Bugun islohotlarimizning xalq hayotida aks etishida har bir davlat xizmatchisining masʼuliyatini oshirish muhim
Davlat boshqaruvi akademiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar) hokimliklari Tashkiliy-kadrlar guruhi rahbarlari uchun tashkil etilgan maxsus o‘quv kursi davom etmoqda.
Bugun barcha sohalar kabi davlat boshqaruvi tizimini yangilash sohasida ham islohotlar izchillik bilan olib borilmoqda. Bu jarayon yangidan tarkib topayotgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy munosabatlarning mohiyatini anglab, kun talabiga javob beradigan yangi rahbar kadrlar tayyorlash tizimini shakllantirish bilan bog‘liq bo‘ldi. Ilk bosqichlarda boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va joy-joyiga qo‘yish sohasida salmoqli natijalarga erishildi va milliy mentalitetga mos tizim shakllantirilmoqda.
Biroq milliy tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, bugun davlat organlari va tashkilotlari malakali mutaxassislar bilan yetarli darajada taʼminlanmayotgani, kadrlar malakasi talab darajasida emasligi, ular tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar xalqchil emasligi bu sohadagi ishlarni yana-da jadallashtirishni taqazo etmoqda. Jumladan, xalqchil davlat xizmatini ko‘rsatishda tuman (shahar) hokimliklari Tashkiliy-kadrlar guruhi rahbarlarining o‘rni va roli katta. Ularning bilim va ko‘nikmasi davrga mos bo‘lishi, jadal o‘zgarib borayotgan shart-sharoitlar bilan bir maromda va hamohang, baʼzida esa davrdan o‘zib ketishini, takomillashib borishini taʼminlash muhim.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Davlat boshqaruvi akademiyasi tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar) hokimliklari Tashkiliy-kadrlar guruhi rahbarlarining nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirish hamda professional jihatdan yana-da rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida maxsus o‘quv kursi tashkil qilindi.
Bugun, o‘quvning ikkinchi kunida Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Xasanov ham ishtirok etib, kadrlar siyosati, davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish istiqbollari yuzasidan ishtirokchilar bilan ochiq muloqot qildi. Ularning oldida turgan qator muhim vazifalarga to‘xtaldi.
— Ikki bosqichda tashkil etilayotgan o‘quvda mamlakatimizda davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish istiqbollari, mahalliy hokimliklar Tashkiliy-kadrlar guruhlari faoliyatini samarali tashkil etishdagi dolzarb vazifalar, shuningdek, ishtirokchilarning nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini professional jihatdan yana-da rivojlantirishga qaratilgan treninglar tashkil etilmoqda, — dedi Agentlik Departament mudiri Botu Alimov. — Jumladan, 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi, rahbar axloqi va boshqaruv madaniyati, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha Yo‘l xaritasi tayyorlash, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasining mazmun-mohiyati kabi mavzularda professorlar, vazirlik, idoralarning amaliyotchi mutaxassislari tomonidan nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. Qolaversa, o‘quv kursi tinglovchilari dasturga asosan amaliy mashg‘ulotlar davomida Shayxontohur tumanidagi “Sarxumdon” MFY, Olmazor tumani 1-sektor shtabi faoliyati bilan tanishishi ham rejalashtirilgan.
Ikki bosqichli o‘quv kursida 200 nafardan ortiq Tashkiliy-kadrlar guruhi rahbarlari, jamoatchilik vakillari va OAV xodimlari ishtirok etmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, bugun islohotlar surʼati tez. Hudud va sohalarni rivojlantirish bo‘yicha belgilanayotgan marralar davlat xizmatining har bir yo‘nalishida ishlarni tashkil etishni yuqori salohiyatga ega kadrlarga tayanadi. Bugungi qo‘yilayotgan talabning o‘zi har bir sohada zamonaviy yondashuvni joriy etishni talab etmoqda. Ushbu o‘quv kursida davomida olingan nazariy va amaliy bilimlar esa kelgusida tuman (shahar) hokimliklari Tashkiliy-kadrlar guruhi rahbarlariga sohadagi islohotlarni to‘g‘ri tashkil etishga yaqindan yordam beradi.
Maʼlumot o‘rnida, maxsus o‘quv kursi yakunida o‘tilgan mavzular va sohaga oid test sinovi o‘tkaziladi hamda undan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchilarga maxsus Sertifikat topshiriladi.