"Mahalladan-respublikagacha": “Kelajak liderlari” dasturi doirasida navbatdagi malaka oshirish kursi boshlandi
Joriy yilning 4-avgust kuni Davlatimiz rahbari raisligida davlat xizmatini isloh qilish va boshqaruvda natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Yig‘ilishda “mahalladan-respublikagacha” tamoyili asosida mahallada faoliyat yuritgan kadrlarni rahbarlik lavozimlariga tayyorlab borish va tavsiya etish ko‘rsatmasi berilgan edi.
Shu maqsadda “Kelajak liderlari” maxsus malaka oshirish dasturi doirasida hokim yordamchilari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari hamda ushbu yo‘nalishlarni muvofiqlashtiruvchi lavozimlarda faoliyat olib borayotgan kadrlar ichidan 50 nafari saralab olindi va bugun ular uchun malaka oshirish kursi boshlandi.
Davlat boshqaruvi akademiyasida tashkil etilgan maxsus dastur nazariy, stajirovka-dublyorlik, mahallada amaliyot kabi bosqichlar asosida shakllantirildi.
Shuningdek, tinglovchilar nafaqat tajribali professor-o‘qituvchilardan bilim oladi, balki 14 ta hududdagi mavjud muammolarning yechimini birgalikda topadi, to‘plagan tajribalarini o‘zaro almashadi.
Malaka oshirish kursining ochilish marosimida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda Davlat boshqaruvi akademiyasi rahbariyati ishtirok etib, tinglovchilarga o‘quv kursining maqsad va vazifalarini tushuntirdi. Dastur ishida muvaffaqiyat tiladi.
Malaka oshirish kursi joriy yilning 17-dekabrga qadar davom etadi.