Farg‘ona tajribasi: "Davlat xizmatchilari kutubxonada bir kun" 

10:43 - 8 Yanvar 2025 Yangiliklar
157

Ahmad Farg‘oniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida tashkil etilgan ushbu loyiha Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Farg‘ona filiali tashabbusi viloyat hokimligi hamda Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamkorligida tashkil etildi. Unda hududda faoliyat yuritayotgan turli idora va tashkilotlarning xodimlari ishtirok etdi. 

Loyiha davlat xizmatchilari o‘rtasida kasbiy malaka va ko‘nikmalarni doimiy ravishda rivojlantirib borish, kitobxonlikka jalb qilish, ular orasida mutolaa madaniyatini oshirish hamda axborot-kutubxona muassasalari bilan hamkorligini mustahkamlash maqsadida tashkil etildi. Loyiha doirasida dastlab davlat xizmatchilari kutubxonaga aʼzo bo‘lishdi, ularga kitob targ‘ibotining interfaol shakllari namoyish etildi.

Ochilish marosimida so‘z olganlar kitob mutolaasi, kitobxonlik har bir davlat xizmatchisi uchun muhim mezon bo‘lishini qayd etishdi. 

Tadbir doirasida “Muvaffaqiyatlar maktabi” mahorat darslari tashkil etildi. Shuningdek, soha mutaxassislari tomonidan treninglar o‘tkazildi. Ijod maktabi o‘quvchilari A.Avloniyning "Advokatlik osonmi?" dramasidan parcha namoyish etishdi.

Loyiha doirasida davlat xizmatchilarining bilim-ko‘nikmalarini aniqlash maqsadida “Zakovatli xodim” intellektual viktorina o‘yini o‘tkazildi. Muvaffaqiyatli ishtirok etgan davlat xizmatchilari rag‘batlantirildi. Ishtirokchilar kutubxona bo‘ylab sayohat qilishdi.

Maʼlumot uchun, loyiha yil davomida tashkil etiladi. 

Chop etish