Agentlik xodimlari uchun Davlat boshqaruvi akademiyasida qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etildi
Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Xodimlar bilan ishlash boshqarmasi tashabbusi bilan Akademiya va uning hududiy filiallarida 60 soatga mo‘ljallangan o‘quv kursi tashkil etildi. Unda Agentlikning Markaziy apparati va uning hududiy filiallari xodimlari maxsus dastur asosida malaka oshirmoqda.
O‘quv — tizimda eʼlon qilingan "Xodimlarni rivojlantirish oyligi" doirasida tashkil qilindi.
O‘quv dasturiga muvofiq, tinglovchilar uchun:
Yangi O‘zbekistonning 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi: maqsad va kutilayotgan natijalar;
o‘zgarishlarni boshqarish: amalga oshirish mexanizmlari va rahbarning roli;
O‘zbekistonda kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmatida amalga oshirilayotgan islohotlar;
davlat xizmatida “halollik vaksinasi” tamoyilini joriy etish mexanizmlari;
mahalliy boshqaruvning tashkiliy-huquqiy asoslari, zamonaviy menejment usullari(boshqaruvning innovatsion usullari);
hududiy dasturlarni shakllantirish va ijrosini taʼminlash;
hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini yana-da takomillashtirish, “mahallabay” ishlash tizimini tashkil etishda davlat tashkilotlari va idoralarining o‘rni;
mahalliy boshqaruvning tashkiliy-huquqiy asoslari;
davlat boshqaruvining raqamli transformatsiyasi (“Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasi) hamda rahbar kadrlarning kompetensiyalari kabi mavzular yuzasidan mashg‘ulotlar Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan olib borilmoqda.
Shuningdek, tinglovchilarda boshqaruv ko‘nikmalari va qarorlar qabul qilish(asosiy boshqaruv ko‘nikmalari tavsifi va qaror qabul qilish texnikasi), vaqtni boshqarish (maqsad qo‘yish, ustuvorliklarni belgilash, rejalashtirish, vakolatlarni uzatish), liderlik va jamoani shakllantirish(liderlik sifatlari, o‘zini-o‘zi tahlil qilish va baholash, jamoani maqsad sari yetaklash) hamda muloqot samaradorligi (kommunikativ kompetentlik, nizolarni hal qilish, muzokara olib borish ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha trening mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.
Malaka oshirish kursi davomida olingan bilimlar davlat fuqarolik xizmatchilarida yangi kompetensiyalarni shakllanishi, shaxsiy rivojlanishi va faoliyati samaradorligini oshishiga xizmat qiladi.