Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini barcha bo‘g‘indagi davlat fuqarolik xizmatchilariga yetkazish maqsadida o‘quv-seminarlar boshlandi
Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashabbusi, Adliya vazirligi hamkorligida tashkil etilgan o‘quvlar bugun start oldi. Seminarlar barcha vazirlik, idoralar va ularning quyi tuzilmalari, hokimliklarda joriy yilning 27-sentyabriga qadar davom etadi.
O‘quvlar samaradorligini oshirish maqsadida tajribali mutaxassislardan iborat ekspertlar guruhi shakllantirildi.
O‘quv Davlatimiz rahbarining “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-67-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etilmoqda.
Taʼkidlash joizki, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan konstitutsiyaviy normalarning ijrosini so‘zsiz taʼminlash barcha sohalarda “inson qadri”ning tom maʼnoda yuksalishiga, davlat va jamiyat hayotini “inson – jamiyat – davlat” degan tizimga asoslangan yangi va zamonaviy tarzda boshqarish imkonini beradi.
Shu boisdan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya ijrosini to‘liq taʼminlash barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi navbatdagi ustuvor vazifasidir.
Shu maqsadda belgilangan chora-tadbirlar dasturiga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatidagi xodimlarning yangi konstitutsiyaviy talablarga rioya etish borasidagi bilim va malakasini oshirish maqsadida Dastur ishlab chiqildi.
Dastur birinchi bosqichiga muvofiq o‘quv-seminarlarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tajribali huquqshunos (siyosatshunos) iborat ekspertlar guruhi shakllantirildi.
Seminar dasturiga muvofiq davlat fuqarolik xizmatchilariga yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ijrosini so‘zsiz taʼminlash yuzasidan vazirlik va idoralarda amalga oshiriladigan birinchi navbatdagi ustuvor vazifalar, bosh qomusimizning asosiy prinsiplari, inson va fuqaroning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari, jamiyat va shaxs masalalari, davlat hokimiyatining tashkil etilishi hamda saylov tizimidagi fundamental vazifalar to‘g‘risida maʼruza va taqdimotlar qilinishi belgilandi.
O‘quvda barcha bo‘g‘inda faoliyat yuritayotgan davlat xizmatchilarini qamrab olish rejalashtirilgan. Shuningdek, seminarlarda OAV xodimlari, jamoatchilik vakillari ham ishtirok etadi.
Maʼlumot uchun: bugun Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Suv xo‘jaligi vazirligida seminarlar tashkil etildi va 2 ming nafardan ortiq davlat xizmatchilari qamrab olindi.