Mehnat munosabatlariga oid yana bir xalqaro Konvensiya ratifikatsiya qilindi
Keyingi yillarda mamlakatimizda inson huquq va qonuniy manfaatlarini himoyalashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur sohada amalga oshirilayotgan tub islohotlar zamirida “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqarish, inson hamda uning baxt-saodatiga xizmat qilish, xalq farovonligi haqida g‘amxo‘rlik qilish kabi insonparvarlikning asosiy mezoni mujassam, desak, ayni haqiqat.
Bugungi kunda davlatimiz rahbari boshchiligida tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari hamda mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash masalasida ham tizimli tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
O‘tgan yillar davomida ijtimoiy mehnat sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, qabul qilingan qonunlar mazmun-mohiyatini xodimlarga yetkazish, ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirish hamda mehnat sohasidagi huquqlari himoyasini taʼminlash borasidagi faoliyat ham muntazam ravishda takomillashtirib borildi. Bu borada xodimlarning mehnat huquqlariga daxldor amaliy ishlar statistik maʼlumotlar orqali yana-da aniqroq tasavvur uyg‘otadi.
Eʼtiborlisi shundaki, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan Konvensiyalari hamda O‘zbekiston Respublikasining mehnat sohasidagi qonunlari va huquqiy-normativ hujjatlarining mazmun-mohiyati g‘oyatda keng hamda muhim. Yurtimizda oxirgi yillarda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan yuksak eʼtirof etilayotgani ham haqiqat.
Yaqinda mehnat munosabatlariga oid xalqaro hujjat, xususan, Prezidentimiz tomonidan imzolangan qonun (O‘RQ–840, 06.05.2023-y.) bilan Xalqaro mehnat tashkilotining xodimlarni ish joyidagi havoning ifloslanishi, shovqin va tebranishlar tufayli yuzaga keladigan kasbiy xavf-xatardan himoya qilish to‘g‘risidagi 148-sonli Konvensiyasi (Jeneva, 1977-yil 20-iyun) ratifikatsiya qilindi. Bu ham ushbu yo‘nalishda qo‘yilgan muhim qadamlardan biridir.
Xo‘sh, ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilishdan ko‘zlangan maqsad nima? Umuman, hujjatning mazmun-mohiyati hamda ahamiyati nimalardan iborat?
Taʼkidlash joizki, Konvensiyaning asosiy maqsadi milliy qonunchilik yoki meʼyoriy hujjatlar orqali ish joyidagi havoning ifloslanishi, shovqin va tebranishlar tufayli kasbiy xavf-xatarlarning oldini olish va cheklashga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilashdan iborat.
Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi xodimlar huquqlarini himoya qilishning qo‘shimcha kafolatlarini yaratish imkonini berishi va mehnatni muhofaza qilish milliy tizimini yana-da takomillashtirishga sezilarli turtki beradi.
Shu bilan birga, Xalqaro mehnat tashkilotining mazkur konvensiyasi muhim xalqaro standartlarni tatbiq etish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni ham yaratadi. Konvensiya ratifikatsiyasi bilan birga, albatta, tegishli milliy qonunchilik xujjatlarimizni ham ushbu Konvensiyaga implementatsiya qilish ham dolzarb masala.
Keling, Xalqaro mehnat tashkilotining xodimlarni ish joyidagi havoning ifloslanishi, shovqin va tebranishlar tufayli yuzaga keladigan kasbiy xavf-xatardan himoya qilish to‘g‘risidagi 148-sonli Konvensiyasi haqida kengroq maʼlumotlar berib o‘tsam.
Mazkur Konvensiya 5 ta bob va 24 ta moddadan iborat bo‘lib, uning maqsadi milliy qonunchilik yoki qoidalar orqali ish joylarida havoning ifloslanishi, shovqin va tebranish tufayli vujudga keladigan kasbiy xavf-xatarlardan ogohlantirish, ularni cheklashga hamda ushbu xatarlardan himoyalanishga yo‘naltirilgan choralar qabul qilinishini belgilaydi.
Ushbu Konvensiya ellikka yaqin davlatlar tomonidan ratifikatsiya qilingan bo‘lib, Germaniya, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya kabi yevropa davlatlari hamda MDH mamlakatlaridan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon Respublikalari va Rossiya Federatsiyasi shular jumlasiga kiradi.
Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi ish joylarida mehnat sharoitlarini, jumladan zararli va xavfli ishlab chiqarish omillarini, mehnat jarayonlarining og‘irligi va tig‘izligini hamda asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligini baholash, shuningdek, mehnat sharoitlarini qonun hujjatlarija belgilangan talablarga muvofiqlashtirish maqsadida ish o‘rinlari mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazishni nazarda tutadi.
Mazkur Konvensiyaga qo‘shilish Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlari hamkorligida mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro standartlarni milliy qonunchiligimizga joriy etish bo‘yicha izchil choralarni ko‘rishga xizmat qiladi.
Bu hali hammasi emas. Xalqaro konvensiyalarni ratifikatsiya qilish jarayonida O‘zbekiston Respublikasi tomonidan noyob tajriba qo‘llanilmoqda. Yaʼni xalqaro-huquqiy hujjatlar normalari dastlab milliy qonunchilikka implementatsiya qilinib, shundan keyin ratifikatsiya qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
Xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning 148-sonli Konvensiyasida belgilangan talablar yangi tahrirda qabul qilingan Mehnat kodeksining mehnatni muhofaza qilish bilan bog‘liq XIII bobi, O‘zbekiston Respublikasining Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunining o‘ndan ortiq moddalari, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun va 300 dan ortiq mehnatni muhofaza qilishga oid qoidalar va meʼyorlar, shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar bilan belgilangan.
O‘z navbatida, XMTning 148-sonli Konvensiyasi ratifikatsiya qilinishi, milliy qonunchilikni yana-da takomillashtirish, xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti hujjatlarida belgilangan, ish joyida havo ifloslanishi, shovqin va tebranish tufayli vujudga keladigan kasbiy xavf-xatarlarning oldini olish, aniqlash hamda bartaraf etish borasidagi xalqaro standartlarning samarali joriy etilishi va bajarilishiga xizmat qiladi.
XMTga aʼzo davlat u yoki bu konvensiyani ratifikatsiya qilganda undagi qoidalarni milliy qonun hujjatlarida va amaliyotda qo‘llash majburiyatini o‘z zimmasiga oladi. Shundan kelib chiqib, ushbu konvensiya ratifikatsiyasi mehnatni muhofaza qilish sohasidagi vakolatli davlat organlari, mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati hamda tekshiruvini amalga oshiruvchi organlar, shuningdek, kasaba uyushmalari va, albatta, ish beruvchilar masʼuliyatini yana-da oshiradi, albatta.
Muborak USMONOVA,
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti professori, yuridik fanlar doktori
Manba: O‘zA