Xodimlarni samarali boshqarish va inson resurslarini rejalashtirish sohasini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan Davlat xizmatini rivojlantirish agentligiga davlat organlari va tashkilotlarining davlat kadrlar siyosati sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi yuklatilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli (PQ-4472-son) qaroriga asosan davlat organlari va tashkilotlarning mehnat resurslariga bo‘lgan ehtiyojlarini davlat organlari va tashkilotlari oldida turgan vazifalarga, ularni rivojlantirish strategiyalariga, mehnat bozoridagi o‘zgarib borayotgan tashqi va ichki konyunkturaga mos ravishda qanoatlantirib borish kadrlar bo‘linmalarining asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan.
Ushbu vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan davlat organlarida inson resurslarini tahlil qilish va rejalashtirish bo‘yicha namunaviy yo‘riqnoma hamda davlat organlari uchun namunaviy kadrlar siyosati uslubiyotlari ishlab chiqildi.
Shu bilan birga, Agentlik Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan inson resurslarini strategik rejalashtirish tizimini amaliyotga keng joriy etish bo‘yicha hamkorlikda ish olib bormoqda. Ayni damda mazkur loyiha doirasida jalb etilgan xorijiy ekspert Damir Axmetovich O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi vakillari bilan inson resurslarini strategik rejalashtirish tizimini joriy etish bo‘yicha joylarga chiqqan holda uchrashuvlar o‘tkazildi.
Jumladan, namuna asosida tanlab olingan Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida Agentlik xodimlari va xalqaro ekspert ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuv davomida vazirlik tizimida inson resurslarini boshqarishdagi hozirgi holat, amalga oshirilgan ishlar va tizimdagi mavjud kamchiliklar yuzasidan fikr almashildi.
Muloqot davomida Damir Axmetovich vazirlik tizimida inson resurslarini strategik rejalashtirishni samarali amalga oshirish bo‘yicha tajribalari bilan bo‘lishdi.
Shuningdek, bugun tashrif doirasida davlat organlari va tashkilotlarida Inson resurslarini strategik rejalashtirish tizimini joriy etish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar xodimlari ishtirokida seminar tashkil etildi.
Seminarda xodimlarni samarali boshqarish va inson resurslarini rejalashtirish sohasidagi tizimli muammolar — tashkiliy-huquqiy mexanizmlar, moliyaviy-iqtisodiy resurslar bilan taʼminlanganlik, o‘z ahamiyatini yo‘qotgan hamda takrorlanuvchi funksiyalarning mavjudligi bilan bog‘liqligi taʼkidlandi.
Davlat organining inson resurslarini tahlil qilish va rejalashtirish bo‘yicha boshqa davlat organlari bilan o‘zaro hamkorligi yuzasidan tavsiyalar berildi. Shuningdek, seminarda xodimlarni samarali boshqarish va inson resurslarini rejalashtirish sohasidagi tizimli muammolar yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.