Ilk marotaba “mahalladan - respublikagacha” tamoyili asosida kadrlarni o‘stirish mexanizmi joriy etildi

10:10 - 9 Oktabr 2023 Yangiliklar
1981

Tahlillarga ko‘ra, vazirliklar markaziy apparatidagi rahbarlarning 40 foizi tuman pog‘onasini ko‘rmagan, tuman miqyosidagi rahbarlarning 60 foizi esa viloyat yoki respublika idoralarida ishlamagan.

Davlatimiz rahbari davlat xizmatini isloh qilish va boshqaruvda natijadorlikni oshirish yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishida dolzarb masalaga — davlat idoralarida “mahalladan – respublikagacha” tamoyili asosida kadrlarni o‘stirishga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi.

Mazkur tashabbusning mohiyati shundaki, endilikda tuman va shahar darajasidagi rahbarlik uchun Salohiyatli kadrlar rezervi tuziladi, unga nomzodlar faqat mahallalardagi hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari orasidan tanlab olinadi. Kompetensiyasiga qarab, ular uchun maqsadli malaka oshirish kurslari tashkil etiladi. Ishlar namunadagidek tashkil etildi.

Boshqaruvda eng quyi bo‘g‘ingacha tushishga erishildi

O‘tgan qisqa vaqt shuni ko‘rsatdiki, mahallalardagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari lavozimlarining joriy etilishi davlat fuqarolik xizmati oldida turgan qator muhim masalalarni birlamchi bo‘g‘inda hal qilishga yordam bermoqda.

Birinchidan, davlat fuqarolik xizmatiga 30 mingga yaqin sadoqatli va shijoatli, har bir masalaga nostandart yechim topishga qodir yangi avlod kadrlari kirib keldi.

Ikkinchidan, Salohiyatli kadrlar rezerbi pastni ko‘rgan, muammolarni o‘rgangan, bevosita fuqarolar bilan ishlagan kadrlar bilan taʼminlandi.

Uchinchidan, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli davlat boshqaruvining bevosita eng quyi bo‘g‘iniga qadar kirib borishiga va aynan mahalla darajasida davlat siyosatini yana-da kuchaytirishga erishilmoqda.

Salohiyatli kadrlar rezervini shakllantirish tizimi qanday yo‘lga qo‘yildi?

Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi mazkur tizimning mexanizmlarini ishlab chiqdi, sinovdan o‘tkazdi. Yangi tizimga ko‘ra, mahallalarda faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari orasidan 1000 nafari Salohiyatli kadrlar rezerviga saralab olindi.

Nomzodlarni saralab olish jarayonida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish, Yoshlar ishlari agentligi hamda mahalliy hokimliklar bilan hamkorlik qilindi. Dastlab faoliyatda ijobiy natijalarga erishgan, xalq bilan hamkorlik qilayotgan nomzodlar saralandi. Ikkinchi bosqichda, nazariy bilimlari va psixologik holatini aniqlash maqsadida nomzodlar test sinovidan o‘tkazildi. So‘ngra ularning kasbiy va boshqaruv ko‘nikmalarini baholash maqsadida suhbat tashkil etildi. Suhbat jarayonida nomzodning liderlik qobiliyati, tizimli fikrlashi, natijaga yo‘nalganlik, moslashuvchanlik va kommunikativlik kompetensiyalarini aniqlashga alohida urg‘u berildi.

Natijada 754 nafar hokim yordamchisi, 196 nafar yoshlar yetakchisi va 50 nafar xotin-qizlar faoli Salohiyatli kadrlar rezerviga saralab olindi.


Salohiyatli kadrlar rezervidagi nomzodlar o‘z ustida ishladi, tajribali rahbarlarga dublyor bo‘ldi

Uchinchi bosqichda, nomzodning kasbiy va shaxsiy rivojlanish rejasi ishlab chiqildi. Bunda, maxsus o‘quv dasturi asosida nazariy bilimlari mustahkamlanib, vazirlik va idoralar, shuningdek, xorijiy stajirovka orqali amaliy ko‘nikmalari oshirildi.

Jumladan, nomzodlar bir yilga mo‘ljallangan shaxsiy rivojlanish rejasini ishlab chiqdi, shuningdek, Masofaviy taʼlim platformasi orqali turli sohalar bo‘yicha o‘z malakasini oshirdi(Masofaviy malaka oshirish kursi 9 ta modul, 30 ta mavzudan iborat, 48 soatga mo‘ljallandi).

Shuningdek, nomzodlar 2 hafta davomida o‘zlari biriktirilgan mahalliy hokimlik, vazirlik va idoralarning hududiy tuzilmalari (departament, boshqarma, bo‘lim) rahbarlari, ularning birinchi o‘rinbosarlariga dublyorlik qildi. 

Nomzodlarning maʼlumotlar bazasini to‘liq shakllantirish, ularning reytingini yuritish maqsadida “zaxira.argos.uz” raqamli platformasi ishga tushirildi. Ushbu dastur shaxsiy rivojlanish rejasining bajarilishi, masofaviy malaka oshirish kursi, stajirovka va dublyorlik natijalaridan kelib chiqib, nomzodlarning reyting ko‘rsatkichlarini shakllantiradi hamda ularni avtomatik tarzda “oltin”, “kumush” va “bronza” zaxiralarga ajratadi.

“Oltin” zaxiraga kiritilgan nomzodlarning 4 nafari ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish maqsadida Xitoy Xalq Respublikasi, 20 nafari esa Rossiya Federatsiyasiga stajirovka o‘tab qaytdi.

O‘tgan davr ichida mehnat faoliyatida ijobiy yutuqlarga erishgan Salohiyatli kadrlar rezervidagi nomzodlarning 158 nafari turli darajadagi lavozimlarga tayinlandi.

Mamlakatimizda “inson – jamiyat – davlat” degan tamoyil ustuvor etib belgilangan. Barcha sohalarda odamlarga qulaylik yaratish choralari ko‘rilmoqda. Islohotlarni samarali tashkil etishda eng quyi tizim — mahallada odamlar bilan muloqot qilgan, ularning tashvishi bilan yurib, natija ko‘rsatgan salohiyatli kadrlarga suyanadi. Ushbu Rezerv ana shunday kadrlarni saralash va ularni rahbarlikka tayyorlashda muhim institut sifatida namoyon bo‘lmoqda.

 

Chop etish