Davlat xizmatchilari kompetensiyasini rivojlantirishning zamonaviy modeli shakllanmoqda: yangi tizim nimalarni vaʼda qiladi?
Xabaringiz bor, ayni kunlarda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili”da amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi va uni tasdiqlash to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni loyihalari ishlab chiqilib, keng jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilingan. Ushbu farmon loyihasining 81-maqsadida respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organlari, davlat ulushi mavjud tijorat banklari va xo‘jalik birlashmalarining rahbarlik lavozimlari uchun kompetensiya modelini hamda professional kompetensiyalarini baholash tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Zamonaviy ijtimoiy-iqtisodiy va texnologik o‘zgarishlar davlat xizmatchilari tayyorgarligi va rivojlanishida yangi yondashuvlarni joriy etishni talab etmoqda. Raqamli texnologiyalarning joriy etilishi va davlat boshqaruvi sohasidagi yangi chaqiriqlar sharoitida boshqaruv kompetensiyasini shakllantirish davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirishning muhim omiliga aylanmoqda. Xususan, katta maʼlumotlar (big data) va avtomatlashtirilgan tahlil tizimlari kabi innovatsion texnologiyalarni joriy etish kadrlar resurslarini optimallashtirish uchun yangi imkoniyatlarni yaratmoqda.
Zamonaviy chaqiriqlar – raqamli transformatsiya, globallashuv, raqobat kuchayishi va jamiyatning ortib borayotgan talablari – davlat xizmatchilaridan yuqori malaka, eʼtibor va tez o‘zgaruvchan sharoitlarga moslashish qobiliyatini talab etmoqda. Ko‘plab mamlakatlarda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida davlat apparati kadrlarini rivojlantirish eʼtirof etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi zamonaviy va samarali davlat boshqaruv tizimini yaratishga intilib, xalqaro tajribani faol joriy etmoqda va davlat xizmatchilarining kompetensiyasini rivojlantirishning o‘ziga xos modellarini ishlab chiqmoqda.
Bu jarayonda markaziy o‘rin kadrlar tayyorgarligini oshirish sifati, kompetensiyaga asoslangan yondashuvni joriy etish hamda yangi boshqaruv va kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan islohotlarga tegishlidir.
2022-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi vazirliklar, idoralar va hududiy boshqaruv organlari bilan hamkorlikda, xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda davlat fuqarolik xizmatchisining kompetensiya modelini ishlab chiqa boshladi.
Buning uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 40 dan ortiq maʼruzalari va ko‘rsatmalari matnlari, O‘zbekiston Respublikasining strategik rivojlanishiga oid meʼyoriy-huquqiy hujjatlar tahlil qilindi, shuningdek, kompetensiyalarni ishlab chiqish sohasida tajribaga ega bo‘lgan 14 xorijiy mamlakat va 5 xalqaro tashkilotning tajribasi o‘rganildi.
Mazkur kompetensiya modelini ishlab chiqishda anketalashtirish metodikasi qo‘llanildi. Yuqori va o‘rta bo‘g‘in rahbarlari, vazir o‘rinbosarlari, departamentlar, boshqarmalar va bo‘limlar rahbarlari orasida 350 dan ortiq rahbarlardan anketalar olindi. Shuningdek, viloyatlar hokimlari o‘rinbosarlari va 50 dan ortiq tuman(shahar) hokimlari bilan intervyu o‘tkazildi.
