Bugun AOKAda Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi brifinggi bo‘lib o‘tdi

15:23 - 6 Oktabr 2021 Yangiliklar
11520

Unda Agentlikning Davlat organlari va tashkilotlarida kadrlar ishini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Abbos Akramov davlat fuqarolik xizmatiga ochiq tanlovlar asosida ishga qabul qilishning tashkil etilishi jarayonlari haqida maʼlumot berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil etilib, uning oldiga yagona kadrlar siyosatini yuritish borasida bir qator vazifalar belgilab berilgan edi.

Mazkur Farmonda davlat fuqarolik xizmatiga kirishda barcha fuqarolarning teng imkoniyatlardan foydalanishini hamda davlat fuqarolik xizmatida professional sifatlar va alohida xizmatlar asosida ko‘tarilib borishni taʼminlaydigan nomzodlarni saralab olishning shaffof mexanizmlari shakllantirilmaganligi va Agentlikning oldida turgan eng muhim vazifalaridan biri sifatida ushbu shaffof tizimni yaratish ekanligi belgilandi.

Berilgan topshiriqlarning ijrosini taʼminlash, davlat fuqarolik xizmatiga kirishda inson omilini kamaytirish hamda barcha fuqarolarga teng imkoniyatlar yaratish maqsadida Agentlik tomonidan Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz ishlab chiqildi.

Ushbu portal davlat organlari va tashkilotlaridagi vakant lavozimlarni egallash uchun ochiq mustaqil tanlovlarni tashkil etish bo‘yicha yagona elektron tizim bo‘lib, Internet tarmog‘ida “bir darcha” tamoyili asosida faoliyat ko‘rsatadi.

Portaldagi davlat vakant lavozimlari to‘g‘risidagi maʼlumotlar avtomatik tarzda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan foydalangan holda saytga joylashtiriladi va nomzodlarning hujjatlarini qabul qilish faqat elektron tarzda amalga oshiriladi.

Vakant lavozimlar uchun ochiq mustaqil tanlovlar bir nechta bosqichdan iborat. Bular:

— har bir nomzodning vakant lavozim malaka talablariga mosligini o‘rganish;

— test orqali nomzodlarning bilim darajasini sinovdan o‘tkazish va psixoportretini yaratish;

— assesment shaklidagi suhbat bosqichlaridan iborat.

Mazkur tizimning ahamiyatli tomoni shundaki, tanlov bosqichlari bo‘yicha maʼlumotlar onlayn tarzda har bir nomzodning portaldagi shaxsiy kabinetiga yuboriladi, yaʼni har bir bosqich natijasi bo‘yicha nomzodlarga asoslangan javob beriladi.

Portal orqali joriy yilning 1 oktyabr holatiga, respublikaning 60 dan ortiq vazirlik va idoralari hamda barcha tuman (shahar) hokimliklardagi mavjud 13 827 ta vakant lavozimlar bo‘yicha tanlovlar eʼlon qilinib, ushbu vakant lavozimlarga jami 212 mingdan ziyod nomzod tomonidan tanlovda ishtirok etish uchun hujjat topshirilgan.

O‘tkazilgan tanlovlarni vazirlik va idoralar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, bugunga kunda eng ko‘p tanlovlar Davlat soliq qo‘mitasi tizimida 2 243 ta, Xalq taʼlimi vazirligi tizimida 1 915 ta va Moliya vazirligi tizimida 1 698 ta tanlovlar o‘tkazilgan.

Tuman va shahar hokimliklari tizimida – 850 ta vakant lavozimlarga ochiq tanlov eʼlon qilindi.

Tanlovlarni hududlar kesimidagi tahlillarga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 491 ta, Andijon viloyati 1 137 ta, Buxoro viloyatida 980 ta, Jizzax viloyatida 905 ta, Qashqadaryo viloyatida 876 ta, Navoiy viloyatida 1 242 ta, Namangan viloyatida 886 ta, Samarqand viloyatida 1 254 ta, Sirdaryo viloyatida 1 093 ta, Surxondaryo viloyatida 726 ta, Toshkent viloyatida 1 127 ta, Farg‘ona viloyatida 749 ta, Xorazm viloyatida 641 ta, Toshkent shahrida 670 ta hamda vazirlik va idoralarning markaziy apparatidagi 1 050 ta vakant o‘rin uchun tanlovlar o‘tkazilgan.

