"Y" va "Z" avlod, ulardan qanday qilib samarali foydalanish mumkin?
Tadqiqotlarga ko‘ra, keyingi 10 yil ichida "Y" va "Z" avlodlari har qanday tashkilotning asosiy ishchi kuchiga aylanadi. Ularning salohiyatidan samarali foydalanish uchun ushbu avlodlar to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘lish har bir HR-menejerga yordam beradi.
"Y" va "Z" avlodlar vakillarini boshqarish oson emas, ularda takabburlik, ish uchun qiziqishning tez so‘nishi holatlari bo‘ladi.
Tabiiyki, bunda ular bilan qanday hamkorlik qilish kerak, degan savol kishini o‘ylantiradi. "Y" va "Z" (zumer va milleniallar) avlodidan samarali foydalanish uchun boshqaruvning qaysi usullaridan foydalanish maqsadga muvofiq?
Birinchi navbatda, “avlod” tushunchasiga javob topamiz. “Avlod” so‘zi arab tilidagi “valad” (“bola” so‘zining ko‘pligi) so‘zidan olingan bo‘lib, birinchi maʼnosi — umumiy ajdodlaridan qarindoshlik munosabatlari bilan bir xilda uzoqlashgan kishilar guruhi bo‘lsa, ikkinchi maʼnosi — maʼlum davr kishilari, yaʼni maʼlum bir tarixiy davrda tug‘ilgan bir guruh odamlardir.
Biz aynan ikkinchi maʼnodagi avlodni nazarda tutib, tahlilni amalga oshiramiz. Odatda, avlodlar har 20 yilda bir marta almashtirilib, bu odamlarga bir xil o‘sish bosqichida o‘xshash tendensiyalar taʼsir ko‘rsatganligi sababli ular o‘xshash xatti-harakatlar, eʼtiqodlar va motivlarga ega.
Shu bilan birga, avlodlar nazariyasi bu odamga tug‘ilishidan to 10 yoshgacha bo‘lgan davrda shakllangan qadriyatlar va odatiy xatti-harakatlar hisoblanadi.
Ushbu davrda bolaga quyidagi to‘rtta omil taʼsir qiladi:
- mamlakat tarixidagi katta voqealar, masalan, jahon urushi;
- bolaga ota-onalar va maktab tomonidan berilgan tarbiya;
- OAV siyosati, matbuotda, radio va televideniyedagi xabarlar;
- Defitsit (bolalikda bolaga yetishmagan narsa). Masalan, hozirda bolalarda jonli aloqa yo‘qligi avlod uchun juda muhim faktor bo‘ladi.
Yuqoridagi to‘rt omil har bir avlodga o‘z taʼsirini ko‘rsatib boradi. Shunisi eʼtiborliki, jamiyatda ko‘p narsa o‘zgarishi mumkin. Ammo avlodning shakllangan qarashlari o‘zgarmasdan bir xil bo‘lib qolmoqda.
Shunday qilib, odamlarni maʼlum bir avlodga mansubligini aniqlashda quyidagi bir nechta omillarga rioya qilish kerak:
- bir xil tarixiy voqealar va ijtimoiy hodisalarga duch kelishadi;
- umumiy qadriyatlar, eʼtiqodlar va xatti-harakatlarga ega;
- o‘z avlodi vakillari bilan bir guruhga tegishli bo‘lishini his etishi.
"X", "Y", "Z" avlodlari nazariyasi nimani anglatadi?
Avlodlar nazariyasi tarix, siyosatshunoslik, madaniyatshunoslik, iqtisodiyot va texnologiya tarixi kabi beshta fanlarga asoslangan. Ushbu nazariyani Uilyam Shtrauss va Neil Xov yaratgan. Ular o‘tkazgan tadqiqotning asosiy maqsadi avlodning dunyoqarashiga qanday tajriba taʼsir qilganini aniqlash bo‘lgan.
