Mehnatni tashkil qilishning zamonaviy usullari joriy etiladi (Masofadan turib ishlash va moslashuvchan ish vaqti misolida)
So‘nggi yillarda jamiyatimizdagi ijtimoiy munosabatlarda “masofaviy ish”, “moslashuvchan ish usuli” kabi jumlalar tobora ko‘proq qo‘llanilmoqda. Albatta, bu axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi, onlayn munosabatlarning keng ommalashishi, mehnat munosabatlarini yangi shakllarda tashkil etish zarurati bilan chambarchas bog‘liq holda yuz bermoqda.
Binobarin, yurtimizda masofadan turib ishlash va moslashuvchan ish vaqti rejimlariga koronavirus pandemiyasidan so‘ng eʼtibor qaratila boshlandi. 2022-yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida moslashuvchan ish vaqti rejimi va masofadan turib ishlovchi xodimlarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari aks etdi.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, anʼanaviy ish usulidan farqli o‘laroq masofadan turib ishlash rejimi – davlat xizmatchilarining o‘z lavozim vazifalarini ish beruvchi joylashgan hududdan yoki obyektdan tashqarida internet tarmog‘idan foydalangan holda bajarishi mumkin bo‘lgan ishni tashkil etish usuli bo‘lsa, moslashuvchan ish vaqti rejimi – davlat xizmatchilarining ayrim toifalari uchun ish kunining boshlanishini, tugashini va umumiy davomiyligini muayyan doirada ularning o‘zi tartibga solishiga yo‘l qo‘yiladigan ish vaqtini tashkil etish usuli hisoblanadi.
Jahon amaliyotida masofaviy va moslashuvchan ish usullarining qo‘llanishi ancha oldin boshlangan. Xususan, AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, Avstriya, Belgiya, Irlandiya va boshqa bir qator xorijiy davlatlarda bugungi globallashuv davrida raqobatning keskinlashishi, xizmatlar ko‘rsatishning yangi shakllari rivojlanishi, ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi muvozanatni taʼminlashning zarurati mazkur ish usullaridan foydalanishga bo‘lgan talab oshib bormoqda.
Tajribadan maʼlum bo‘lishicha, masofadan turib ishlash va moslashuvchan ish rejimlari, ayniqsa, farzand parvarishi bilan band ayollar, imkoniyati cheklangan insonlar, qariyalar va bemor shaxslarga qarovchilar uchun qulay hisoblanadi.
Shuningdek, masofadan turib ishlash xodim uchun oilasiga va yaqinlariga ko‘proq vaqt ajrata olishi, bir vaqtning o‘zida bir qancha ish joylarida mehnat qilib, anʼanaviy usulda ishlovchi xodimga nisbatan ko‘proq maosh olishi, kasbiy kasalliklarga chalinish hollari anʼanaviy ish rejimida ishlovchilarnikiga nisbatan pastroq bo‘lishi, atrof-muhitning ish samaradorligiga ijobiy taʼsir ko‘rsatishi uchun shart-sharoit yaratsa, ish beruvchiga esa boshqa hududdagi malakali mutaxassislarni jalb etish, kommunal xarajatlarni kamaytirish kabi imkoniyatlarni beradi.
Shu o‘rinda masofadan turib mehnat faoliyatini yuritishning ish bilan shaxsiy hayot aralashishi oqibatida ish jarayoniga bo‘lgan nojiddiy munosabatning shakllanishi, xodimlarni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ularga kerakli bo‘lgan boshqa asbob-uskunalar bilan taʼminlab bera olmaslikning ish unumdorligiga salbiy taʼsir qilishi, masofadan turib ishlovchi xodimni to‘liq nazorat qilib bo‘lmasligi, ayrim hollarda ish beruvchi tomonidan xizmat doirasida berilgan topshiriqlarning kiberhujum uyushtirilishi natijasida tarqalib ketish xavfi borligi, baʼzi davlat fuqarolik xizmatchilariga masofadan ishlash majburiyatining yuklatilishi ularning oilaviy sharoitiga yoki psixologik holatiga salbiy taʼsir etishi, davlat organlarida xizmatchilarni masofadan turib ishlash rejimiga o‘tkazish tashkilotda shakllangan korporativ qadriyatlarning o‘zgarishiga olib kelishi kabi jihatlari ham mavjudligini aytib o‘tish kerak.
Bir qator rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasi yana shuni ko‘rsatadiki, ularda bu ish rejimlarini tartibga soluvchi hujjatlar (qonunlar, normativ-huquqiy hujjatlar, yo‘qriqnomalar, tavsiyanomalar, reglamentlar) ishlab chiqilgan bo‘lib, masofadan turib ishlash va moslashuvchan ish vaqti mehnatni tashkil etishda asosiy ish usullari sifatida qo‘llanish ko‘lami kengayib bormoqda.
