“PEMANDU”: Malayziya samaradorlikni boshqarish tizimi qanday muvafaqqiyat qozondi?
Zamonaviy davlat har bir sohada qo‘yilgan maqsadga erishishni xohlaydi va unga yetishish yo‘llarini izlaydi. Bu yo‘lda maqsadni belgilash eng muhimdek ko‘rinsada, unga erishishga olib boradigan jarayonlarni to‘g‘ri boshqarish undan kam bo‘lmagan ahamiyat kasb etadi.
![](https://argos.uz/media/news/photo_2022-06-27_17-23-07_rySj0Uu.jpg)
Ushbu maqolada aynan Malayziyaning maqsadlarga erishish bo‘yicha samaradorlikni boshqarish tizimi – “PEMANDU” haqida so‘z yuritamiz. Zero, xalqaro darajada Jahon banki bu tajribani namuna o‘laroq, muvafaqqiyatli “markazdan yo‘naltirilgan samaradorlikni boshqarish” tizimi deya tariflagan.
“PEMANDU” tizimi qay tarzda vujudga kelgan?
2009-yilga kelib, hukumat tomonidan Malayziyada 1991-yilda boshlangan davlat dasturlari ijrosi o‘z natijasini yaxshi bermaganligi va mamlakat tub islohotlarga muhtoj ekanligi maʼlum qilinadi. Bunda, Malayziyada yuzaga kelgan asosiy uchta muammo qayd etiladi:
birinchidan, iqtisodiy rivojlanishda yalpi ichki mahsulot (YAIM) o‘sishi pasayganlik, xususan, “o‘rta darajadagi daromad qopqoni”ga tushganlik holati;
ikkinchidan, fiskal defitsit 6.6 foizga yetganligi;
uchinchidan, davlat qarzi YAIMga nisbatan har yili 12 foizga oshayotganligi.
Shu bilan birga, davlatdagi iqtisodiyot diversifikatsiyasi, taʼlim tizimi, ijtimoiy infratuzilma, jinoyatchilik darajasi, korrupsiya va h.k. bo‘yicha islohotlar har yili markaziy hamda hududiy dasturlarda aks etsa-da, ularning ijrosi sust, samaradorligi juda past darajada qolayotgan edi.
Mazkur muammolarni hal etishga bo‘lgan intilish davlatni masalaga boshqacha yondashuv bilan qarashga majbur etdi. Malayziya Hukumati 2009-yilda ikkita bir biriga bog‘langan – Hukumat transformatsiyasi hamda Iqtisodiyotni transformatsiya qilish dasturlarini qabul qilishga erishdi. Ushbu davlat dasturlarida qo‘yilgan maqsad va vazifalarga erishish, uning ijro etilishi hamda tatbiq etilishida samaradorlikni boshqarish bo‘yicha Bosh vazir huzurida masʼul idora – “PEMANDU” tashkil etiladi1.
Maʼlumot o‘rnida:
Hukumat transformatsiyasi dasturi 7 ta yo‘nalish – 1) yashash xarajatlarini maqbullashtirish; 2) jinoyatchilikni kamaytirish; 3) korrupsiyaga qarshi kurash; 4) talabalar daromadini oshirish; 5) kam taʼminlangan oilalar yashash sharoitlarini yaxshilash; 6) qishloq xo‘jaligini rivojlantirish; 7) shahar jamoatchilik transportini rivojlantirish;
Iqtisodiyotni transformatsiya qilish dasturi 12 ta yo‘nalish – 1) neft, gaz va energiya; 2) palma yog‘i va qalay; 3) moliyaviy xizmatlar; 4) turizm;
5) biznes xizmatlari; 6) savdo-sotiq, shuningdek ulgurji savdo; 7) taʼlim;
8) sog‘liqni saqlash; 9) AKT va uning infratuzilmasi; 10) elektronika
va elektrotexnika; 11) qishloq xo‘jaligi; 12) Katta Kuala-Lumpur va Klang vodiysi loyihasi.
“PEMANDU” ning asosiy maqsadi yuqorida qayd etilgan davlat dasturlari yo‘nalishlari doirasida:
- barcha ijro hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
- uslubiy rahbarlik qilish va metodik taʼminlash, eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (EMSK, KPI)ni aniqlash hamda ularni joriy etish;
- butun ijro tizimi bo‘ylab monitoring olib borish;
- maqsadlarga erishish bo‘yicha chora-tadbirlar nazorati ishlarini amalga oshirish.
“PEMANDU” tizimi qanday ishlaydi?
“PEMANDU” to‘g‘ridan-to‘g‘ri Bosh vazirga hisobdor, 135 ta xodimga ega. Asosiy maqsadlar bilan belgilangan yo‘nalishlarda davlat dasturlari ijrosini muvofiqlashtirish maqsadida turli vazirlik va idoralar xodimlaridan iborat “labaratoriya”lar tashkil qiladi. Unda faoliyat “Katta tezkor natijalar” (Big Fast Results) – transformatsiyaning 8 ta qadamdan iborat bo‘lgan metodologiyasi asosida olib boriladi2.
Labaratoriyada erishilishi lozim bo‘lgan EMSK ishlab chiqilib, ular asosida davlat dasturlari uchun boshlang‘ich darajadagi loyihalar (Entry Point Projects) tayyorlanadi.
