"Mamlakat oltin fondi hamjamiyati”ni tuzish taklif etildi

10:11 - 28 Mart 2025 Yangiliklar
228

Prezident iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Prezidentimizning yana bir tashabbusiga muvofiq, yoshlarimizni Amerikaning “Pechak ligasi” (The Ivy League) universitetlariga tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun 6 bosqichli Milliy dastur qabul qilinadi. Bu yil dastlab 3 ming nafar o‘quvchi saralab olinadi. Ularga Prezident va ixtisoslashgan maktablardan 208 nafar maslahatchi biriktiriladi.

O‘quvchilar Renessans oromgohida yil davomida 3 haftalik intensiv o‘quv kurslarda o‘qitiladi. Yaxshi natija ko‘rsatgan 40 nafari “Pechak ligasi” universitetlariga tajriba almashish uchun yuboriladi.

Keyingi muhim masala – chet elda o‘qigan yoshlarni vatanimizda o‘z sohasi bo‘yicha munosib ish bilan taʼminlash. Bu borada “Mamlakat oltin fondi hamjamiyati”ni tuzish taklif etilmoqda. U orqali iqtidorli yoshlar yagona platformada birlashtiriladi. Xorijda taʼlim olib qaytganlar uchun imtiyozlar, grantlar, startap dasturlari va boshqa imkoniyatlar yaratiladi. Har yili 25-mayda hamjamiyat qurultoyi o‘tkazilib, unda taʼlim islohotlari, iqtidorli yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, chet el oliygohlari tajribasi kabi mavzularda muloqot yo‘lga qo‘yiladi.

Davlatimiz rahbari bu takliflarni maʼqullab, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashni tizimli yo‘lga qo‘yish zarurligini taʼkidladi.

Bugungi kunda “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali 750 nafar vatandoshimiz xorijda o‘qiyapti. Mutasaddilarga yoshlarimiz uchun bu imkoniyatlarni yana-da oshirish, jamg‘arma faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
 

Chop etish