Vazirlik va idoralar rahbar kadrlari malakasini oshirmoqda
“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunning 12-moddasida davlat fuqarolik xizmatchisi o‘zining kasbiy kompetensiyasini muntazam ravishda oshirib borishi shart ekanligi belgilab qo‘yilgan.
Shu munosabat bilan, joriy yilning 8-may kunidan boshlab Agentlik tomonidan vazirlik va idoralar markaziy apparatlarida faoliyat yuritayotgan tarkibiy bo‘linmalar rahbar kadrlari (departament, boshqarma, bo‘lim boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari) uchun Davlat boshqaruvi akademiyasida 56 soatlik (6 kunlik) maxsus malaka oshirish kurslari yo‘lga qo‘yildi.
Maqsad — vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning markaziy apparatlarida faoliyat ko‘rsatayotgan boshqaruv kadrlarining nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirish hamda boshqaruv salohiyatini yana-da rivojlantirishga ko‘maklashish.
Mazkur malaka oshirish kurslarining o‘quv mashg‘ulotlari Akademiyaning professor-o‘qituvchilari tomonidan maʼruza (suhbat) va trening shaklida o‘tkazilmoqda.
O‘quv kursi doirasida tinglovchilar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati, dunyodagi geosiyosiy o‘zgarishlar, davlat siyosatini shakllantirish mexanizmlari, kadrlar siyosati, davlat fuqarolik xizmati, rahbarlarda nizoli vaziyatlarni oqilona hal qilish va boshqa muhim mavzularda bilim va ko‘nikmalarini oshirmoqda.
Mazkur o‘quv kursining 1-bosqichi yakunlandi. 47 nafar tinglovchiga sertifikat topshirildi. Hozirda o‘quvning 2-bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.
Yil yakuniga qadar Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda 800 nafar vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning markaziy apparatlarida faoliyat ko‘rsatayotgan boshqaruv kadrlarini o‘qitish rejalashtirilgan.