Salohiyatli kadrlar rezerviga kiritilgan nomzodlar uchun dublyorlik stajirovkasi boshlandi

16:59 - 30 Mart 2023 Yangiliklar
705

Davlatimiz rahbari boshchiligida 2022-yil 4-avgustda o‘tkazilgan kengaytirilgan videoselektorda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligiga Salohiyatli kadrlar rezerviga kiritilgan nomzodlarning bilimini oshirish va kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida o‘quv kurslarini hamda stajirovka o‘tashini tashkil etish vazifasi yuklatilgan.

Shunga asosan, Agentlik tomonidan nomzodlar dastlab masofaviy malaka oshirish o‘quv kursida o‘qitildi, undan so‘ng nomzodlar uchun davlat organlari va tashkilotlarining hududiy boshqarmalari (tuman, shahar bo‘linmalari) hamda hokimliklarda stajirovka jarayonlari tashkil etildi.

Joriy yilning 23-martidan boshlab esa, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda viloyat hokimligi hamkorligida Salohiyatli kadrlar rezerviga kiritilgan nomzodlar viloyat hokimi o‘rinbosarlari, tuman (shahar) hokimlari hamda Agentlikning hududiy filiali rahbarlariga biriktirilib, dublyorlik stajirovkasini boshlashdi. 

Maqsad — nomzodlarning bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlash hamda amaliyot bilan uyg‘unligini taʼminlash, rahbarlik borasidagi yangi ko‘nikmalarni shakllantirish va boshqaruvda to‘g‘ri qaror qabul qilish mahoratini oshirish.

— Namangan shahar hokimiga dublyor sifatida biriktirildim. Shahar hokimi bilan birga ishlayapmiz. Hududda turli sohalardagi barcha masalalarning birortasi chetda qolib ketmasligi uchun rahbarda nafaqat boshqaruv mahorati, balki iqtisodiy, ijtimoy-siyosiy bilimlar, ayniqsa har qanday vaziyatda ham to‘g‘ri qaror qabul qilish muhim ekanligini har kun amaliyotda ko‘ryapman. Stajirovkaning har bir daqiqasi meni yana-da ko‘proq o‘z ustimda ishlashga, bilim va ko‘nikmalarimni oshirib borishga undamoqda, – deydi Namangan shahar "Obi Hayot" mahallasi hokim yordamchisi Farrux Azimov.

❗️Jarayon respublika bo‘ylab davom etmoqda. 

Chop etish