Davlat xizmatchilari faoliyatini baholash bo‘yicha xorijiy tajriba o‘rganildi
Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Fransiya O‘zgarishlar va davlat xizmati vazirligi huzuridagi Maʼmuriyat va davlat xizmati bosh boshqarmasi (DGAFP) bilan hamkorlikda “Davlat xizmatida personalni baholash: Fransiya tajribasi” mavzusida onlayn davra suhbati tashkil qilindi.
Tadbirda Agentlik markaziy apparati va filiallari vakillari, tegishli vazirliklar xodimlari ishtirok etdi.
Fransiya Maʼmuriyat va davlat xizmati bosh boshqarmasi Mobillik va karyeraviy o‘sish departamenti boshlig‘i Naima Ez-zaki taqdimoti avvalida DGAFP faoliyati va uning institutsional ahamiyati, mamlakatda davlat xizmati tizimi, uning huquqiy asoslari to‘g‘risida maʼlumot berib o‘tdi. Xususan, Fransiyada 2022-yil 1-martdan “Davlat xizmati kodeksi” kuchga kirgan bo‘lib, u 8 ta tomda mujassamlashgan 1 265 moddadan iborat. Shulardan davlat xizmatida personalni baholash va rag‘batlantirish masalalari 1 ta alohida tomga ajratilgan.
N.Ez-zaki taʼkidlashicha, Fransiyada davlat xizmatchilarining faoliyatini baholash amaliyoti 15 yil oldin joriy qilingan bo‘lib, so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan maʼmuriy islohotlar sharoitida davlat xizmatchilarining faoliyatini baholash metodologiyasi qayta ko‘rib chiqilmoqda. Ilgari davlat xizmatchilarining faoliyatiga maʼlum bir shkala asosida baho qo‘yish bilan cheklanilgan bo‘lib, bu amaliyot dastlab davlat xizmatchilarini lavozimda ko‘tarish jarayonida foydaliligini ko‘rsatgan. Zamon talablari o‘zgarishi bilan Fransiya bu amaliyotdan asta-sekinlik bilan voz kechdi. Hozirda har yili o‘tkaziladigan kasbiy intervyu asosida “davlat xizmatchisining kasbiy qiymati” baholanib, baholash natijalari davlat xizmatchisining hujjatlari majmuida saqlanadi va davlat xizmatchisi ular yuzasidan apellyatsiya berish huquqiga ega.
Ekspert muhokamalari davomida Fransiyada hozirgi kunda davlat xizmatchilari faoliyatini baholash metodologiyasi, baholash bosqichlari, baholash va moliyaviy rag‘batlantirish masalalari, baholashning bahsli jihatlari, davlat xizmatchisi tomonidan apellyatsiya berish tartibi va uni ko‘rib chiqish bosqichlari batafsil muhokama qilindi.
Tadbir yakunida hamkorlarga minnatdorchilik bildirildi va kelgusida tajriba almashinuvi va ekspert muhokamalarini davom ettirishga kelishildi.