Farg‘ona viloyatida “Eng tashabbuskor sektor” nominatsiyasi g‘olib va sovrindorlari taqdirlandi
Mamlakatimizda hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash, turmush darajasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarga erishish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Hududlarni sektorlarga bo‘lib ishni tashkil etish tizimining joriy etilganligi xalq bilan manzilli muloqotning yo‘lga qo‘yilishiga imkon yaratdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan tajriba tariqasida hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyati samaradorligini baholash ishlari bir necha muhim indikatorlar asosida amalga oshirilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-avgustdagi “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyati samaradorligini baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan, baholash natijalariga ko‘ra tuman, shahar sektorlari o‘rtasida respublika darajasida — «eng namunali sektor» hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri darajasida — «eng tashabbuskor sektor» nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi va rag‘batlantirish belgilangan.
«Eng namunali sektor» va «eng tashabbuskor sektor»ni rag‘batlantirish — sektor rahbarining idoraviy bo‘ysunuviga qarab tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari hamda Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining byudjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Baholash quyidagi ustuvor yo‘nalishlar asosida amalga oshiriladi:
«Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» bilan ishlash natijadorligi;
«mahallabay» ishlash tizimining yuritilishi holati;
iqtisodiy rivojlanish va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish darajasi;
tadbirkorlikni rivojlantirish;
jinoyatchilikni kamaytirish va ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sog‘lomlashtirish;
murojaatlar bilan ishlash samaradorligi.
Respublikada kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, sohadagi muammolarni hal qilish yuzasidan 2021-yil yakunlari bo‘yicha sektorlar faoliyatini baholash natijalariga ko‘ra, “Eng tashabbuskor sektor” nominatsiyasi g‘olib va sovrindorlari taqdirlanmoqda.
Farg‘ona viloyati hokimligida tashkil etilgan tadbirda hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, sohadagi muammolarni hal qilish yuzasidan 2021-yil yakunlari bo‘yicha sektorlar faoliyatini baholash natijalariga ko‘ra Bag‘dod tumani 3-sektor rahbari, tuman IIB boshlig‘i J.Xasanov (1-o‘rin), Quvasoy shahar 4-sektor rahbari, shahar DSI boshlig‘i X.Urmanov (2-o‘rin), Bag‘dod tumani 2-sektor rahbari, tuman prokurori A.Xasanov (3-o‘rin) belgilangan miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, sohadagi muammolarni hal qilish yuzasidan 2021-yil yakunlari bo‘yicha sektorlar faoliyatini baholash natijalariga ko‘ra g‘olib deb topilgan sektor rahbarlarini taqdirlash tadbirlari davom etmoqda.