Tuman (shahar) prokuratura, ichki ishlar va soliq organlari rahbarlari uchun seminar-trening tashkil etildi
So‘nggi yillarda mamlakatimizning barcha hududlarida yo‘lga qo‘yilgan sektorlar faoliyati davlat organlarini aholi bilan yana-da yaqinlashtirish, xalq bilan tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayni paytda aholining muammolarini joyida, tuman, viloyat va respublika darajasida hal etishni taʼminlashga qaratilgan yaxlit tizim yaratildi.
Hokimlik, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq xizmati organlari rahbarlari boshchilik qilayotgan sektorlar o‘z hududlarida barcha ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi muammolarni hal etishda boshqaruv qarorlarini qabul qilish, ish vaqtini samarali taqsimlash, mavjud resurslardan unumli foydalanish kabi ko‘nikmalarga ega bo‘lishi hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Sektor rahbarlarining sektorlar ishini tashkil etishdagi faoliyati samaradorligini yana-da rivojlantirish, ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi bilan hamkorlikda joriy yilning aprel oyi davomida seminar-trening tashkil qilindi.
To‘rt bosqichda o‘tkaziladigan mazkur o‘quv mashg‘ulotiga Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining lavozimga yangi tayinlangan tuman (shahar) sektor rahbarlari jalb qilingan bo‘lib, o‘quvda 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining asosiy yo‘nalishlari va maqsadlari, hududlarda sektorlar faoliyatini samarali tashkil etish chora tadbirlari, sektor rahbarlari faoliyati samaradorligini baholash ko‘rsatkichlari, natijalarni hisobga olish va baholashning asosiy mezonlari, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli bilan hamkorlikni tashkil etish kabi mavzularda 20 dan ortiq treninglar tashkil etilib, ishtirokchilarning nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalari professional jihatdan yana-da rivojlantiriladi.
Shuningdek, nazariya va amaliyot yaxlitligini taʼminlash uchun tinglovchilarga Toshkent shahrining Olmazor, Sergeli, Yangihayot tumanlarida amaliy mashg‘ulotlar tashkil etiladi.
Maxsus o‘quv kursining har bosqichi yakunlarida o‘tilgan mavzular va sohaga doir test sinovi o‘tkazildi va o‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan ishtirokchilar sertifikat bilan taqdirlanadi.