9 mingdan ortiq mahallalardagi Yoshlar yetakchilarining malakasi oshirilmoqda
O‘quv masofaviy shaklda tashkil etildi. Avval xabar berganimizdek, Prezidentning "Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi va davlat fuqarolik xizmatida yangi tizim ishga tushdi.
Ushbu qaror bilan, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Davlat boshqaruvi akademiyasi va Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida Yetakchilar uchun yangi joriy etilayotgan tizimning tub mohiyati va samarali faoliyat ko‘rsatishini taʼminlash bo‘yicha o‘quv-seminarlarni tashkil etish belgilandi.
Ushbu band ijrosini taʼminlash maqsadida “Mahallalardagi yoshlar yetakchilari uchun yangi joriy etilayotgan tizimning tub mohiyati va samarali faoliyat ko‘rsatishini taʼminlash” mavzusida o‘quv-seminar (masofaviy) tashkil etildi.
Maqsad – yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etishni metodik jihatdan taʼminlash, yoshlar yetakchilarining tashkiliy-huquqiy bilimlarini oshirish orqali ularda yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish ko‘nikmalarini shakllantirish.
O‘quv-seminar ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Q.Kuranbayev, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari O.Xasanov, Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori A.Bekmurodov, Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Saʼdullayev, tegishli vazirlik, tashkilot va muassasalar masʼul xodimlari, mahallalardagi yoshlar yetakchilari, OAV vakillaridan iborat 10 ming nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi.
Belgilangan ishlar samaradorligini taʼminlash maqsadida o‘quv yo‘nalishlar kesimida tashkil etildi.
O‘quv-seminar davomida Yoshlar yetakchilariga:
— “Yoshlar balansi»ni shakllantirish, yoshlar to‘g‘risidagi zarur maʼlumotlarni «Yoshlar daftari» va «Yoshlar portali» elektron platformalariga kiritib borish, ular bilan samarali ish tashkil qilish;
— mahallalarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, milliy xalq o‘yinlari va sport turlarini yoshlar orasida ommalashtirish, Besh muhim tashabbus loyihalari, yoshlar festivallari va boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlarni amalga oshirish;
— yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, isteʼdodi va tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda hayotda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashish;
— yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda ularning intellektual jihatdan kamol topishini va maʼnaviy rivojlanishini taʼminlash;
— huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi bo‘lgan yoshlar bilan tizimli ishlash, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan, ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalaridan qaytib kelgan yoshlarning ijtimoiy-pedagogik reabilitatsiya qilinishi va moslashuviga ko‘maklashish kabi mavzularda maʼlumotlar berilmoqda.
O‘quv joriy yilning 28-yanvar kuniga qadar davom etadi.