Mazkur nazariya AQSHning 500-yillik rivojlanish tarixini tahlil qilishga asoslangan bo‘lib, u AQSH iqtisodiyotidagi sikllar bilan bog‘liq bo‘lgan: ko‘tarilish, tushishlar, retsessiya va h.q. Ularning nazariyasi bo‘yicha jamiyat doimo o‘zgarib turadi, yangi texnologiyalar, kasblar va sohalar paydo bo‘lib hattoki yo‘qoladi, ammo tarixiy sikllar saqlanadi va kelajakda saqlanib ham qoladi.
1991-yilda Shtrauss va Xov birinchi “Avlodlar” kitobini nashr etib, unda AQSH tarixi 1584-yildan buyon turli avlodlarning tarjimayi holi sifatida tasvirlangan. 1997-yilda olimlar yana bir “to‘rtinchi burilish” kitobini nashr etgan va unda mualliflar nazariyani ishlab chiqishni davom etib, to‘rt qismli avlod siklini, shuningdek, AQSH tarixidagi takroriy xatti-harakatlarni tasvirlagan.
"Avlod" nazariyasi dastlab Amerika tarixi asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, keyinchalik boshqa mamlakatlarda ham keng qo‘llanilgan. Biroq, har bir davlatning o‘ziga xos rivojlanishidan kelib chiqib, xronologik intervallar ham farq qiladi.
Hozirgi davrda respublikamizda quyidagi beshta oxirgi avlodni ajratish mumkin:
1. 1923-yildan 1943-yilgacha tug‘ilganlar — “kamgap” avlod. Ular Ikkinchi jahon urushi oldidan tug‘ilib, uning barcha dahshatlarini boshdan kechirdilar va ularning oilalari qatag‘onlardan aziyat chekkanlar. Ular “kamgap” deb ataladi, chunki ular ortiqcha gapirish va jamiyatda o‘zlarini nazorat qilishdan qo‘rqishadi. Bu avlod qonun va maqomni hurmat qiladi va judayam mehnatsevar bo‘ladi.
2. 1944-yildan 1963-yilgacha tug‘ilganlar — Bebi Bumer. Bebi Bumer bugungi kunda eng katta avlod hisoblanib, ular uchun katta rejalar va yutuqlar muhimdir. Ularning fikricha, har qanday mahsulot global fikrga ega bo‘lishi kerak hamda ular optimistik kayfiyatni va yorqin kelajakka bo‘lgan ishonchni judayam qadrlaydi.
3. 1964-yildan 1984-yilgacha tug‘ilganlar — 13 - avlod, "X" avlodi. Ushbu avlod vakillari noyob bo‘lishni yaxshi ko‘radi, chunki ular bolaligida juda ko‘p narsalarni ko‘rgan va endi boshqalardan farqli bo‘lishi ular uchun juda muhimdir. "X" avlodi professionallik va chuqur bilimlarni qadrlashadi.
4. 1985-yildan 2002-yilgacha tug‘ilganlar — "Y" yoki milleniallar. Ular bir ming yillikdan ikkinchisiga o‘tganlar bo‘lib, global tarmoq avlodi yoki keyingi (Next) avlod hisoblanadi. Bu avlod vakillari uchun o‘z mamlakatini va dunyoni yaxshiroq qilish muhim hamda ular yangilik va ijobiy munosabatni qadrlashadi. Millenniallar global qadriyatlarga va o‘z-o‘zini bilishga katta eʼtibor berishadi.
5. 2003-yildan 2024-yilgacha tug‘ilganlar — "Z" yoki xoumlenderlar. Ular uchun eng yuqori qadr-qimmat — bu uy. Zumerlar uchun har qanday tezis fan tomonidan tasdiqlanishi lozim. Ular hamma narsada xavfsizlik va qulaylikni ustun qo‘yishadi va buning uchun pul to‘lashga ham tayyor. Ushbu avlod vakillarida hali barcha avlodga xos xususiyatlari aniqlamagan. Faqatgina 2024-yildan keyin ularning shakllanganligi to‘g‘risida fikr yuritish mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi.
Shuni taʼkidlash lozimki, har bir avlod uchun vaqt chegaralari mavjud, ammo oldingi va keyingi avlodlarga taʼsir qiladigan chegara avlodlar ham bor.
