorligini baholashga bag‘ishlangan bo‘lib, unda davlat fuqarolik xizmatchisini rag‘batlantirish hamda xolisona va adolatli mezonlar asosida xizmatda lavozim bo‘yicha ko‘tarilishini taʼminlash uchun uning faoliyati samaradorligini eng muhim ko‘rsatkichlar asosida baholash tizimi joriy etilishi belgilandi.

 

Shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyatining samaradorligini eng muhim ko‘rsatkichlar asosida baholash uslubiyati maxsus vakolatli davlat organi (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi) tomonidan belgilanishi tartibga solingan edi.

Mazkur Qonun talablari ijrosini taʼminlash maqsadida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan “Davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyatining samaradorligini eng muhim ko‘rsatkichlar asosida baholash Uslubiyati” loyihasi tayyorlandi va qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda manfaatdor idoralar bilan kelishilgan holda, bir necha muhokamalar, takliflar va tavsiyalar asosida takomillashtirildi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazildi hamda https://lex.uz/pdfs/6329831 saytida eʼlon qilindi.

Ushbu Uslubiyat 9 ta bob, 37 ta banddan iborat bo‘lib, unda umumiy qoidalar, baholash tizimining bosqichlari, davlat organlarida baholash tizimini joriy etish, EMSKning maqsadli ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va baholash, amaldagi EMSKni hisoblash va baholash, davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatini baholash mexanizmi, baholash intervyusi, shikoyat qilish tartibi hamda yakuniy qoidalar bilan bog‘liq munosabatlar tartibga solinmoqda.

Taʼkidlash lozimki, mazkur Uslubiyatning amal qilishi Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reestriga kiritilgan lavozimlardagi davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyati samaradorligini eng muhim ko‘rsatkichlar asosida baholash bo‘yicha davlat organining o‘z ichki tartibini belgilashga nisbatan tatbiq etiladi.

Shuningdek, davlat organida baholash tizimini amalga oshirish bosqichlari belgilanmoqda.

Unga ko‘ra, birinchi bosqich – davlat organida mazkur Uslubiyat asosida baholash tizimini joriy etish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi hujjatni ishlab chiqish va tasdiqlash:

Baholash tizimi joriy etiladigan tarkibiy tuzilmalar, shuningdek, hududiy va idoraviy mansub tashkilotlar va ularning tarkibiy bo‘linmalarining, shu bilan birga lavozimlarning ro‘yxatini;

EMSKga qo‘yiladigan talablar, ularni ishlab chiqish va hisoblash tartibini;

Baholash tizimini joriy etish va ishlashini monitoring qilish bo‘yicha masʼul tarkibiy tuzilmani belgilashni;

baholanuvchi davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatining EMSKni baholash natijasi bo‘yicha rag‘batlantirish choralarining nisbatini;

EMSKga erishilishini hisoblash davriyligini (oylik, choraklik, yarim yillik, yillik);

ikkinchi bosqich – baholanuvchi rahbar faoliyati EMSKning maqsadli ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish va tasdiqlash;

uchinchi bosqich – davlat organi rahbari o‘rinbosarlari yig‘ma EMSKlaridan kelib chiqib, baholanuvchi rahbar faoliyatining amaldagi EMSKni hisoblash va baholash, shuningdek, baholanuvchi rahbarning yig‘ma EMSKdan kelib chiqib, baholanuvchi davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatining amaldagi EMSKni hisoblash va baholash;

to‘rtinchi bosqich – baholash natijalariga ko‘ra, rag‘batlantirish chorasini qo‘llash.

Undan tashqari, davlat organi rahbarning qarori bilan Baholash tizimini joriy etish va monitoring qilish bo‘yicha (qoida tariqasida, davlat organining birinchi rahbariga bo‘ysunuvchi tuzilmalar orasidan, mahalliy ijroiya hokimiyati organlarida Axborot-tahlil guruhlari) markaziy apparatning Masʼul tarkibiy tuzilmasi belgilanadi.

Davlat boshqaruvi hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining ish faoliyati xususiyatlaridan kelib chiqqan holda davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyati EMSKning maqsadli ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va baholashning alohida sxemalari ishlab chiqildi.

Bundan tashqari, baholanuvchi davlat fuqarolik xizmatchisining faoliyati samaradorligi bo‘yicha:

60 balldan kam bo‘lganda – “qoniqarsiz”;

60 balldan 80 ballgacha – “qoniqarli”;

80 balldan 100 ballgacha – “yaxshi”;

100 ball va undan yuqori bo‘lganda “aʼlo” deb baholanishi tasniflanmoqda.

Qayd etish lozimki, baholanuvchi davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatini EMSK asosida baholash natijasiga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari va davlat organining ichki tartibiga muvofiq unga rag‘batlantirish choralari qo‘llaniladi hamda uning xolisona va adolatli mezonlar asosida xizmatda lavozim bo‘yicha ko‘tarilishi taʼminlanadi.

Davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatini EMSK asosida baholash natijasiga ko‘ra, “yaxshi” va “aʼlo” deb baholangan taqdirda davlat organi rahbari tomonidan quyidagi qo‘shimcha rag‘batlantirish choralari qo‘llanilishi mumkin:

birinchi navbatda lavozimda o‘stiriladigan nomzodlar qatoriga kiritish;

lavozimda o‘stiriladigan potensial nomzodlar qatoriga kiritish;

malaka darajasini navbatdan tashqari berish;

nomoddiy tusdagi rag‘batlantirish;

berilgan intizomiy jazo chorasini olib tashlash;

boshqa rag‘batlantirish choralari belgilanmoqda.

Taʼkidlash lozimki, davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyatining samaradorligini baholash ishlarini tashkil etishda yuzaga keladigan muammolarni bartaraf qilish bo‘yicha munosabatlar ham tartibga solinmoqda. Unga ko‘ra, baholanuvchi davlat fuqarolik xizmatchisi amaldagi EMSKni hisoblash va baholash natijasidan norozi bo‘lgan taqdirda yuqori turuvchi rahbarga yozma yoki elektron shaklda shikoyat qilishi mumkinligi tartibga solinmoqda.

Bunda, yuqori turuvchi rahbar shikoyatni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha tasdiqlangan EMSKning maqsadli ko‘rsatkichlari va amaldagi EMSKni hisoblash va baholash natijasini o‘zgarishsiz qoldirish yoki tasdiqlangan EMSKning maqsadli ko‘rsatkichlari va amaldagi EMSKni hisoblash va baholash natijasiga o‘zgartirishlar kiritishi mumkin bo‘lmoqda.

Umuman olganda, mazkur Uslubiyatning amaliyotga joriy etilganligi kelgusida davlat organi oldiga qo‘yilgan vazifa va funksiyalarni sifatli taʼminlashi bilan birgalikda, bu orqali aholining og‘irini yengil qilish hamda samarali mehnat uchun adolatli rag‘bat mexanizmi belgilab bermoqda.

Chop etish