O‘zbekiston delegatsiyasi Singapurning PSB Akademiyasi rahbariyati bilan uchrashdi
O‘zbekiston delegatsiyasining Singapurga tashrifi doirasida bugun PSB Akademiyasi ijrochi raisi Viva Sinnia bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
PSB Akademiyasi qariyb 60 yillik tarixga ega. Singapurning eng ilg‘or xususiy taʼlim muassasalaridan biri hisoblanadi. Mazkur taʼlim dargohini hozirgi kunga qadar 200 mingdan ortiq talaba tamomlagan.
Uchrashuvda V.Sinnia PSB Akademiyasining maqsad va vazifalari, taʼlim yo‘nalishlari hamda xalqaro hamkorligi to‘g‘risida maʼlumot berdi. Unga ko‘ra, mazkur Akademiya asosiy eʼtiborni bugun dunyoda raqamli iqtisodiyot shakllanayotgan bir vaqtda unga kerak bo‘ladigan samarali kadrlarni tayyorlashga qaratadi. Bu borada PSB Akademiyasi qator sohaviy va xalqaro hamkorlar bilan yaqindan ishlab kelmoqda.
Har yili ushbu muassasaga 16 ming nafar talab qabul qilinadi. Uning tarkibida biznes va menejment, muhandislik va texnologiya, sog‘liqni saqlash va tabiiy fanlar maktablari hamda raqamli akademiya faoliyat yuritadi. Bakalavriat, magistratura va doktorantura taʼlim dasturlari bilan birgalikda PSB Akademiyasida qisqa muddatli malaka oshirish kurslari ham mavjud.
Suhbat chog‘ida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining asosiy faoliyat yo‘nalishlari, mamlakatda bugungi kunda samarali davlat xizmatini joriy qilishda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berildi.
Bundan tashqari, tomonlar korrupsiyaga qarshi kurashish, menejment, raqamli iqtisodiyot, inson resurslarini boshqarish sohalarida davlat xizmatchilarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi va boshqa masʼul tashkilotlar vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Singapurga xizmat safarida bo‘lib turibdi. Safar Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining “Samarali davlat boshqaruvi” loyihasi doirasida tashkil etilmoqda.