X avlodi, 1965-1980-yillarda tug‘ilganlarning afzal va kuchli tomonlari:
— barcha avlodlar ichida eng ko‘p sonli;
— har qanday vaziyatga yaxshi moslashadi;
— turli auditoriya bilan muvaffaqiyatli muloqotga kirishadi;
— barcha avlodlar ichida eng mustaqil;
— masʼuliyatli;
— asossiz maqtovni yoqtirmaydi va o‘zlari ham faqat ayrim hollarda maqtashadi;
— ko‘p yillar davomida lavozimdan lavozimga xotirjam ko‘tarilishadi;
— ular lavozimda ko‘tarilishda ham, shaxsiy hayotda ham rivojlanishga, o‘z ustida ishlashga intilishadi;
— ular uchun muvaffaqiyat bu – oila, uy, mashina va barqaror ish joyi.
"X" avlodi vakillari bilan ishlashda quyidagilarga eʼtibor berilsa, ulardan samarali foydalanish mumkin:
"X" avlod vakillari mukammal tashkilotchi, mustaqil va avtonom bo‘lganligi sababli ularni cheklash yoki har bir qadam uchun hisobot berishga majburlash kerak emas. Bunday harakatlar ko‘p hollarda ularning motivatsiyasi yo‘qolishiga olib kelishi mumkin.
Ular qiyinchiliklarni yengishni yoqtirishadi, shuningdek, moslashuvchanlik (adaptatsiya) darajasi yuqori bo‘lganligi sababli og‘ir sharoitlarda yaxshi ishlashadi. "X" avlodi hayot sinovlariga har doim tayyor. Ushbu avlod vakillariga yangi loyihani noldan oxirigacha ishonchli tarzda topshirish mumkin.
Hayot va ish o‘rtasidagi muvozanat muhim bo‘lganligi sababli, ularga iloji boricha moslashuvchan ish jadvali sharoitini yaratib bergan yaxshi.
"X" avlodi uchun bajargan ishlarini baholash ham zarur, chunki ular kasbiy rivojlanishga katta ahamiyat beradi. "X" xodimi uchun o‘z rahbari bilan yaxshi munosabatda bo‘lish ham muhimdir.
"X" avlod uchun lavozim pog‘onalarida o‘sish birinchi o‘rinda hisoblanadi va agarda o‘sish uchun imkoniyatlarni ko‘rmasa kompaniyani tark etishlari mumkin.
Bu avlod ishlagan joyiga ish sifatini, qatʼiy intizom va o‘zgarishlarga moslashish (adaptivlik) kabi xususiyatlarni olib kelishi mumkin. Ular milleniallar uchun yaxshi murabbiylar bo‘ladi.
Y avlodi, 1985-2003-yillarda tug‘ilganlarning o‘ziga xos xususiyatlari:
— mustaqil hayotni boshlashga shoshilmasligi;
— ishdan tashqari o‘qish, sport, sevimli mashg‘ulotlariga (xobbi) ko‘p vaqt ajratishi;
— ishda psixologik qulaylikka (komfort) intilishi;
— yuqori texnik (kompyuter) savodxonlikka ega;
— yuqori lavozimlarga va yuqori maosh olishga harakat qilishadi;
— biron bir to‘siq, chegaralarni qo‘yilishini yoqtirishmaydi;
— “yomon kun” uchun pul qoldirmasligi;
— katta muvaffaqiyatga olib keladigan g‘oya uchun ishlashi mumkin;
— onlayn 24/7;
— o‘z sog‘lig‘iga eʼtibor beradi;
— mehnatkash va nostandart fikrlashga ega.
Ushbu avlod vakillari bilan ishlashda nimalarga ahamiyat berish kerak?
Ular uchun aniq maqsad va lavozimda ko‘tarilish imkoniyati juda muhim omil hisoblanadi. Ular uchun yangi marralarni qo‘yib, erishgan yutuqlari tashkilotning ravnaqi va farovonligi uchun qanchalik qadrli ekanini taʼkidlab o‘tish lozim.
