Davlat fuqarolik xizmatida psixologik baholash: 1 100 ta ko‘nikmalar pasporti va 8 350 ta psixologik portret shakllantirildi

06:23 - 16 May 2022 Yangiliklar
515

Keng qamrovli islohotlarni ijro etishda hamda ushbu yangiliklarni davlat xizmatchilari ongiga singdirishda psixologik masalalarning ahamiyati katta. Xorij tajribasiga ko‘ra, mamlakatlardagi islohotlarni xalq tomonidan qabul qilinishini, ijtimoiy qatlamlardagi psixologik muhitni bilishini, berilgan topshiriqlarni davlat xizmatchilari tomonidan qay darajada xayrixohlik bilan ijro etilishini yana-da chuqurlashtirish hamda yangi ruhiyat bag‘ishlash uchun davlat xizmatchilarini psixologik holatini bilish asosiy komponentlardan biri hisoblanadi.

Mazkur yo‘nalishda Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi ilg‘or xorijiy va mahalliy tajribani inobatga olgan holda davlat fuqarolik xizmati tizimini to‘laqonli psixologik va ijtimoiy tadqiqot xizmati bilan taʼminlashni rejalashtirmoqda. Bu borada Agentlik tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, davlat fuqarolik xizmatchilarining kompetensiyalarini baholashga oid xorijiy metodikalarni raqamlashtirish bo‘yicha ishlar olib borildi. Bunda, 4 ta test (Vanderlikning qisqa saralash, Gilfordning Sotsial intellektni tadqiq etish, Yershovning Rahbarning yo‘nalganlik turini aniqlash va Ravenning Progressiv matritsalar testlari) o‘zbek tiliga tarjima qilinib, adaptatsiya (moslashish) qilindi. Bugungi kunda mazkur testlar Agentlikning elektron portaliga integratsiya qilinmoqda.

Davlat fuqarolik xizmatchilarining psixologik portretini yaratish uchun xizmat qiladigan “Davlat xizmatchilarini sinovdan o‘tkazish moduli” (test.argos.uz) elektron axborot tizimi orqali davlat xizmatchilari tomonidan jami 130 ming martadan ziyod psixologik testlar topshirildi. O‘tkazilgan test natijalari asosida 1 100 ta ko‘nikmalar pasporti va 8 350 ta psixologik portret shakllantirildi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, bugungi kunda davlat xizmatchilarining kasbiy-psixologik tayyorgarligini aniqlash orqali mamlakatimizda xalq manfaatlari va fuqarolarning ehtiyojlarini birinchi o‘ringa qo‘yilishi, maʼmuriy-buyruqbozlik usullarini mutloqlashtirishdan voz kechish, boshqaruvning yangi, demokratik usullarini rahbarlik faoliyatiga tatbiq etish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Jasur Maxmudov,
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Psixologik baholash va ijtimoiy tadqiqotlar metodologiyasi boshqarmasi boshlig‘i

Chop etish