Samaradorlik boshqaruvi davlat dasturlaridagi EMSK erishilishini tahlil qilish hamda ularning natijalarini baholash orqali amalga oshiriladi. “PEMANDU” davlat dasturlari bo‘yicha idoralararo uchrashuvlarni boshqaruvi ofisida yoki “labaratoriya”larda uyushtirish huquqiga ega. Labaratoriyalarda ishlab chiqilgan yoki o‘zgartirilgan EMSK Milliy islohotlar davlat dasturi yoki Iqtisodiy islohotlar dasturiga o‘zgartirish kiritish imkoniyatini beradi.
Bunda, xodimlar 6-9 hafta davomida to‘liq ish kuni bilan labaratoriyadagi ishchi guruhga jalb etiladi. Muammolarni aniqlash asosidagi o‘zgartish yoki qo‘shimchalar kiritish “70/30 qoidasi” bilan amalga oshiriladi, yaʼni 30 % boshlang‘ich rejani o‘zgarishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Agarda labaratoriyada ko‘tarilgan muammolar yoki takliflar quyi darajada vazirlik va idoralar bilan hal bo‘lmasa, “PEMANDU” direktori bevosita Bosh vazirga (Malayziyada davlat rahbari hisoblanadi) chiqish vakolati mavjud.
Rivojlanayotgan davlatlarda keng tarqalgan muammolardan biri, maʼlumki, qabul qilingan qarorlar yoki dasturlarning ijro etilmay qolishidir. Malayziyadagi holat bundan istisno emas. Shu sababli, davlat dasturlaridagi har bir bandning ijrosi doimiy monitoring qilinadi. Quyidagi jadvalda dastur monitoringi davriyligi keltirilmoqda.
Yangi tizim asosida hukumat o‘z oldiga qo‘ygan bir qancha maqsadlarga erisha oldi. Masalan, 2015-yilga kelib Malayziyaning yalpi milliy mahsuloti (YAMM) aholi jon boshiga hisoblanganda Jahon bankining yuqori daromad chizig‘i – 12,476 AQSH dollariga yaqinlashib qolgan edi. Fiskal defitsit 3,1% tushdi, xususiy sektor 2 baravardan ko‘proqqa o‘sib, YAIMning 60%ni tashkil eta boshladi, shuningdek, 2,26 mln ish o‘rni yaratildi va 2,9 mln fuqaro kambag‘allikdan chiqarib olindi (maʼlumot uchun, Malayziya aholisi 2022-yilda 33 mln kishidan ortiq) va h.k.
Bu kabi maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish ortida sabablar mavjud bo‘ladi, albatta. Bular asosiy tizimni harakatga keltiradigan birlamchi omillar bo‘lishi yoki davlat idoralari kesimida hal etilgan ikkilamchi holatlar bo‘lishi mumkin. Biroq, birlamchi omillar muhimroq, chunki ular barcha manfaatdor tomonlarni bir kuch sifatida harakat qilishga va belgilangan marraga intilishga undaydi.
Xo‘sh, “PEMANDU” tizimi muvaffaqiyatining asosiy sabablari nimalarda ko‘rinadi?
Birinchidan, siyosiy iroda asosida hukumat aniq maqsadlarni belgilash va erishilishi zarur bo‘lgan yo‘nalishlarni ustuvor o‘ringa qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.
Ikkinchidan, hukumat darajasida idoraviy, subyektiv manfaatlar hamda byurokratik to‘siqlarga samarali kurashildi.
Masalan, davlat dasturidagi har bir yo‘nalish tamomila ishlab chiqilishi uchun masʼul vazirlik va idoralardan xodimlarning labaratoriyalarga jalb etilishi amaliyoti joriy etildi. Natijada vertikal hamda gorizontal menejment hamkorligi, umumiy masʼuliyat hissi vujudga keldi.
Uchinchidan, “PEMANDU” davlat dasturlaridagi EMSK ijrosi monitoringi va baholashini markazlashtirilgan tartibda, har hafta davomida olib bordi. Agarda mummolar quyi yoki o‘rta darajada hal bo‘lmasa, Bosh vazirga bevosita murojaat etish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Shu bilan birga, davlat dasturlari bo‘yicha ishlab chiqilgan EMSK “zanjir uslubi”da eng yuqoridagi hukumatdan tortib, eng quyidagi tuman yoki shaharlardagi hokimliklargacha tushib boradi. Yaʼni, har bir maqsadli ko‘rsatkich tepadan pastga bog‘langan, agar quyi tizim bajarmasa vazirlik yoki idoraning natijasi chiqmaydi yoki hukumatga qo‘yilgan vazifa ham bajarilmay qoladi. Mana shu jarayonda yuqorida qayd etilgan monitoring jarayoni belgilangan vazifalarni oxiriga yetkazib bajarishga xizmat qila oldi.
To‘rtinchidan, “PEMANDU” xususiy sektordan isteʼdodli mutaxassislarni jalb qildi. Bu davlat sektorini xususiy sektorning natijaga yo‘naltirilgan, tezlik va innovatsiyalarga qaratilgan madaniyati bilan taʼminlash imkonini yaratdi.
Beshinchidan, jamoatchilik ishtiroki yaxshi samara berdi, yaʼni “PEMANDU” EMSK natijalarini chop etish, yillik amalga oshirilgan ishlar, hisobotlarni OAV orqali jamoatchilikka yetkazishning uddasidan chiqdi.
Shohruh Nuraliyev,
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi
masʼul xodimi