O‘zbekistonlik davlat xizmatchilari Turkiyada malaka oshirmoqda

11:41 - 21 Dekabr 2021 Yangiliklar
898

Avval xabar berganimizdek, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan bir guruh davlat xizmatchilarimiz Turkiyada malaka oshirmoqda. Dasturga muvofiq kecha delegatsiyamiz Turkiya Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Anqara hokimiyati va tuman hokimliklarida bo‘ldi.

Turkiya Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Taʼlim boshqarmasi binosida o‘zbekistonlik davlat xizmatchilari uchun Turkiyaning maʼmuriy tarkibi haqida taqdimot qilindi.Taʼlim boshqarmasida delegatsiyamizni Ichki ishlar vazirligi Taʼlim boshqarmasi boshlig‘i Xuseyn Chaqirtash kutib oldi. Rasmiy tanishuvdan keyin Taʼlim boshqarmasi shoʻba mudiri Usman Dugramaji tomonidan Turkiya jumhuriyatining davlat boshqaruv tizimi haqida taqdimot qilindi.

Taqdimotda Turkiyada sud, qonun chiqaruvchi va ijro hokimiyati haqida gapirib berildi. 2018-yildan boshlab Turkiyada davlat boshqaruv tizimi parlamentar tizimdan prezidentlik respublikasiga o‘tgan.

Hozirda hukumat va davlat rahbari Prezident bo‘lib, 17 ta vazirlik, 10 ta Prezident huzuridagi Kengashlar, 4 ta ofis orqali mamlakat boshqariladi. Mahalliy boshqaruv tizimi viloyatlar (il), shaharlar (buyuk shexer), tumanlar (ilcha) va mahallalardan tashkil topgan.

Bunda viloyatlar va shaharlar Vali (viloyat hokimi) orqali, tumanlar Kaymakam (tuman hokimi) orqali boshqariladi. Ushbu lavozimlarga nomzodlar Prezident tomonidan tayinlanadi hamda Ichki ishlar vazirligi tomonidan lavozimga tayyorlanadi va nazorat qilib boriladi.

Shuningdek, il va ilchalarda mahalliy vakillik organlari ham faoliyat yuritadi hamda Belediye deb nomlanadi. Belediye raisi saylanadi,uning faoliyati Majlis deb nomlangan hamda turli partiyalardan saylangan deputatlar tomonidan boshqariladi. Belediyeni vazifasiga tumandagi gaz, suv, elektr taʼminoti, yo‘l qurilishi, ijtimoiy obyektlar qurilishi, mahallalar bilan ishlash, yoshlar va xotin-qizlar siyosatini yurgizish, turizm masalalari bilan shug‘ullanish kabi keng vakolatlar kiradi.

Shu bilan birga taqdimotda Ichki ishlar vazirligi Taʼlim boshqarmasi tomonidan tuman hokimlarini tayyorlashning uch yillik dasturi haqida gapirib berildi va O‘zbekiston delegatsiyasiga taqdim qilindi.

Taqdimot so‘nggida delegatsiya aʼzolari tomonidan Turkiya boshqaruv tizimi haqida savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi uchun Anqara hokimiyatida Turkiyada viloyat hokimiyatlari vazifalari haqida taqdimot qilindi. Taqdimotni Anqara shahar valisi (hokimi) Vasip Shaxin hamda uning o‘rinbosari Bakir Yilmaz olib bordi.

Unda Anqara shahar hokimligi vazifalari, shahardagi 25 tuman hokimlari vazifalari, vakolatlari, tuzilmalari haqida maʼlumot berildi. Shundan so‘ng muloqot tashkil etilib, delegatsiyamiz aʼzolari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Anqara shahrining Oltindag‘ tumani kengashidagi uchrashuv ham maqsadli bo‘ldi. Unda tuman kengashi raisi Asim Balchi hamda rais o‘rinbosari Abduraxman Karabudak Oltindag‘ tuman kengashi (Belediyesi) tomonidan tumanda yoshlarni va xotin-qizlarni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, mahallalarda amalga oshirilgan ishlar, turizm bo‘yicha qilingan ishlar, tumanning bir yillik byudjeti hamda tuman kengashining tashkiliy tuzilmasi haqida gapirib berdi.

Shuningdek, taqdimotchilar tomonidan tumanda kichik tadbirkor va hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tildi.

Jarayon davom etmoqda.

Chop etish