Mamlakatimizning yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida moslashuvchan ish vaqti rejimi va masofadan turib ishlovchi xodimlarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari bayon etilgan bo‘lsada, davlat fuqarolik xizmati organlarida masofadan turib ishlash va moslashuvchan ish rejimini joriy etish bo‘yicha yagona uslubiyotning mavjud emasligi, davlat xizmatida aynan qanday vazifalarni bajaruvchi xizmatchilar masofadan turib ishlashga yoki moslashuvchan ish rejimiga o‘tkazilishi mumkinligi noaniqligi amaliyotda ayrim muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan ushbu yo‘nalishdagi muammolarni o‘rganish va ularning yechimiga qaratilgan takliflar ishlab chiqish borasida muayyan ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Xususan, Agentlik tomonidan davlat organlarida mehnatni tashkil qilishning muqobil usuli sifatida masofadan turib ishlash va moslashuvchan ish vaqti rejimini joriy etishga bo‘lgan munosabatni aniqlash maqsadida respublikamiz vazirlik va idoralarida faoliyat yuritayotgan jami 24 ming nafarga yaqin davlat fuqarolik xizmatchilari o‘rtasida onlayn so‘rovnoma o‘tkazildi. Natijada ishtirokchilarning 44 foizi masofadan turib ishlashga hamda 42 foizi moslashuvchan ish rejimiga o‘tishga ijobiy munosabat bildirdi.
Shuningdek, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan 2024-yilda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarida faoliyat olib borayotgan 87 nafar xotin-qizlar, shu jumladan, o‘n to‘rt yoshgacha farzandlari bo‘lgan onalar, homilador ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yoshga doir pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslarni yoki oilaning o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan bemor aʼzolarini parvarishlayotgan xodimlar uchun tajriba-sinov tariqasida moslashuvchan ish rejimi joriy etildi hamda bu jarayonni xolisona baholash uchun monitoring o‘tkazildi.
Tajriba-sinov davomida ish beruvchilar hamda xotin-qizlarning moslashuvchan ish rejimiga bo‘lgan munosabatlarini o‘rganish maqsadida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, ishtirokchi xotin-qizlarning 59 foizi moslashuvchan ish vaqti rejimida ishlashni davom ettirish istagi borligini va 22 foizi ushbu rejimda ishlash qoidalarini belgilab beruvchi qonunosti hujjati mavjud bo‘lmaganligi uchun ish beruvchilar bunday ish rejimida ishlashga hali tayyor emasligini bildirdi.
Shu bilan birga, monitoring davomida o‘tkazilgan so‘rovnomada ishtirok etgan xotin-qizlar moslashuvchan ish rejimida faoliyat yuritishi natijasida mehnat unumdorligi sezilarli darajada yaxshilanganligini, vaqtdan samarali foydalanish va vazifalarni to‘g‘ri taqsimlash ko‘nikmalari rivojlanganligini, ish va shaxsiy hayotdagi munosabatlari yaxshi tomonga o‘zgarganligini qayd etishgan.
Ish beruvchilar va tarkibiy bo‘linma rahbarlarining fikrlari o‘rganilganda, ular tomonidan moslashuvchan ish rejimi xotin-qizlarning ish faoliyatiga salbiy taʼsir ko‘rsatmaganligi, aksariyat hollarda faoliyat samaradorligi oshganligi taʼkidlangan.
Hozirga qadar Agentlik tomonidan masofadan turib ishlash va moslashuvchan ish usulini joriy qilish borasida o‘tkazilgan o‘rganishlar va tahlillar davlat organlarida davlat fuqarolik xizmatchilarining masofadan turib va moslashuvchan ish vaqti usullarida ishlash qoidalarini belgilab beruvchi meʼyoriy-huquqiy hujjatni qabul qilish zarurati borligini ko‘rsatdi.
Shu maʼnoda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston-2030 strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasining 2025-yilda ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ro‘yxatiga Davlat organlarida masofaviy ishni tashkil etish va moslashuvchan ish tizimini takomillashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini ishlab chiqish va tasdiqlash bo‘yicha taklifning kiritilishi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Mazkur qaror loyihasida masofadan turib amalga oshirishi mumkin bo‘lgan funksiyalar ro‘yxati, davlat organlarida davlat xizmatchilarining masofadan turib ishlash qoidalari, davlat organlarida lavozimlarning ayrim toifalari uchun ishbay ishlash tartibi va davlat organlarida davlat xizmatchilarining moslashuvchan ish vaqti rejimida ishlash qoidalari nazarda tutilishi belgilanganligi masofaviy va moslashuvchan ish tizimini joriy etishdagi mavjud muammolarga huquqiy yechim bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida taʼkidlash joizki, ushbu hujjatning qabul qilinishi davlat fuqarolik xizmatida qulay ish vaqtini belgilash, davlat fuqarolik xizmatchilari uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarning davlat fuqarolik xizmatidagi inklyuziv mehnat huquqlarini taʼminlashga xizmat qiladi.
Asomiddin Xalilov,
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi masʼul xodimi