Yakuniga yetgan tanlovlar bo‘yicha 3 485 nafar (35 %) malakali nomzodlar davlat fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilindi.

Ushbu davlat xizmatiga qabul qilingan tanlov g‘oliblarining 969 nafari (29 %) - 30 yoshgacha bo‘lgan, shuningdek, 461 nafari (14 %) davlat xizmatiga birinchi marotaba qabul qilingan nomzodlarni tashkil etadi.

Portal faoliyati yo‘lga qo‘yilgandan buyon, 1 kunda o‘rtacha 15-20 nafar davlat fuqarolik xizmatchisi ochiq tanlov orqali ishga qabul qilinmoqda.

Shu bilan birga, ochiq tanlovlar jarayonlarining shaffofligini taʼminlash maqsadida fuqarolar, xususan tanlovlarda ishtirok etayotgan nomzodlar uchun qulayliklar yaratilmoqda.

Jumladan, bugungi kunda Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali orqali eʼlon qilinayotgan tanlovlarda ishtirok etayotgan nomzodlar tanlov jarayonida duch kelgan muammo yuzasidan Agentlikning ochiq tanlovlar bo‘yicha maxsus telefoni 71-239-34-76 yoki Telegram tarmog‘idagi maxsus vacancy_argos_bot orqali murojaat qilgan holda tezkor javob olishlari mumkin.

Barcha tanlovlarning test va suhbat bosqichlarini Internet tarmog‘i orqali real vaqt rejimida kuzatishni nazarda tutuvchi tartib joriy etilgan bo‘lib, jarayonlar Telegram tarmog‘idagi @vacancyonline kanaliga joylab borilmoqda.

Fuqarolar tomonidan berilgan eng ko‘p savollar savollar:

1-savol: Tanlov unda ishtirok etish uchun kamida bitta nomzoddan ariza kelib tushgan taqdirda o‘tkaziladimi?

Javob: Tanlovda ishtirok etish uchun bitta ariza kelib tushgan taqdirda, istisno tariqasida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti xuzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan kelishilgan holda tanlov komissiyasi rahbarining qarori bilan tanlov o‘tkazilishi mumkin.

2-savol: Tanlovni tashkil etish va o‘tkazishda komissiya tomonidan belgilangan talab va qoidalarga rioya etmaslik holatlari yuz berganda Agentlik qanday chora ko‘rishi mumkin?

Javob: Tanlovlarni tashkil etish va o‘tkazishda belgilangan qoidaga rioya etmaslik holatlari, shuningdek, tanlov komissiyasining xolis qaror qabul qilishiga taʼsir o‘tkazgan noqonuniy xatti-harakatlar aniqlangan taqdirda, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tanlov natijasini to‘liq yoki qisman bekor qilish huquqiga ega.

3-savol: Men Yoshlar ishlari agentligi tizimidagi 3 ta vakant lavozim uchun o‘tkazilayotgan ochiq tanlovlarga hujjatlarimni elektron shaklda yubordim. Shaxsiy kabinetimga har bir lavozim bo‘yicha test sinovlari o‘tkaziladigan kun haqida xabar keldi. Aytingchi bitta tashkilot tizimidagi 3 ta vakant o‘rin uchun 3 marotaba test topshirishim shartmi?

Javob: Amaldagi tartibga ko‘ra, Nomzodga bir vaqtning o‘zida bitta davlat organi va tashkilotining uchtadan ortiq bo‘lmagan vakant lavozimini egallash uchun tanlovda ishtirok etish huquqi berilgan, shuningdek, bir vaqtning o‘zida bitta tashkilotning bir nechta vakant lavozimini egallash uchun tanlovda ishtirok etayotgan nomzod tanlovning test sinovlari bosqichida faqat bir marta qatnashishi mumkin.

Chop etish