Tahlil natijalari asosida davlat fuqarolik xizmatchilarining samarali faoliyatini taʼminlash uchun zarur bo‘lgan 10 ta muhim kompetensiyadan iborat model ishlab chiqildi. Ular quyidagilardan iborat:
Liderlik - jamoani ruhlantirish, yo‘naltirish va qo‘llab-quvvatlash qobiliyati, umumiy maqsadlarga erishish uchun hamkorlik qilish;
Natijaga yo‘naltirilganlik - maqsadga erishish yo‘lida aniq natijani tushunish, unga intilgan holda muvaffaqiyatga erishish uchun qiyinchiliklarni yengib o‘tish qobiliyati;
Strategik fikrlash - vaziyatni baholash, nozik jihatlarni sezish, maʼlumotlarni tahlil qilish, standart bo‘lmagan yechimlarni topish va xulosa chiqarish qobiliyati;
Maqsadlarni belgilash - aniq maqsadlarni belgilash va tushunish, ularga erishish uchun aniq rejalarni ishlab chiqish qobiliyati;
Muammolarni hal qilish - qiyinchiliklarga samarali yechim topish, noaniq sharoitlarda ham maqsadlarga erishish qobiliyati;
O‘zgarishlarni boshqarish - yangi sharoitlar, texnologiyalar, jarayonlar yoki tuzilmalarga moslashish qobiliyati;
Qarorlar qabul qilish - maqsadlar, cheklovlar, xavf-xatarlar va ziddiyatli nuqtayi nazarlarni hisobga olgan holda o‘z vaqtida to‘g‘ri qaror qabul qilish qobiliyati;
O‘z-o‘zini rivojlantirish - bilim, ko‘nikma, shaxsiy fazilatlar va dunyoqarashni faol va maqsadli ravishda rivojlantirish qobiliyati;
Tashabbuskorlik - masʼuliyatni o‘z zimmasiga olish, g‘oyalarni taklif qilish va maqsadlarga erishish uchun amaliy qadamlarni tashlash qobiliyati;
Qatʼiyatlik - ishonch bilan va qatʼiyat bilan harakat qilish, ehtimoliy muammolar va xavflarni oldindan ko‘ra bilish qobiliyati.
***
2024-yil 4-oktyabrdagi 629-sonli Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Rahbar kadrlarni baholash markazi tashkil etildi. Uning asosiy maqsadi – zamonaviy texnologiyalar asosida rahbar kadrlarning faoliyati, bilimi va ko‘nikmalarini baholash, natijalarni tahlil qilish va boshqarish imkoniyatlarini yaratishdir etib belgilandi.
Bu markaz quyidagi tadbirlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda:
- davlat fuqarolik xizmatchilari uchun faoliyat yo‘nalishlari va lavozimlar iyerarxiyasiga qarab, kompetensiya modellarini ishlab chiqish, ushbu modellar doirasida samaradorlikning asosiy ko‘rsatkichlarini belgilash;
- ishlab chiqilgan kompetensiya modeli asosida davlat fuqarolik xizmatchilarini baholash uchun kompleks shaxsiy-kasbiy diagnostika o‘tkazish;
- kompetensiyalarni baholash natijalari asosida davlat fuqarolik xizmatchilari shaxsiy-kasbiy rivojlanishining individual trayektoriyalarini ishlab chiqish;
- kompetensiyalarni baholashning yangi usullarini yaratish va joriy etish, baholashga doimiy ravishda zamonaviy yondashuvlarni yangilash va amaliyotga joriy etish;
- davlat xizmatiga nomzodlarni baholash, kasbiy bilimlar, qadriyatlar va intellektual salohiyatni test sinovlari orqali baholash, shuningdek, rahbarlik lavozimlariga nomzodlar uchun psixologik so‘rovlar tashkil etish
- kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarni monitoring qilish va prognozlash, kadrlarga ehtiyojni oldindan aniqlash hamda xodimlarni tanlash va tayinlash jarayonlarini boshqarish.
Shaxsiy xususiyatlar, yaʼni insonning maʼlum bir faoliyat turini samarali amalga oshirishiga taʼsir etuvchi xususiyatlari davlat xizmatida muhim ahamiyat kasb etadi. Davlat xizmatchisining bilim va ko‘nikmalari qanchalik yuqori bo‘lsa, ushbu tizim shunchalik samarali bo‘ladi.
Shunday ekan, davlat xizmatini rivojlantirish uchun, avvalo, davlat xizmatchilarini rivojlantirish zarur. Buning uchun ularning kasbiy malakasini muntazam ravishda oshirish talab etiladi.
Reformalarning hozirgi bosqichida yangi professional davlat xizmatchilar korpusini shakllantirish, ularning malakasini oshirish, faoliyatining sifati va samaradorligini yana-da yaxshilash davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunining 12-moddasiga ko‘ra, davlat xizmatchilari o‘z kasbiy kompetensiyasini muntazam oshirishi shart. Yaʼni, davlat xizmatchisi o‘z tashkilot vakolatlarini to‘g‘ri va samarali amalga oshirish uchun zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi lozim.
2021-yildan 2024-yilgacha 415 dan ortiq o‘quv kurslari va treninglar tashkil etildi, ularda 166 mingdan ziyod davlat xizmatchilari ishtirok etdi.