"Y" xodimlarining nafaqat kasbiy mahoratlari, balki ichki motivatsiyasi va shaxsiy fazilatlarini baholab borish kerak.
Jamoaviy va guruh loyihalarida ulardan foydalanish o‘z samarasini beradi. Aynan shu kabi faoliyatda "Y" avlodi vakillari o‘z salohiyatini ochishga yordam beradi va ular o‘zlarini qulay his qilishadi.
"Z" avlodi yoki zumerlar, 2004-2024-yillarda tug‘ilganlar
Mazkur avlod vakillarining o‘ziga xos xususiyatlari hali shakllanmagan bo‘lsada, asosiy belgilarini taʼkidlash mumkin:
— o‘z uyini qadrlaydi;
— telefon yoki kompyuterga judayam bog‘liqligi;
— moddiy qadriyatlar muhim o‘rin egallamagan;
— tejamkor;
— o‘ziga yoqadigan ishni qidirishadi;
— ko‘p o‘qiydi, tillarni o‘rganadi, ular uchun ko‘p sohalarda rivojlangan bo‘lish muhim;
— hamma joyda va hamma narsada tenglik va kamsitish yo‘qligiga ishonishi;
— judayam optimist;
— ular uchun iloji yo‘q narsa mavjud emas hamda ular judayam shijoatli v yuqori marralarni egallashga katta eʼtibor berishadi;
— ular uchun o‘z-o‘zini anglash muhim;
— har doim aloqada.
"Z" avlod bilan qanday ishlash kerak?
Ular noyob mahsulotlarni yaratishga qiziqishadi va innovatsion imkoniyatlarni beradigan tashkilotlarda ishlaydi. Har doim aloqada bo‘lish va masofadan ishlash imkoniyati mavjud bo‘lganda, ofisda o‘tirib ishlash zarurati yo‘q, deb hisoblashadi.
"Z" avlod vakillari yoshligidan lavozim pog‘onasida o‘sish yo‘lini (karyera) tanlashni biladi. Ular atrofida mavjud bo‘lgan ko‘plab zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanadi(veb-seminarlar, YouTube, podkastlar). Karyeradagi rivojlanishi ularning hayotida muhim rol o‘ynaydi, biroq bunga sabab pul emas, balki shaxsiy rivojlanishdir. Shaxsiy brendni rivojlantirish imkoniyati mavjudligi va boshqalardan ajralib turishi, lekin o‘zligini yo‘qotmaslik ular uchun katta ahamiyatga ega. Aksariyat "Z" vakillari o‘zlarini unikal startap loyihalarini ishlab chiqishga intiladi.
"Z" avlodi vakillari har kuni kamida 10 soat onlayn bo‘lib, har doim aloqada bo‘lishni yaxshi ko‘radi. Ular uchun ijtimoiy tarmoqlar orqali nafaqat do‘stlar bilan, balki butun dunyo bilan aloqani his etish juda muhimdir.
Avlodlar chegaralari judayam shartli hisoblanadi. Hech qanday kalit buralganligi sababli yangi avlod odamlari tug‘ila boshlamaydi, ushbu jarayon asta-sekin sodir bo‘ladi.
Yuqorida ko‘rib chiqilgan xususiyatlar — avlodlar nazariyasiga tayanib qilingan fikr va mulohazalar. Mazkur nazariyani huddi boshqa nazariyalarga kabi o‘zini tarafdorlari va raqiblari ham bor. Ushbu avlodlar nazariyasidan HR, marketing va menejmentda keng tarqalgan va amaliyotda qo‘llaniladi.
Xulosa qilib aytganda, har bir avlod o‘zi ishlagan tashkilotiga noyob unikal qarashni va o‘ziga xos xususiyatlarni taklif qilishi mumkin. Tashkilotda turli yoshdagi xodimlarning mavjudligi uning oldiga qo‘ygan vazifalarini bajarishda va innovatsiyalar uchun katta samara olib keladi. Uch avlodning birgalikda ishlashi esa har bir tashkilotga muvaffaqiyat olib keladi.
Muxsina Xusanova,
Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bosh inspektori