Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi delegatsiyasining Malayziyaga xizmat safari boshlandi
Maqsad — davlat xizmatiga oid Malayziyaning ilg‘or tajribasini o‘rganish.
Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashabbusi va Tashqi ishlar vazirligi hamkorligida davlat xizmatiga oid ilg‘or tajribani o‘rganish maqsadida Agentlik vakillarining Malayziyaga xizmat safari tashkil qilindi.
Dasturga muvofiq, Davlat boshqaruvi milliy instituti (INTAN), PEMANDU Associates xususiy konsalting kompaniyasi, Malayya universiteti huzuridagi Xalqaro davlat siyosati va menejmenti instituti (INPUMA) hamda Malayziya Davlat xizmatlari komissiyasida uchrashuvlar o‘tkazilishi belgilangan.
Shuningdek, xizmat safari davomida:
Malayziyada davlat xizmati transformatsiyasi, davlat xizmatini raqamlashtirish tashabbuslarini o‘rganish;
davlat xizmatchilarini tayyorlash va malakasini oshirish tizimi, davlat xizmatchilarining yangi avlodini shakllantirish va yosh kadrlarni saralab olish mexanizmi bo‘yicha tajriba orttirish;
davlat xizmatchilarini psixologik baholash metodikalari va assessment markazlari faoliyati bilan tanishish;
davlat xizmatchilarining mehnat samaradorligini baholash mexanizmlari, faoliyat natijadorligini boshqarish, eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) bo‘yicha fikr almashish va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etish rejalashtirilgan.
Xizmat safarining birinchi kunida Agentlik vakillari Davlat boshqaruvi milliy instituti (INTAN) hamda PEMANDU Associates xususiy konsalting kompaniyasida bo‘lishdi. Ushbu tuzilmalar faoliyati bilan yaqindan tanishildi.
Xizmat safari 31-iyulga qadar davom etadi. Jarayonlar haqida maʼlumot berib boramiz.