Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi masʼul vakili O‘zbekistonning BAAdagi Elchisi bilan uchrashdi

08:59 - 26 May 2022 Yangiliklar
500

Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i Davron Abdurashidov BAAga xizmat safari doirasida O‘zbekistonning mamlakatdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Abdulaziz Aqqulov bilan uchrashdi.

Uchrashuvda davlat xizmatini rivojlantirish bo‘yicha BAA tajribasini o‘rganish, tegishli turdosh tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Muloqot avvalida Elchi A.Aqqulov ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni kuchaytirish muhimligini taʼkidladi. Xususan, BAA hukumati ko‘magida amalga oshirilayotgan O‘zbekiston Respublikasida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish Dasturining imkoniyatlari, ayni paytda Dasturning ikkinchi bosqichini amalga oshirish uchun takliflar ko‘rib chiqilayotganligini qayd etdi. Shu bilan birga, mazkur Dasturda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi ishtirokini kengaytirish, BAA bilan davlat xizmatini rivojlantirish sohasida hamkorlikni faollashtirish maqsadga muvofiqligini aytib o‘tdi.

Shuningdek, uchrashuv davomida D.Abdurashidov Agentlik faoliyati haqida to‘xtalib, davlat xizmatchilari (hokim, hokim o‘rinbosarlari, mahalladagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, davlat organlari va tashkilotlari kadrlar bo‘linmalari vakillari, ayol davlat xizmatchilari, “Kelajak liderlari” maxsus o‘quv dasturi tinglovchilari) uchun qisqa muddatli malaka oshirish dasturlarini tashkil qilish taklifini bildirdi. Bu borada Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Elchixona bilan hamkorlikni rejalashtirayotganini maʼlum qildi.

Uchrashuv yakunida BAAning tegishli tashkilotlari bilan aloqalarni faollashtirish, mamlakat hukumati ko‘magida amalga oshirilayotgan O‘zbekistonda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish Dasturida Agentlik ishtirokini kengaytirish, davlat xizmatchilari uchun qisqa muddatli stajirovkalarni tashkil qilish masalalarida kelishildi.

Chop etish