Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda Adliya vazirligi masʼullari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi

17:37 - 17 May 2022 Yangiliklar
544

Matbuot anjumani Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, shu jumladan “Davlat boshqaruvi organlarining hududiy masalalarni hal qilishdagi masʼuliyati va javobgarligini kuchaytirish hamda ularning strategik yo‘nalishlarini rejalashtirishga qaratilgan yangi tizim yaratish” borasida masʼullar oldiga qo‘yilgan vazifalar ijrosiga bag‘ishlandi.

Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining birinchi yo‘nalishida belgilab berilgan vazifalarning hayotimizga tatbiq etilishi  yurtimizda istiqomat qilayotgan har bir fuqaroning, butun xalqning farovonligini taʼminlashga xizmat qiladigan “Yangi O‘zbekiston – xalqchil va insonparvar davlat” g‘oyasini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilib, “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyil to‘laqonli ro‘yobga chiqariladi.

Jumladan, boshqaruv idoralarining hududiy masalalarni hal qilishdagi masʼuliyat va javobgarligi kuchaytirilishi islohotlarning aholi turmush tarziga taʼsirini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Bunda yil boshidan har bir vazirlik o‘z ishini tuman, shahar, qishloq va mahalla kesimida rejalashtiradi hamda tashkil etadi.

Vazirlar va ularning o‘rinbosarlari faoliyatiga joylarda amalda qanday o‘zgarish bo‘lganiga qarab baho berilishi mezoni amalga oshiriladi.  Davlat boshqaruvi tizimini isloh qilishdagi bunday tizimli va xolis yondashuv birinchidan, davlat xizmatchilarining ish faoliyatlarini tashkil etishdagi masʼuliyatini oshirsa, ikkinchi tomondan, fuqarolarning davlat organlariga nisbatan ishonchini mustahkamlaydi.

2023-yil 1-fevraldan jamoatchilik nazoratining yangi institutlari joriy qilinishi belgilanmoqda.

Shunga ko‘ra, 2022 – 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Demokratik islohotlarni amalga oshirishda davlat organlarining masʼuliyatini yana-da oshirish, shuningdek, ochiqlik, shaffoflik va jamoatchilik nazorati mexanizmlarini kengaytirish va samarali ro‘yobga chiqarish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni loyihasi ishlab chiqildi.

Mazkur manfaatdor vazirlik va idoralar bilan ishlab chiqilgan Farmon loyihasiga ko‘ra, davlat boshqaruvi organlarining hududiy masalalarni hal qilishdagi masʼuliyati va javobgarligini kuchaytirish hamda ularning strategik yo‘nalishlarini rejalashtirishga qaratilgan mutlaqo yangi tizim barpo etish maqsad qilingan.

Davlat organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning ijro etilishi jarayonini jamoatchilik tomonidan kuzatib borish imkoniyatini beruvchi yangi platforma ishga tushiriladi.

Jumladan, farmon loyihasi bilan quyidagi masalalarni hal etish nazarda tutilgan:

davlat organlari hamda tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini, axborot olish erkinligini taʼminlash orqali jamoatchilik nazoratini takomillashtirish;

davlat organlarining bir (yarim) yillik ish dasturi va hududlar (tuman, shahar, qishloq va mahalla) kesimida o‘z tuzilmalarining faoliyati bo‘yicha dasturini jamoatchilik ishtirokida ishlab chiqish va ularni eʼlon qilib borish;

davlat boshqaruvi organlari yillik ish dasturini jamoatchilik ishtirokida ishlab chiqish, ularning ijro holatini doimiy eʼlon qilib borish;

qabul qilinayotgan qarorlarning ijro etilishi jarayonini kuzatib borish hamda har bir tarmoq va hudud bo‘yicha qabul qilingan dasturlar ijrosi yuzasidan rahbarlarning hisobot berish tizimini yo‘lga qo‘yish beligilanmoqda.

Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar ro‘yxatidagi maʼlumotlar 6 ta yangi pozitsiya bilan to‘ldirilmoqda, bular qatorida:

davlat mulkini sotishda o‘tkazilgan tender savdolari, yirik investitsiya loyihalari bo‘yicha xalqaro tenderlar, ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulot ishlab chiqarishni tashkillashtiradigan tender savdolari, davlat xaridlari elektron tizimining elektron tender savdolari platformasi barcha xaridlar, shuningdek to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazilgan boshqa tenderlar (tanlovlar, kontraktlar) bo‘yicha maʼlumotlar;

Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tuman (shahar) hokimliklari o‘zlarining turli umumxalq bayramlarini tashkil etish va ularni o‘tkazish uchun pul mablag‘larini ajratish bo‘yicha qaror, farmoyish, buyruq yoki boshqa rasmiy hujjatlari bo‘yicha maʼlumotlar va boshqalar.

2023-yil 1-yanvardan boshlab davlat tomonidan, shu jumladan vazirlik va idoralar tomonidan har qanday tanlovlar (konkurslar, olimpiadalar)ni o‘tkazish maqsadida inson omilini istisno qiluvchi va jamoatchilik ishtirokini nazarda tutuvchi “Shaffof tanlov” yagona elektron platformasini yaratiladi.

Xulosa qilib aytganda, joylarda davlat organlarining  ish faoliyatini tashkil etishdagi masʼuliyati va javobgarligini kuchaytirish, ularning vazifa va funksiyalarini aniqlashtirish, ochiqlik va shaffoflik mezonlarini ustuvor tamoyilga aylantirish islohotlar samaradorligini taʼminlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.


 

Chop etish