Davlat fuqarolik xizmati samaradorligini oshirishda BAA bilan hamkorlik qilinadi
Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Birlashgan Arab Amirliklaridagi hamkor tashkilotlar – Bosh vazir ofisi hamda Davlat inson resurslari federal idorasi (FAHR) bilan birgalikda 2023-2024-yillarga mo‘ljallangan hamkorlikdagi tadbirlar rejasi muhokama qilindi.
Xususan, davlat xizmatchilarining salohiyatini oshirish yo‘nalishida yuqori lavozimdagi davlat xizmatchilari (vazir va vazir o‘rinbosarlari), hokim va hokim o‘rinbosarlari, mahalladagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, rahbar kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlar, davlat organlari va tashkilotlari kadrlar bo‘linmalari rahbar-xodimlari hamda boshqa davlat xizmatchilari uchun onlayn va oflayn o‘quv dasturlari, BAAda malaka oshirish, stajirovkalarni tashkil qilish imkoniyatlari o‘rganildi.
Davlat xizmatini rivojlantirish yo‘nalishida BAAning yuqori malakali ekspertlari bilan hamkorlik qilish, tadqiqot va tahlil metodikalarini ishlab chiqish, davlat xizmatida BPR, raqamlashtirish, KPI, inson resurslarini boshqarish bo‘yicha tajriba almashish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv davomida tomonlar yana qator masalalarda kelishib olishdi.