Davlat xizmatida halollik va aksilkorrupsiya tashabbuslari bo‘yicha Malayziya bilan hamkorlik qilinmoqda
Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Rahbar kadrlarni baholash markazi hamda Malayziyaning Halollik instituti vakillari ishtirokida onlayn uchrashuv tashkil etildi. Unda malayziyalik hamkorlar tomonidan “Halollikni aniqlash profili” taqdimot qilindi.

Maʼlumot uchun, bu yilgi Davlat dasturida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Rahbar kadrlarni baholash markazida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi buyurtmasi asosida 2025-yil davomida kamida 500 nafar rahbarlik lavozimlarida ishlayotganlar va ushbu lavozimlar uchun zaxirada turganlarning korrupsiyaga qarshi barqarorligi darajasini baholash, davlat xizmatchilarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni singdirish bo‘yicha qadriyatlar tizimini shakllantirish yuzasidan tadqiqotlar asosida taʼsirchan chora-tadbirlarni joriy etishga oid takliflarni muntazam kiritib borish vazifasi belgilangan.
Davlat rahbari raisligida o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ham ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasini keng qo‘llagan holda mamlakatda preventiv mexanizmlar samaradorligini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi.
Ayni damda ko‘rsatma ijrosi doirasida Ekspertlar kengashi tuzildi, ular tomonidan “Davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi barqarorligini baholash metodologiyasi” ishlab chiqildi va uni Malayziya tajribasi asosida takomillashtirish rejalashtirilmoqda.
▫️Uchrashuv yakunida tomonlar loyihani O‘zbekistonda tatbiq etish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikka tayyor ekanligini bildirishdi.