2024-yil davomida Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan 1 166 nafar nomzod, Perspektiv kadrlar zaxirasiga kiritilgan 494 nafar nomzod, vazirlik va idoralarning markaziy apparatlarida ishlayotgan 807 nafar tuzilma rahbarlari, o‘rta va quyi bo‘g‘inning 1 644 nafar rahbarlari, kadrlar bilan ishlash uchun masʼul bo‘lgan 363 nafar tuzilma rahbarlari, Xalq qabulxonalari tizimida ishlaydigan 464 nafar rahbarlar, tuman va shahar hokimliklarida faoliyat yuritayotgan 1 343 nafar mutaxassislar, hududiy hokimlik sektorlari bo‘yicha yaqinda tayinlangan 52 nafar rahbarlar va xalqaro reyting hamda indekslar bo‘yicha masʼul 51 nafar vazirlik va idora xodimlari kompetensiyaviy yoshdashuvga asoslangan malakasini oshirish kurslarini o‘tdilar.
Shuningdek, maxsus tayyorlov dasturlari, jumladan, "Ayol rahbarlar maktabi", "Hokimlar tayyorlov maktabi", "Mahalla yettiligi" dasturlari ham amalga oshirilmoqda. Ushbu dasturlar davlat xizmatchilarining professionalizmi va kompetensiyasini oshirishga qaratilgan.
Alohida taʼkidlash joizki, ishlab chiqilgan kompetensiya modeli davlat xizmatchilari malakasini oshirish kurslari uchun o‘quv dasturlarini ishlab chiqishda asosiy yo‘nalish sifatida xizmat qildi. Ushbu o‘quv kurslari kompetensiyalar strukturasiga muvofiq bo‘lib, davlat xizmatchilari uchun muhim bo‘lgan asosiy ko‘nikmalar, shu jumladan, yetakchilik kompetensiyalariga alohida urg‘u beradi.
Bugungi kunda siyosiy, iqtisodiy, madaniy, maʼrifiy va mafkuraviy jarayonlarning tez surʼatlarda o‘zgarib borishi hech bir mamlakatning boshqalardan alohida holda rivojlana olmasligini yaqqol ko‘rsatmoqda.
Shu munosabat bilan har qanday davlat barcha sohalarda taraqqiyotga erishish uchun boshqa davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga intiladi.
O‘zbekistonda ham xalqaro hamkorlik asosida davlat fuqarolik xizmati sifati oshirishga qaratilgan loyihalar quyidagi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda:
BMT Taraqqiyot Dasturi (PROON)ning “Davlat xizmatlarini takomillashtirish va O‘zbekiston qishloq hududlarida boshqaruv darajasini oshirish” loyihasi;
GIZ tashkilotining “Mos davlat boshqaruvi” loyihasi, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari samaradorligini oshirishga qaratilgan;
USAID tashkilotining “O‘zbekistonda mahalliy davlat boshqaruvini rivojlantirish” loyihasi.
Bundan tashqari, xalqaro dasturlar doirasida Germaniya Federativ Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Turkiya Respublikasi, Koreya Respublikasi kabi davlatlarda muntazam ravishda xorijiy stajirovkalar tashkil etilib kelinmoqda.
Davlat fuqarolik xizmatchilarining boshqaruv kompetensiyalarini shakllantirish jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalari faol joriy etilmoqda.
Xususan, davlat fuqarolik xizmatchilari uchun masofaviy malaka oshirish kurslari ishlab chiqilib, joriy etildi. Bu kurslar quyidagilarni o‘z ichiga oladi: «Davlat xizmatiga kirish», «Davlat fuqarolik xizmatchisining etikasi» va «Iqtisodiy bilimlarning asoslari». So‘nggi olti oy davomida ushbu kurslarni 7 441 nafar davlat xizmatchisi muvaffaqiyatli tamomlab, o‘z kompetensiyalarini oshirdi va tegishli sertifikatlarga ega bo‘ldi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda davlat xizmatchilari kompetensiyasini rivojlantirishning samarali modelini joriy etish davlat boshqaruvi tizimida islohotlarni yana-da takomillashtirishga zamin yaratadi va, eng avvalo, davlat xizmati sifati oshishini taʼminlaydi.
Sarvar Saidov,
Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Psixologik baholash va ijtimoiy tadqiqotlar metodologiyasi boshqarmasi bosh inspektori