Faoliyat samaradorligini baholash tartibi takomillashtirilmoqda

11:53 - 13 Aprel 2022 Yangiliklar
903

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining muhim vazifalaridan biri bu eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (EMSK) asosida davlat xizmatchilari faoliyatining natijadorligini baholash tartibini belgilash hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning hudud rahbarlari faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha belgilagan vazifalarini bajarish maqsadida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan 2020-yilda sinov tariqasida Respublikaning 12 ta tuman (shahar)larida, 2021-yildan esa barcha tuman (shahar)larida tuman (shahar) hokimi o‘rinbosarlari faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (EMSK, KPI) asosida baholash tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Taʼkidlash lozimki, tegishli sohalarda izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlarga mos ravishda tuman (shahar) hokimi o‘rinbosarlari faoliyati samaradorligini baholash ko‘rsatkichlarini qayta ko‘rib chiqishga ehtiyoj sezmoqda.

Mazkur baholash ko‘rsatkichlarini takomillashtirish maqsadida Agentlik direktori o‘rinbosari N.Maksumov rahbarligida Davlat xizmatchilari faoliyatini monitoring qilish va baholash departamenti mudiri B.Mirusmanov, masʼul xodimlar B.Rustamov, O.Raximov, A.Dadaboyev va Sh.Tursunovlar, vazirlik va idoralarning masʼul xodimlari hamda Toshkent viloyati va Toshkent shahrining tuman (shahar)lar hokimining o‘rinbosarlari ishtirokida ZOOM platformasi orqali seminar va muhokama yig‘ilishlari tashkil etildi.

Xususan, joriy yilning mart-aprel oylarida Mirobod, Parkent va Toshkent tumani hokimliklarida masʼul rahbarlar va xodimlar ishtirokida tuman (shahar) hokimi o‘rinbosarlari faoliyati samaradorligining baholash ko‘rsatkichlari qayta ko‘rib chiqilib, amaldagi islohotlar nuqtayi nazaridan baholash o‘tkazildi.

Shuningdek, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Toshkent shahar filialida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi, Suv xo‘jaligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “O‘zbekchorvanasl”, Toshkent viloyati hokimligining masʼul xodimlari hamda Toshkent va Yangiyo‘l tumanlarining soha bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirokida qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash bo‘yicha yig‘ilishtashkil qilindi.

Mazkur yig‘ilishda Agentlik direktori o‘rinbosari N.Maksumov soha bo‘yicha o‘rinbosarlarini baholashda mantiqiy izchillik asosida yagona baholash mexanizmlarini takomillashtirishga alohida urg‘u berdi.

Vazirlik va idoralarning masʼul xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari va farmonlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, dasturlar va nazorat rejalarda berilgan vazifa va funksiyalarni hisobga olgan holda samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash bo‘yicha fikrlarini berib, ushbu bildirilgan fikr va mulohazalar asosida baholash ko‘rsatkichlari umumlashtirildi.

Xulosa o‘rnida, tuman (shahar) hokimi o‘rinbosarlari faoliyati samaradorligini baholashda ko‘rsatkichlar ishlab chiqishni mukammallashtirilishi kelgusida aholining iqtisodiy-ijtimoiy muammolarini samarali hal etishga xizmat qilishi bilan birgalikda, har bir davlat organlari va tashkilotlarining oldiga qo‘yilgan vazifa va funksiyalarni yuqori surʼatlarda bajarilishiga zamin yaratadi.

 

                                                                                                                                               Davlat xizmatchilari faoliyatini
                                                                                                                                   monitoring qilish va baholash departamenti

Chop etish