Vazirlik va idoralarning markaziy apparatlarida inson resurslarini rejalashtirishning yangi tizimi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda
Shu maqsadda Raqobat qo‘mitasi va Madaniyat vazirligida seminar-trening tashkil etildi. Maqsad — vazirlik va idoralarning markaziy apparatlarida inson resurslarini rejalashtirishning yangi tizimini bosqichma-bosqich joriy etish.

Avval maʼlum qilganimizdek, davlat organlarining faoliyati samaradorligini oshirish hamda malakali kadrlarni shakllantirish maqsadida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan “Davlat organlarida inson resurslarini rejalashtirish bo‘yicha namunaviy yo‘riqnoma” ishlab chiqildi.
Ushbu tizimni amaliyotga samarali joriy etishda Agentlik vakillari vazirlik va idoralarga chiqqan holda ularga ko‘maklashib, faoliyatni muvofiqlashtirmoqda.
Seminar-treninglarda mutaxassislar inson resurslarini rejalashtirish tushunchasi va uning maqsadi, davlat organlarida ushbu yo‘nalishdagi muammolar, inson resurslarini rejalashtirishda strategik yondashuvni joriy etishning afzalliklari haqida maʼlumot berishmoqda. O‘quvlarda davlat fuqarolik xizmatida inson resurslarini strategik rejalashtirish va professiografik tahlil mavzularida fikr-mulohazalar almashilib, so‘rovnomalar ham o‘tkazildi.
Shuningdek, ishtirokchilarga hrm.argos.uz platformasiga kiritilgan o‘zgartirishlar to‘g‘risida tushuntirishlar ham berib o‘tildi.