“Hokimlikka tayyorlash maktabi” dasturi tinglovchilari Germaniyada stajirovka o‘tamoqda
Avval xabar berganimizdek (https://t.me/argos_uz/13409), davlat tashkilotlaridagi masʼul rahbarlik lavozimlariga ilg‘or xorijiy tajribalar asosida zaxira yaratish maqsadida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Xanns Zaydel jamg‘armasi va Bavariya Davlat boshqaruvi maktabi bilan hamkorlikda “Hokimlikka tayyorlash maktabi” qo‘shma taʼlim dasturini amaliyotga joriy qilgandi.

Tinglovchilar birinchi bosqichda Davlat boshqaruvi akademiyasida tahsil oldi va yakunda (O‘zbekistonda) o‘z hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha loyiha ishini maxsus Komissiya oldida himoya qildi.
Ikkinchi bosqich esa Bavariya Davlat boshqaruvi maktabi bilan kelishuvga asosan, tinglovchilarni ilg‘or xorijiy tajribalar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Germaniyada tashkil etildi.
Ayni kunlarda tinglovchilar davlat boshqaruvi, inson resurslarini rivojlantirish, ijtimoiy xizmatlar, savdo, fan, taʼlim, madaniyat, qishloq xo‘jaligi, transport va infratuzilma, sog‘liqni saqlash, iqlim o‘zgarishi hamda mahalliy boshqaruv sohasida o‘zaro tajriba almashishmoqda.